Tojikiston Qozog‘istonga mintaqada energiya ko‘prigi rolini gardaniga olishni taklif qilib, o‘z elektr energiyasini shimoliy yo‘nalishda eksport qilinishiga ko‘mak berishini so‘ramoqda. Agar bu g‘oya amalga oshsa, Qozog‘iston Markaziy Osiyoning bosh energetik habiga aylanishi mumkin, deb yozadi «Yevraziya Ekspert».

 

Rad etish qiyin bo‘lgan takliflar

12 iyun kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida tashkillashtirilgan «EKSPO-2017» xalqaro ko‘rgazmasi mobaynida Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Usmonali Usmonzoda sobiq ittifoq davrida O‘rta Osiyo hududida O‘zbekiston tomonidan bajarib kelingan rol — mintaqaviy energiya habi bo‘lishni Qozog‘istonga taklif etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya–Qozog‘iston–Markaziy Osiyo yagona bozorini tashkil etish Qozog‘istonning qo‘lidan keladi va Tojikiston unda baland tog‘laridagi gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan arzon elektr energiyasini sota oladi.

«Istaklarimizdan biri shuki, KEGOC (Qozog‘iston yagona energetik tizimi operatori) ulkan imkoniyatlarini ishga solib, Rossiya–Qozog‘iston–Markaziy Osiyo yagona bozoriga asos solsa, — deya vazirning «EKSPO-2017» mediamarkazida qilgan chiqishidan iqtibos keltiradi «Qazaqparat» axborot agentligi. — Biz bu bozorda ishlab, mintaqada mavjud resurslardan maksimal darajada samarali foydalanishimiz mumkin. Masalan, sizlarga yozgi oylarda ko‘mir yoqib elektr energiyasi ishlab chiqarishning nima keragi bor, qachonki Tojikiston gidroresurslarining ortiqchasidan foydalanish mumkin bo‘lganda? Biz Qozog‘iston energetiklari tashabbusni o‘z zimmasiga olib, mintaqaviy bozor shakllantirishini istaymiz».

Yozgi davrda Tojikiston juda ko‘p miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqaradi va uning hammasini ham sota olmaydi. «EKSPO-2017»da Tojikiston ekspozitsiyasi direktori Odil Sangovning bergan ma'lumotiga ko‘ra, respublikaning har yili sotilmay qolgan elektr energiyasidan yo‘qotishlari 250 mln. AQSh dollarini tashkil etmoqda.

Boz ustiga, respublikada elektr energiyasi ishlab chiqarish salohiyati 527 mlrd. kVt*soatni tashkil etadi va uning bor-yo‘g‘i 4–5 foizigina o‘zlashtirilgan.

«Bir kilovattning tannarxi 2 sentni tashkil etadi, — dedi Odil Sangov, — Biz elektr energiyasi ishlab chiqarishda qattiq yoqilg‘i, gaz va ko‘mirdan foydalanayotgan Markaziy Osiyoga energiyani mamnuniyat bilan berardik. Yoqilg‘ida iqtisod qilib, arzon va ekologik toza energiyadan foydalanish mumkin».