Gap boshqa, ish boshqa: O‘qituvchi va shifokorlar majburiy mehnatga jalb qilinmoqda!
Men shu yil 27 iyun kuni O‘zbekiston televideniyesi orqali, «Madaniyat va ma'rifat» kanalining «Ochiq studiya» ko‘rsatuvida o‘qituvchilar ko‘cha tozalash ishlariga, paxta yaganasi va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlariga, paxta terishga, kottejlarning qurilishiga safarbar etilayotgani to‘g‘risida gapirgan edim. (Shu ko‘rsatuvdan keyin ishdan chetlashtirildim). Bu mavzu turli ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilindi. Hatto O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a'zolari bilan televideniyeda bo‘lgan uchrashuv chog‘ida ham shu masala ko‘tarildi.
«O‘zbekistonda o‘qituvchilarning obodonchilik va dala ishlariga majburiy jalb etilishi to‘g‘rimi? Senatorlar va qonunchilik bunga qanday munosabat bildiradi?» degan savolga Senatning agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari javob berdi:
− Respublikamizning turli hududlarida deputatlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarning birortasida biror o‘qituvchi «Bugun biz ko‘cha tozalayapmiz», degan shikoyat bilan chiqqani yo‘q. Ular biz bilan uchrashuvlarda majburiy mehnat haqida og‘iz ochayotgani yo‘q va bunday holat kuzatilmagan.
− Nafaqat o‘qituvchilar, shifokorlar, bog‘cha tarbiyachilari ham ko‘cha tozalagani chiqyapti. Buni o‘zimiz ham ko‘ryapmiz-ku? – dedi jurnalist Barchinoy Jo‘rayeva.
Svetlana Artikova masalaga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi:
− Masalaning boshqa tomoni ham bor. Siz bilan biz yashaydigan yerning yuzini siz bilan biz tozalamasak, tashqaridan kelgan odam tozalab beradimi?
Bugun qo‘limga tasodifan bir hujjat tushib qoldi, mutloqo tasodifan.
Unda Samarqand shahrida bo‘layotgan obodonchilik ishlari, xususan, tramvay yo‘li qurilishi va yo‘l kengaytirilishi tufayli Shohi Zinda va Ro‘dakiy ko‘chalarida buzilayotgan uylarni buzish, tekislash ishlariga qaysi tashkilotlar odam yuborishi aniq qilib, belgilab berilgan. Hujjatni Samarqand shahar hokimi imzolagan.
Hujjatni sinchiklab o‘qib chiqing: uy buzishga qaysi maktablar, qaysi litsey va kollejlar, qaysi shifoxonalar jalb etilmoqda? Shahar shifoxonasining har bir bo‘limiga bittadan uy biriktirilganiga e'tibor bering.
Eng qizig‘i, tugatilib ketgan tashkilot — «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati shahar bo‘limiga ham bir uy biriktirilgan!
To‘g‘ri, ro‘yxat avvalida hokimiyat bo‘limlari ham ko‘rsatilgan, ammo ular kuvalda ko‘tarib, uy buzishga borishlariga negadir mening aqlim ishonmaydi!
Endi hujjat ilovasiga e'tiboringizni qarating, uni so‘zma-so‘z keltiraman:
Samarqand shahar hokimligi tomonidan biriktirilgan mas'ul xodimlar zimmasida bo‘lgan talablar:
- 10 kun muddat mobaynida biriktirilgan uyni buzib, bo‘sh yer maydonini ochib berish;
- Har bir mas'ul rahbar har kuni kamida 20 nafar ishchi xodimini buzish ishlariga jalb qilish;
- Ishchi-xodimlar o‘zlari bilan ish qurollari: (lom, belkurak, bolg‘a, kuvaldo va hokazolar) olib kelishini ta'minlash;
- Ishchi-xodimlar transport va oziq-ovqatini ta'minlab berish.
Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosariga murojaat qilmoqchiman: «O‘qituvchilar majburiy mehnat haqida og‘iz ochayotgani yo‘q va bunday holat kuzatilmagan», degan edingiz, kuzatib oling!
Bu hujjat bilan tanishar ekanman, menda qator savollar paydo bo‘ldi:
1. Garchi, o‘qituvchilar «og‘iz ochmagan bo‘lsalar-da», har bir maktab direktori har kuni kamida (!) 20 nafar ishchini qayerdan oladi? Unga transportni qayerdan to‘g‘rilab beradi, maktablarning avtobusi yo‘q-ku? 20 ta ishchining uch mahal ovqatini 20.000 so‘mdan hisoblasangiz ham, BIR MILLION IKKI YuZ MING SO‘Mni direktor qayerdan oladi? O‘zining oyligidan beradimi? O‘qituvchilarning oyligidan ushlab qoladimi? Yana ustidan yozishadi-ku? Uy buzaman deb, ishidan ayrilib, o‘zining uyi buziladi-ku?
2. Tug‘uruqxonalar ham bu ishga jalb qilingan, ularning 20 ta ishchisi yo‘q o‘zi, ular 20 ta ishchini qayerdan oladi? Ularga mardikor bozordan mardikor olib kelib qo‘yishni tavsiya qilishibdi. 20 ta mardikor 70.000 so‘mdan BIR MILLION TO‘RT YuZ MING SO‘M bo‘ladi, unga ovqat pulini va transport pulini qo‘shsak, UCh MILLON SO‘M bo‘ladi. Tug‘uruqxona bosh vrachi buncha pulni qayerdan oladi? O‘zi u bechoralar aqalli suyunchi puli ham ololmaydigan qilib qo‘yilgan edi-ku yaqinginada? Bu ularni yana pora olishga «undash» emasmi?
3. Shahar shifoxonasining har bir bo‘limiga 20 tadan ishchi «solig‘i» aql bilan solinganmi? Ularning ayrimlarida bor-yo‘g‘i to‘rt-besh kishi ishlaydi-ku? Do‘xtirlikni yig‘ishtirib qo‘yib, yoppasiga uy buzishga chiqishsa ham 20 kishi bo‘lmaydi. Ular nima qiladi? Kasallardan pora talab qilmay, nima qilishlari mumkin? Yo anovicha pulni bechora bo‘lim boshlig‘i cho‘ntagidan bersinmi?
4. Shahar hokimligidagilarning to‘rachiligini ko‘ring-ki, ish quroli igna bo‘lgan shifokorlardan, qog‘oz-qalam bo‘lgan o‘qituvchilardan lom, belkurak, kuvaldo va hokazo ish qurollarini o‘zlari olib kelishlarini talab qilayotganliklarini shunchaki «qistirib» o‘tmoqdalar! Ziyoli odamlarni UY BUZIShga chiqaradigan mard hech bo‘lmasa, ish quroli bilan ta'minlab qo‘ymaydimi? Uyat kerak emasmi?
5. Rahbarlarga mikrofon tutilsa, balandparvoz gaplarni qoyillatishadi. «O‘qituvchilar, shifokorlar majburiy mehnatga jalb qilinmaydi», deyishadi, «Bizda bunaqa holatlar kuzitilmagan», deyishadi. Ko‘zlarini lo‘q qilib, yolg‘on gapirishadi. «Siz bilan biz yashaydigan yerning yuzini siz bilan biz tozalamasak, tashqaridan kelgan odam tozalab beradimi?» deya vatanparvarlik qilishadi, ammo qo‘llariga uylaridan belkurak, lom, aqalli supurgi ko‘tarib kelib, aybi o‘qituvchi yo shifokor bo‘lgan «mardikorlar» safiga aslo qo‘shilishmaydi, or qilishadi, nega?
6. O‘zbekistonda gap bilan ish bir xil bo‘ladimi biror zamonda?
7. Hokimiyat degani mutloq hokimiyatmi? Odamlar ustidan ko‘ngliga kelganicha hukm yuritadimi?
Savollar ko‘p, ammo biror kishi vijdon bilan javob beradimi bu savollarga?..
To‘ra Murod,
erkin ijodkor maxsus Kun.uz uchun
O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi fakt. Barcha sukut saqlamoqda
Mavzuga oid
07:35
Beshta hududda 16 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
15:02 / 25.12.2024
Ayrim maktab xodimlariga ustamalar to‘lash takomillashtiriladi
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
09:09 / 20.12.2024