O‘zbekiston | 19:41 / 23.09.2017
9172
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchisi Qashqadaryo viloyati sil kasalligi shifoxonasi faoliyati bilan tanishdi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen Qashqadaryo viloyati, Kitob shahrida joylashgan viloyat sil kasalligi shifoxonasi faoliyati bilan tanishdi. Elchi Spratlen xonim ushbu viloyatda joylashgan silga qarshi kurash muassalariga olti oy ichida ikkinchi marta tashrif buyurmoqda. U oxirgi marta 24 mart kuni Butunjahon Silga qarshi kurash kunini Qarshidagi Mintaqaviy sil dispanserida nishonlash uchun kelgan edi.
 
2015 yildan buyon USAID O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi (O‘zSSV) va ftiziatriya va pulmonologiya bo‘yicha ixtisoslashgan respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazining sil tarqalishining oldini olishda olib borayotgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekistonning to‘rt viloyatida ish olib borayotgan USAID sil tarqalishining oldini olish, davolanishga qaratilgan xizmatlardan keng foydalanish hamda va ularning sifatini oshirishga yordam berdi.
 
USAID Kitob shahridagi viloyat sil kasalligi shifoxonasi shifokorlari, hamshira va laboratoriya xodimlariga bir necha sohalarda, xususan kasalxonalarda sil tarqalishining oldini olish maqsadida infeksiyani nazorat qilish, silga aniq va tez tashxis qo‘yish uchun tezkor sil texnologiyalari, sil va uning dorilarga turg‘un turlarini davolashda bemorga qaratilgan davolash usuli kabi mavzularda treninglar tashkil qildi.  Viloyat sil kasalligi shifoxonasi Qashqadaryo viloyatidagi sil bilan kasallangan bemorlarni Toshkentdagi kasalxonaga uzoq muddatga yubormay, o‘zi to‘la davolay oladigan yagona tibbiy maskan hisoblanadi. 
 
USAID  O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligiga Milliy silga qarshi kurash dasturini amalga oshirish, kasallikning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash usullarini tadbiq qilish orqali, xususan, kam ta'minlangan aholini hisobga olgan holda, ko‘maklashadi. USAIDning silga qarshi kurash uchun umumiy byudjyeti $7,6 million bo‘lgan besh yillik dasturining asosiy maqsadi mamlakatda sil kasalligi oqibatlarini kamaytirish va silning ko‘plab dorilarga turg‘un shakllari rivojlanishining oldini olishdan iborat. Dastur keng ko‘lamli tibbiy masalalarni, jumladan  sog‘liqni saqlash sohasining insoniy va institutsional potensialini rivojlantirish, tashkilotlararo hamkorlik va koordinatsiyani mustahkamlash hamda keng ommaga silga tashxis qo‘yish va davolanish imkoniyatlaridan foydalanishni yanada osonlashtirish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid