Texnologiyalar olami kelajagi: 2019-2099 yillar prognozi
Google korporatsiyasining texnik direktori va texnofuturist Rey Kurtsveyl 1990-yillardan texnologiyalar olami kelajagi borasidagi taxminlari bilan bo‘lishib keladi. U sun'iy intellekt sohasidagi zamonaviy yutuqlarning yetakchi tadqiqotchisi sifatida ishonchli prognozlarni tuzadi, ularning aksariyati hatto ilmiy gepoteza maqomini olishga ulgurgan.
Kurtsveylning so‘nggi 20 yilda kitoblar, bloglar, intervyular va ma'ruzalardagi barcha prognozlari to‘plansa, 2019-2099 yillarga doir kelajak kartinasini tasavvur qilish mumkin. EarthChronicles shu haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.
2019 yil: Personal qurilmalarning sim va kabellari o‘tmishda qoladi.
2020 yil: Personal kompyuter inson miyasiga monand hisoblash qudratiga erishadi.
2021 yil: Yer hududining 85 foizi simsiz internetga ulanish imkoniga ega bo‘ladi.
2022 yil: AQSh va Yevropada odamlar va robotlarning munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinadi. Robotlar faoliyati, ularning huquq va majburiyatlari hamda boshqa cheklovlar aniq belgilab qo‘yiladi.
2024 yil: Avtomobillardagi kompyuter intellekti elementlari majburiy bo‘ladi - odamlarga aqlli yordamchi bilan ta'minlanmagan mashinaga o‘tirish taqiqlanadi.
2025 yil: Ommaviy bozorda implant-gadjyetlar paydo bo‘ladi.
2026 yil: Ilmiy taraqqiyot tufayli inson hayoti uzayishi mumkin.
2027 yil: Murakkab xatti-harakatlarni to‘liq mustaqil bajarishga qodir personal robot muzlatgich yoki qahva qaynatgichdek uskunaga aylanadi.
2028 yil: Quyosh energiyasi shu qadar arzonlashadiki, insoniyatning barcha energetik ehtiyojlari qoniqtiriladi.
2029 yil: Kompyuter aqliy salohiyatini isbotlab, Tyuring testini yechishni uddalaydi. Inson miyasini kompyuterda modellashtirish natijasida shunday imkoniyat yuzaga keladi.
2030 yil: Sanoatda nanotexnologiyalarning gullab-yashnash davri va o‘z navbatida, barcha mahsulotlarning ishlab chiqarish xarajatlarining kamayishi kuzatiladi.
2031 yil: Barcha shifoxonalarda inson organlarini bosmadan chiqarish uchun 3D-printerlar paydo bo‘ladi.
2032 yil: Nanorobotlar tibbiy maqsadlarda qo‘llaniladi: ular ozuqaviy moddalarni hujayralarga yetkazib, chiqindilarni yo‘qotadi. Bundan tashqari, ular inson miyasini batafsil skanerlaydi, bu uning qanday ishlashini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
2033 yil: Yo‘llarda faqat avtonom mashinalar harakatlanadi.
2034 yil: Sun'iy intellektli birinchi inson paydo bo‘ladi: xuddi "U" filmidagidek, faqat undan-da yaxshiroq.
2035 yil: Kosmik texnika rivoji Yerni asteroid tahdididan himoyalash imkonini beradi.
2036 yil: Biologiya rivoji kasalliklarni davolash uchun hujayralarni dasturlash va 3D-printer yordamida yangi to‘qimalar va organlarni yetishitirish imkonini beradi.
2037 yil: Inson miyasi sirlarini anglab yetishda ulkan siljish kuzatiladi, yuzlab ixtisoslashgan funksiyalarga ega submintaqalar aniqlanadi. Bu sohalar rivojini kodlovchi algoritmlarning ba'zilari shifrlanadi va kompyuter neyron tarmoqlariga kiritiladi.
2038 yil: Robotlashtirilgan odamlar, transgumanistik texnologiyalar mahsulotlari paydo bo‘ladi. Ular qo‘shimcha intellekt (masalan, muayyan sohada inson miyasi qodir bo‘lmagan bilimlarga ega bo‘lish) va ko‘plab implantatlar (ko‘zdagi kameradan to qo‘shimcha qo‘l protezigacha) bilan jihozlangan bo‘ladi.
2039 yil: Nanomashinalar bevosita inson miyasiga joylanadi va uning hujayralari bilan signal almashish imkonini beradi. Natija - qo‘shimcha uskunalarni talab qilmaydigan virtual reallikka "sho‘ng‘ish".
2040 yil: Qidiruv tizimlari inson tanasiga joylangan gadjyetlarda paydo bo‘ladi: qidiruv fikrlar orqali (so‘zlar aralashuvisiz) amalga oshiriladi. Natijalar linzalar yoki ko‘zoynaklar ekranlarida aks etadi.
2041 yil: Internet tarmog‘ining ishlashi bugungidan 500 million marta tezlashadi.
2042 yil: Immun tizimini to‘ldiruvchi va organizmni kasalliklardan "tozalovchi" nanorobotlar armiyasidan foydalanish yordamida barhayotlik imkoni paydo bo‘ladi.
2043 yil: Nanorobotlar ko‘pligi tufayli inson organizmi har qanday shaklni qabul qilish xususiyatiga ega bo‘ladi. Ichki organlar yuqori sifatli kibernetik qurilmalarga almashtiriladi.
2044 yil: Nobiologik intellekt biologik intellektdan milliard martalab "aqlli"lashadi.
2045 yil: Texnologik singulyarlikning boshlanishi. Yer ulkan bir kompyuterga aylanadi.
2099 yil: Texnologik singulyarlik butun Koinotga taraladi.
Bunday prognozlarga ishonish qiyin, biroq texnologiyalar rivojining katta tezligini inobatga oladigan bo‘lsak, bularning imkoni bor. Omon bo‘lsak, ko‘rarmiz.
Mavzuga oid
14:28 / 16.11.2024
Buyuk Britaniyada firibgarlarni aldovchi “neyron buvi” ishga tushirildi
16:54 / 13.11.2024
Apple iPhone narxidagi kitobini chiqardi
16:03 / 11.11.2024
Xitoydagi daryoda dunyodagi birinchi qutqaruvchi robot patrullik qilishni boshladi
10:58 / 07.11.2024