Jahon | 22:10 / 04.10.2017
45645
4 daqiqa o‘qiladi

Sergey Lavrov Rossiya Markaziy Osiyodan nimalar istayotganini so‘zlab berdi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘zining «Rossiyskaya gazeta»ning chorshanba kungi sonida bosilgan, RF va mintaqa davlatlari bilan diplomatik aloqa o‘rnatilganligining 25 yilligiga bag‘ishlangan «Rossiya-Markaziy Osiyo: vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlik» maqolasida Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorligi haqida so‘zlab bergan. Ushbu maqolani qisqartirilgan holda e'tiboringizga havola etamiz.

Yubiley — chorak asr yo‘l bosilganidan so‘ng sarhisob qilish, kelajak uchun rejalar qurish uchun yaxshi bahona. Davlatlarimiz jamoatchiligiga ma'lum qilishimiz kerak bo‘lgan narsalar ko‘p. Rossiya Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan ittifoqchilik va strategik sherikchilik munosabatlarini o‘rnatgan.

Birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza yaratildi, ishonchga asoslangan siyosiy muloqot, shu jumladan, oliy darajada o‘rnatildi, umuman olganda, yaqin va ko‘pqirrali hamkorlik ta'minlandi. Bu ishlarda muhim tayanch bo‘lib bizni bog‘lab turgan geografik yaqinlik, umumiy tarix, insonlarimiz taqdirlarining chambarchasiligi xizmat qilmoqda.

Davlatlarimiz chuqur tuzilmaga ega savdo-iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Rossiya investitsiyalarining hajmi 20 mlrd. dollardan oshgan. Markaziy Osiyoda 7,5 mingdan ziyod Rossiyaning va u ishtirokidagi qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Katta miqdordagi mablag‘ (2013–2016 yillarda 37 mlrd. dollardan ziyod) mintaqa mamlakatlari fuqarolari tomonidan ularning Rossiyadagi faoliyati tufayli kelib tushmoqda.

Qirg‘iziston (488 mln. dollar) va O‘zbekiston (865 mln. dollar) qarzlaridan kechildi. Neft va neft mahsulotlarini bojsiz yetkazish ko‘rinishida madad ko‘rsatilmoqda. Rossiyada ayni paytda 150 mingdan ortiq markaziy osiyolik talabalar o‘qishmoqda. Ularning 46 mingdan ortig‘i Rossiya federal byudjyetidan stipendiya olishmoqda.

Tojikistonning BMT Bosh assambleyasi tomonidan ma'qullangan va 2018 yildan 2028 yilgacha bo‘lgan davrni «Barqaror rivojlanish uchun suv» o‘n yilligi tashabbusi jahonda suv resurslaridan oqilona foydalanish muammolariga bag‘ishlangan. 10–11 noyabr kunlari Samarqandda mintaqaviy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan «Markaziy Osiyo: bir o‘tmish va umumiy kelajak. Barqaror rivojlanish va birgalikdagi farovonlik uchun hamkorlik» yuqori darajadagi anjumani bo‘lib o‘tishi mo‘ljallanmoqda.

So‘nggi 25 yil tajribasi postsovet hududida izchil integratsion yaqinlashish bilan bog‘liq ustunliklarni yaqqol ko‘rsatib berdi.

Tenghuquqlilik, o‘zaro hurmat, bir birining manfaatlarini hisobga olishga asoslangan munosabatlarimiz kelajagiga optimizm bilan qaraymiz. Ishonchim komilki, ularni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish fuqarolarimizning asl manfaatlariga javob beradi va tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun xizmat qiladi.

Rossiyada mintaqa mamlakatlarini farovon, keng hamkorlik uchun ochiq ko‘rishni sidqidildan istashadi. Fursatdan foydalanib, Markaziy Osiyo davlatlari xalqlariga baxt, farovonlik va xotirjamlik tilayman, degan Sergey Lavrov o‘z maqolasida.

Mavzuga oid