Light | 18:00 / 09.10.2017
125333
14 daqiqa o‘qiladi

Qarzini ololmayotganlarga 10 maslahat

Foto: PlannerSearch

Kundalik hayotimizda eng keng tarqalgan ijtimoiy munosabatlardan biri, bu albatta qarz oldi-berdisidir. Kimgadir qarz bermagan yoki kimdandir qarz olmagan insonlar deyarli uchramasa kerak. Chunki qarz deganda faqat pul tushunilmaydi, biror buyum yoki boshqacha ko‘rinishdagi ashyolar ham qarz predmeti bo‘lishi mumkin.

Qarz eng avvalo o‘zaro ishonch demakdir. Biroq har doim ham quruq ishonch o‘zini oqlayvermaydi. Kimdir atayin, kimdir ilojsizligidan olingan qarzini qaytarmaslik holatlari ko‘p uchraydi. Shunday paytda nima qilish kerak? Quyida qarz oldi-berdisi jarayonida tavsiya etiladigan maslahatlar bilan tanishishingiz mumkin.


1. Ishonchli insonga qarz bering

Bu maslahat bir qarashda kulgili tuyilishi mumkin. Chunki, kim ham ishonchsiz insonga qarz berardi? Odatda omonatga xiyonat eng yaqinlarimizda uchraydi. Qarz bersang ham pulingdan, ham do‘stingdan ayrilasan, degan ibora xalq orasida bejizga keng tarqalmagan.

Biroq ishonchli deganda, faqat ma'naviy ishonch emas, moddiy ishonchni ham hisobga olishni maslahat beramiz. Ya'ni qarz so‘rab kelgan tanishingiz aytilayotgan muddatda qarzini qaytara olishiga ko‘zingiz yetadimi, uning moddiy daromadi haqiqatda Sizdan olingan qarz miqdorini qaytara olishga yetadimi, degan savollarni bir lahza o‘ylab ko‘ring. Qadrdon insonga yo‘q deyish juda og‘ir. Ammo do‘stingiz sizdan bir marta xafa bo‘lgani yaxshimi yoki bir umrga u bilan munosabatlarni uzgan ma'qulmi, shu haqida ham xulosa qilib qo‘yishni maslahat beramiz.


2. Tilxat olishni unutmang

Xayolingizga birinchi kelgan fikr, qanday qilib yaqin insondan tilxat yozdirib olish mumkin, degan savol bo‘ldimi? Ha, o‘zbekchilik deymiz, ko‘z-ko‘zga tushadi deymiz, uyat bo‘ladi deymiz, umuman olganda bizdan qarz so‘ragan insondan tilxat so‘rashimiz juda og‘ir. Lekin qanchalar og‘ir bo‘lmasin, tilxat oling va bu hujjat o‘z pulingiz o‘zingizga qaytishini qisman sug‘urtalaydi.

Tilxat eng kamida quyidagi sodda ko‘rinishda yozilishi ham mumkin:

T I L X A T

Men fuqaro F.I.Sh. (pasport ma'lumotlari: seriyasi, nomeri, berilgan joyi va vaqti) 2017 yil 7 oktabr kuni fuqaro F.I.Sh.dan dan 3.000.000 (uch million) so‘m miqdordagi naqd pulni foizsiz qarz sifatida oldim.

Ushbu qarzni 2017 yil 31 dekabr kuniga qadar to‘liq miqdorda qaytarib beraman.

Tilxat tagida qarz oluvchi va beruvchining to‘liq ism-shariflari qisqartmalarsiz har biri tomonidan o‘z dastxatlari bilan yozilishi, tilxat to‘ldirilgan sana ko‘rsatilishi va albatta imzolanishi kerak.

 

3. Qarz shartnomasini tuzing

Agar biror do‘stingiz yoki tanishingizga summasi eng kam ish haqining o‘n baravaridan ortiq bo‘lgan (1 mln. 500 ming so‘m) miqdorda qarz berayotgan bo‘lsangiz yozma shaklda shartnoma tuzing. «Oddiy tilxat so‘rashga xijolat bo‘lamizu, shartnoma tuzishga yo‘l bo‘lsin» demoqchimisiz? Jamiyatimizda bugun eru xotin o‘rtasidagi nikoh shartnomasi tuzish masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda, qarz shartnomasi nima bo‘pti? Sira xijolat bo‘lmang.

Agar sizdan qarz olayotgan taraf yuridik shaxs bo‘lsa, unda qarzning summasidan qat'i nazar shartnoma tuzish lozim.

 

4. Shartnomani to‘g‘ri tuzing

Qarz shartnomasi matnida quyidagilar nazarda tutilishi lozimligiga e'tibor bering:

1. tuzilayotgan vaqti va joyi;

2. taraflari;

3. qarz summasi (biror bir ashyo bo‘lsa uning turi, nomi);

4. to‘lovning naqd yoki boshqacha usulda amalga oshirilishi;

5. qarzni qaytarish muddati va usuli;

6. taraflarning majburiyatlari;

7. taraflarning javobgarligi;

8. nizoni ko‘rib chiqish tartibi;

9. shartnomaning amal qilish muddati;

10. taraflar haqidagi to‘liq ma'lumotlar (pasport bo‘yicha) va ularning imzolari.

Qarz shartnomasini imzolashda qarz oluvchining pasportidan nusxa olib, shartnomaga qo‘shib qo‘ysangiz zarar qilmaydi. 

Qarzni rasmiylashtirish uchun shartnomaning namunasi ilova qilinadi, yuklab olishingiz mumkin.

 

5. Notariusda rasmiylashtirish shart emas

Qarz berish chog‘ida yuqorida aytilgan qoidalarga rioya etsangiz kifoya, shartnomani notarius orqali rasmiylashtirish shart emas, bu ortiqcha xarajat va ortiqcha harakatdan boshqa narsa emas. Lekin har ehtimolga qarshi notariusdan ham o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, bu taqiqlanmagan.

 

6. Guvohlar bo‘lgani ma'qul

Agar siz qarz so‘rab kelgan insondan na tilxat talab qilsangiz va na qarz shartnomasi tuzishni so‘ray olsangiz, unda sizga hech bo‘lmaganda qarzni guvohlar oldida berishni maslahat qilamiz. Qarz shartnomasini imzolash yoki qarzdordan tilxat olish paytida guvoh ishtirok etsa-ku, nur ustiga a'lo nur bo‘lar edi.

Imkoni bo‘lsa guvohlar ikkala taraf uchun ham xolis bo‘lishi lozim. Chunki yaqin qarindoshlaringizning guvohligi shubhali bo‘ladi.

E'TIBOR BeRING: guvohlar faqat 1 yarim million so‘mgacha bo‘lgan qarzdagina sizga yordam bera oladi. Agar qarz miqdori bundan yuqori bo‘lsa va tilxat yoki qarz shartnomasi tuzilmasdan, faqat guvohlar ishtirokida berilgan bo‘lsa, unda guvohlarning gapi dalil bo‘la olmaydi.

 

7. Qarzdor jinoyatchi emas

Ko‘pchilik qarz bergan odamidan pulini kelishilgan vaqtda ololmasa darrov prokuratura yoki ichki ishlar idoralariga yugurib qoladi. Shuni unutmangki, qarz olgan odam jinoyatchi emas, u qonunni buzgani yo‘q, shunchaki fuqaroviy shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlayapti, xolos.

Qachon huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish lozim, qachonki qarzdor sizni aldash yoki ishonchingizni suiiste'mol qilish yo‘li bilan sizga tegishli bo‘lgan mulkini qo‘lga kiritgan bo‘lsa va olgan qarzini qaytarib bermaslikni oldindan maqsad (qasd) qilib olgan bo‘lsa (masalan: do‘stingiz chet elga ketmoqchi va yaqin yillar ichida qaytib kelish niyati yo‘q, lekin u sizdan buni yashirib, biror boshqa bahona bilan yaqin muddatda qaytarib berishni va'da qilgan holda qarz olsa va qaytarmasa) bu jinoyatdir. Ana shunday hollarda bemalol ichki ishlar organlariga murojaat qilishingiz mumkin.

 

8. Sudga bering

Qarz qaytarilishi lozim bo‘lgan muddat keldi yoki bu muddat o‘tib ham ketti. Qarzdor o‘z ixtiyori bilan olgan qarzini qaytaradiganga o‘xshamayapti. Endi nima qilish kerak?

Bunday holatda albatta tegishli vakolatli fuqarolik ishlari bo‘yicha (odatda qarzdor joylashgan hududdagi) sudga da'vo arizasi kiritishingiz lozim bo‘ladi.

Unutmangki, bu tekinga bitmaydi va muayyan to‘lovni amalga oshirishni talab qiladi. Da'vo ariza sudda ko‘rib chiqilishi uchun qarz summasining 2 foizi miqdoridagi (masalan 100 mln. so‘m qarz uchun 2 mln. so‘m) pulni davlat boji sifatida to‘lanadi. Xavotir olmang, agar sudda yutib chiqsangiz, davlat boji uchun to‘lagan pulingizni ham qarzdordan undirib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Biroq sudga da'vo ariza kiritdim, deganingiz bu ish bitdi degani emas. Bu asosiy ish endi boshlandi degani. Oldinda hali sud jarayonlari bor, suddagi yugur-yugurlar, soatlab kutishlar, tortishuvlar, uzoq muddatga cho‘zilishlar va h.k.

E'TIBOR BeRING: Agar qo‘lingizda yuqorida aytilganday ishonchli dalillar bo‘lmasa, sudga berish masalasini yaxshilab o‘ylab ko‘rishni maslahat beramiz. Chunki qarzni olish tugul, yana ortiqcha xarajatga tushishingiz mumkin. Ushovidan tushovi...

 

9. Ijroni nazorat qiling.

Sud jarayonlari ko‘ngildagidek o‘tsa va siz kutgandek qaror qabul qilinsa ham qarzdor «mana» deb pulni berib qo‘ymaydi.

Sudning sizning foydangizga chiqarilgan hal qiluv qarori va ijro varaqasini oling-u, qarzdor yashaydigan tuman (shahar)dagi Majburiy ijro byurosiga choping. Undiruv bo‘yicha ijrochi xodim kim ekanligini aniqlang, u bilan yaqindan tanishib oling va imkoni bo‘lsa xizmat xonasi hamda qo‘l telefoni raqamlarini oling. Chunki ijrochining qo‘lida ishi ko‘p, sizning ishingiz yodidan chiqib ketishi yoki shunchaki sizgacha navbat yetib kelishi cho‘zilib ketishi mumkin. Shunday qilib, qarzni undirib olish uchun uzoq davom etadigan jarayonlarning eng so‘nggi bosqichida sizga o‘z ishiga ma'suliyatli ijrochi uchrashini tilab qolamiz.

Agar qarzdorning nomida mol-mulki bo‘lmasa va tayinli joyda ishlamasa, unda... Sizga hamdardmiz...

«Qo‘l bilan berib, oyoq bilan olaman» deganlari shu bo‘ladi...

 

10. Odamgarchilikni ham unutmang.

Qarz oldi-berdisida tarozining bir pallasida masalaning huquqiy tomoni tursa, ikkinchi pallasida diniy-ma'rifiy tomoni turadi. Qarzdorlar har doim ham atayin, g‘araz niyatda qarzini qaytarmay, qochib yurmaydilar. Ko‘pchilik haqiqatdan moddiy imkoniyati nochorligi yoki ayrim sabablar bilan olindan ko‘zlangan maqsadga yeta olmaganligi uchun qarzini vaqtida qaytara olmasligi ham mumkin. Shunday paytlarda qarzdor tarafni ham to‘g‘ri tushunish va masalaning diniy tomonlarini ham o‘rganib qo‘yish, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Saytimizda avvalroq e'lon qilingan «Qarz oluvchi ham, beruvchi ham Alloh taoloning roziligini niyat qilsin» nomli maqolada ham shu xususda so‘z yuritilgandi. Qarz berishning savobi hadya berganning savobidan ko‘ra ko‘proqligi haqida hadisi sharif bor. Shuningdek, Qur'oni majidning bir necha joyida «Alloh uchun qarzi hasana beruvchi bormi?» ma'nosidagi oyatlar keladi (Baqara, 245; Moida, 12). Bu boy, mard kishilarga xitob. O‘shanday kishilar qarzi hasana berishsin va qarz olgan taraf to joyini to‘ldirgunicha sabr etib, qistalang qilmay tursin. Bu vaqtda Razzoq va Vahhob Alloh taolo O‘z fazli bilan boshqa tomondan qarzi hasana bergan mo‘min bandasiga fayzu barakot yetkazib turadi. Bu odamzotning emas, Haq subhonahu va taoloning va'dasi. U Zot va'dasiga aslo xilof qilmaydi!

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)  marhamat qiladilar: «Jannatga kirdim va uning eshigida: «Sadaqa o‘n (barobar savob) bilan, qarz o‘n sakkiz (barobar savob) bilan (mukofotlanadi)», degan yozuvni ko‘rdim. Shunda: «Ey Jabroil, qanday qilib sadaqa o‘n, qarz o‘n sakkiz barobar bo‘ladi?» deb so‘radim. U aytdiki: «Sadaqa boyning ham, faqirning ham qo‘liga tushaveradi. Qarz esa, faqat unga muhtoj bo‘lganning qo‘liga tushadi» (Tabaroniy rivoyati).

 

So‘ngso‘z o‘rnida: qarzdorlarga maslahat

Qarz berganlarga maslahat berdik, qarzdor insofsiz bo‘lsa qarzni qaytarish oson emasligini ham ko‘rdik. Agar Siz kimdandir qarzdor bo‘lsangiz, balki bularni o‘qib xursand ham bo‘layotgandirsiz. Biroq...

Sizga maslahatimiz, birovning haqqidan qo‘rqing. Quyidagi hadislarni o‘qib chiqsangiz yomon bo‘lmasdi:

Jobir rozillohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qarzi bo‘la turib o‘lgan odamga janoza o‘qimas edilar. Bir mayyit olib kelindi. Bas, u zot: «Uning zimmasida qarzi bormi?» dedilar. «Ha, ikki dinor», deyishdi.  «Sohibingizga o‘zingiz janoza o‘qing» dedilar. «O‘sha ikki dinor mening zimmamga, ey Allohning Rasuli», dedi Abu Qatoda. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam janoza o‘qidilar».

Ushbu hadisga binoan, hozirda ham har bir mayyitga janoza namozi o‘qishdan oldin, marhumning farzandlari yoki yaqinlaridan biri qarzini ado qilishni zimmasiga oladi va so‘ngra janoza namozi o‘qiladi.

Nasaiy qilgan rivoyatda: «Mening jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa va yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas» deyiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qasam ichib turib aytishlari ham bu ish qanchalik ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. Chunki qarz bandaning haqqi, bu haqni faqat egasi kechiradi xolos. Egasi haqidan kechmaguncha Alloh taolo ham kechirmaydi.

Mavzuga oid