Jamiyat | 14:00 / 09.10.2017
31137
4 daqiqa o‘qiladi

Safar taassurotlari. O‘zbekistonning shimoliy hududlari aholisi qanday yashamoqda?

Aslida bunday ko‘hna yurtga, qadimiy shaharlar-u, madaniyat beshigiga «sayohat qildik» deyilardi. Afsuski, biz bundan deyishdan yiroqmiz, negaki, ko‘rgan va eshitganlarimiz har qanday kishini atrofdagi hodisalar haqida chuqur fikrlashga majbur qilishi tayin. Avvalo, O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududiga ketayotganimni bilib, qolaversa, smartfondagi vidjyetlarning «maslahatiga» quloq tutib, issiq kiyimlarni ham qo‘lga oldim. Ammo, bu o‘ylaganimdan ham sovuq hudud: shunchaki ko‘chada uzoqroq vaqt turish qiyin, o‘zimni yog‘ingarchilik yo‘q bo‘lgan Sibirga kelib qolgandek his qila boshladim.

Kishilarning muomalasi ajoyib, notanish insonni «aka» deb chaqiradi, yordam qilishga oshiqqan xorazmliklar, mehmondo‘st dangalchi qoraqalpoq xalqi iliq taassurot qoldirdi. Shunga qaramay, men xalqdan tushgan murojaatlar bo‘yicha borgan edim. Tabiatan qo‘rs bo‘lgan rahbarlar, nohaqlikka sababchi bo‘lib turgan shaxslar bilan suhbatlashib olishim zarur edi. Buyog‘i qandoq bo‘lgan, tasavvur qilavering.

Ba'zida uzoq tumandagi xalqning turmush tarzi, yashash sharoitiga qarab achinib ketdim. Negaki, poytaxtda blokcheyn, autsoursing, big-data tushunchalari haqida mushohada qilib yurganlar bu yerda, bir sutkada nari borsa, 7 soat beriladigan elektr energiyasi, eGRESdan 3 km uzoqda bo‘lsa ham, gaz yetkazilishi uzib qo‘yilgan, ammo gazi yo‘q qishloqdan 200 m masofada g‘ishtxonada lovullab yonib turgan olovni ko‘rmaganku! Biz dabdabali to‘y-marosimlarni uyushtirib, dam olish maskanlarini to‘ldirib yurganimizda, mana shu aholi hayot uchun zarur muammolarni o‘ylaydi, «ko‘mirni bugunga yetkazaylik» degan g‘am bilan yashaydi.

Tumandan shaharga tomon harakatlansam, yo‘l, bozordagi sharoitlarga ko‘zim tushdi. Hokim buva bular haqida gapirib, nuqul ko‘zini olib qochishidan ma'lumki, vaziyat hozircha o‘zgarmaydi.

Va nihoyat, shahar! Hayot jo‘shqin, hamma o‘z ishi bilan band. Bu ham o‘z o‘rnida Toshkent va uning atrofida shakllangan hayotni eslatib yubordi: viloyatdan poytaxtga kelsangiz, ko‘nglingiz yorishib ketadiku! Tarix va zamonaviylik uyg‘unlashib ketgan binolar ko‘chalarning ko‘rkiga yanada chiroy bag‘ishlab turgani rost. Lekin, ayrim amaldorning beparvolik bilan ish olib borishi dilni xira qilaveradi. Bemor kishiga pul ajratmagan bankka bordim, suhbatlashdim, jo‘yali izoh bermadi. Bemor bolani ko‘rdim, horg‘in, dam olib yotgan ekan. Yo‘limda davom etib, soxta raqamlarni Vazirlar Mahkamasiga yuborib, qaror chiqqach, ana shu qarorni barcha shikoyat arizalariga ro‘kach qilib yurgan rahbarni ham ko‘rdim. Lekin, har gal sodda kishilar atrofimda paydo bo‘lib qolaverdi. Ular bilan biroz suhbatlashib, hayotiga qiziqsam, uning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilashini kuzatib hayron bo‘ldim. Axir, hech nima qilmadim, u esa shunisiga ham shukr qiladi.

Toshkentga bir olam xotira, bilim va ajoyib taassurotlar bilan qaytib keldimu.... Ana shu bemor bolaning vafot etgani haqida xabar ortimdan kelibdi. O‘yga cho‘mib ketdim..

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid