Nega o‘zbek yozuvchilari Nobel ololmaydi?
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga britaniyalik yozuvchi Kadzuo Ishiguro (ba'zi resurslarda Isiguro yoziladi) sazovor bo‘lganidan so‘ng, har doimgiday, o‘zbek sotsial mediasida «Qachon o‘zbek adibi Nobel oladi?» mavzusi dolzarblik kasb etdi. Muhokamalarning mazmunini takrorlab o‘tirishga hojat yo‘q — har yilgiday, bu safar ham «Nobel uchun pishib qolgan» nomzodlar tilga olindi, ayni paytda nufuzli mukofot «halol» o‘ynalmasligini, faqat «vatanini yomon ko‘radiganlar»ga berilishini, umuman, u ahamiyatsiz va keraksizligini uqtirganlar ham bo‘ldi. Befoyda bahslarni chetlab o‘tib, bu gal Nobel qo‘mitasi juda yaxshi tanlovni amalga oshirganini ta'kidlab o‘tmoqchiman. Mukofot Svetlana Aleksiyevichga o‘xshagan publitsistga, Bob Dilanga o‘xshagan rok ijrochisiga emas, klassik tasavvurdagi yozuvchiga topshirildi. Bundan badiiy ijod ishqibozlari xursand bo‘lsa arziydi.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti bu safar yozuvchiga berildi

Ishiguro — xalqaro miqyosda tanilgan ijodkor, o‘z avlodining eng ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri. Uning asosiy badiiy merosi — o‘nga yaqin romani dunyoning barcha asosiy tillariga tarjima qilingan, shulardan uchtasining negizida Gollivud yulduzlari ishtirokida filmlar suratga olingan. Afsuski, kuzatishlarimga qaraganda, o‘zbek kitobxoni ingliz adibi bilan yaxshi tanish emas ekan. Uning asarlari o‘zbekchaga tarjima qilinmagani bunga sabab bo‘lsa kerak. Agar mutaxassis tarjimonlarda shu kamchilikni to‘ldirish niyati yoxud kitob shinavandalarida uning ijodi bilan tanishish xohishi uyg‘onsa, «Dafn etilgan ro‘dapo» (The Buried Giant) romanidan boshlashni tavsiya etgan bo‘lar edim. Asar ham qiziqarli, sodda tilda yozilgani, ham jiddiy mavzuni olib chiqqani bilan barchaga manzur bo‘lishiga aminman.
Romanda qirol Artur vafotidan keyingi Britaniya qalamga olinadi. Bu afsonalar davrining tugashi, real hayotning boshlanishini ramziy ifodalaydi: rimliklar orolni allaqachon tark etgan, hali ajdarlar bor, ogrlar qishloqlarga hujum qilib turadi, Arturni ko‘rgan ritsarlardan ba'zilari tirik (ulardan biri syujyetda muhim o‘rin egallaydi), lekin odamlarning kundalik hayoti nihoyatda oddiy, ular barchamizga tanish maishiy muammolarga ro‘baro‘ yashaydi. Brittlar bosqinchi sakslar bilan tinch-totuv qo‘shnichilik qiladi, ular orasida ro‘y bergan harbiy mojaro unutilib ketgan.
Bosh qahramonlar — keksa juftlik Aksl va Beatris kommunalistik qoidalar o‘rnatilgan qishloqda sokin turmush kechiradi. Kommunada tegishli tartib hukmron: har bir kishi muayyan ishni bajarib, evaziga ma'lum moddiy qimmatliklarga ega bo‘ladi. Barchaning o‘z o‘rni, vazifasi bor. Qahramonlarimizning jamiyatdagi mavqei u qadar yuqori emas — keksa juftlikka hatto shamdan foydalanishga ruxsat etilmaydi.
Artur zamonidan buyon tepaliklar uzra siyrak tuman tarqalib, qishloqlarni salladay chirmaydi. Bir kuni Aksl tuman odamlarning xotirasini o‘chirayotganini payqab qoladi: qo‘shni qizaloq g‘oyib bo‘ladi, kommuna uni qidirishga tushadi, qizaloq topilganda esa odamlar uni qidirayotganini ham unutib, boshqa masalalar muhokamasiga o‘tib ketganiga guvoh bo‘lamiz.
Aksl ham, Beatris ham, ularning qo‘shnilari ham kecha, o‘tgan hafta, o‘tgan oy voqealarini eslay olmaydi. Uzoq yillar muqaddam bo‘lib o‘tgan kechmishlarni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Qariyalar bir-birini sevadi, ularning munosabatlarni shunchalik mustahkamki, Aksl kampirini «malikam» deb chaqirishdan charchamaydi. Lekin Akslda bu sevgi o‘tmishdagi janjallar, qiynoqlar va xiyonatlar unutilib ketgani tufayligina saqlanib turibdimikan, degan gumon uyg‘onadi. Boz ustiga, Beatris uzoq yillar muqaddam o‘g‘il farzandlari bo‘lganini, u qandaydir sababga ko‘ra qishloqni tark etganini xotirlab qoladi. Qariyalar kommunadan ruxsat olib, farzandini qidirib yo‘lga chiqadi.
Yo‘l-yo‘lakay qahramonlar sakslarga, brittlarga, ritsarlarga, rohiblarga, ajdarlarga uchraydi, safardan ko‘zlangan birlamchi maqsad — farzandni topish — ikkinchi darajaga tushib qoladi, ular yangi hamrohlari bilan birga kattaroq muammo — yalpi xotirfaromushlikning ildizlarini izlashga kirishib ketadi.
Asar anchayin tushunarli tilda yozilgan, Ishiguro bayonga, shirador dialoglar orqali qahramonlarning ahvol ruhiyasini va fe'l-atvorini ochib berishga uringan, o‘z shaxsiy ko‘z qarashini esa oshkor etmagan. Boshida fentezi janridagi sarguzasht asar algoritmida rivojlanib boradigan (sayohat motivining o‘zi Tolkinning «Hobbit»iga allyuziya bo‘lsa ajabmas) voqealar ketma-ketligi kitobning ikkinchi qismida dolzarblik kasb eta boradi, o‘quvchi oldiga jiddiy ijtimoiy va umuminsoniy muammolarni ko‘ndalang qo‘yadi. Qiziqarli qahramonlik romansini, Terens Uayt yoki Tomas Melori (Ishiguro ulardan ilhomlangani shubhasiz esa-da) diskursini kutgan o‘quvchi qopqonga tushib qoladi — sinchkovlik bilan gavdalantirilgan afsona va miflar atmosferasi aslida puxta o‘ylangan metafora bo‘lib chiqadi. Kollektiv xotira, shaxsiy xotira, o‘tmishning unutilib ketishi yoki zamonga moslashtirib talqin etilishi, tarixiy haqiqat jamiyat va alohida shaxs taqdiriga qanday ta'sir o‘tkazishi, ba'zan umumiy xotira jamiyat va shaxs manfaatlarida har xil aks etishi — muallif kitobxonni ana shunday falsafiy, ruhiy va sotsial masalalar ustida o‘ylashga majbur qiladi.
Gapning o‘rni kelganda, Ishiguroning yana bir asariga qisqacha to‘xtalib o‘tsam. «Meni qo‘yib yuborma» romani og‘ir o‘qiladigan kitoblarga yaxshi misoldir — uni bir o‘tirishda tugatib bo‘lmaydi. «Dafn etilgan ro‘dapo»dan farqli ravishda, unda hayajonli sarguzashtlar yo‘q. Roman qarhamoni — Keti Sh. ismli qiz maktab-internatda o‘tgan yoshligini eslaydi va o‘quvchiga bosqichma-bosqich bugungi turmush tarzi ildizlarini tushuntiradi. Hikoya matosi uning uzuq-yuluq xotiralari yamoqlaridan tikiladi. Ketining hayoti sokin, bir tartibda o‘tgani bois kitobxon hikoya davomida keskin burilishlar va ixtiloflarga duch kelmaydi. Ammo voqea yakuniga yaqinlashgan sayin Keti va uning hikoyasida ishtirok etganlarning mudhish fojiasi, o‘tinchsiz qismat qarshisidagi umidsizligi ayon bo‘la boradi, o‘quvchi beixtiyor o‘z taqdiri, turmushi, maqsad-intilishlari, o‘zi yashayotgan jamiyat a'zolari bilan kalavaday chuvalashib, murakkablashib ketgan munosabatlarini tahlildan o‘tkaza boshlaydi.
Ishiguroning boshqa kitoblarida bo‘lgani singari, «Men qo‘yib yuborma»da ham «devorga osig‘liq miltiqdan o‘q uzilmaydi», savollar javobsiz qoladi, muallif nima demoqchi bo‘lganini ham, bundan nima xulosa qilish kerakligini ham bir harakatda anglab bo‘lmaydi. Nobel qo‘mitasining taqdirlash formulirovkasida aytilganiday, «aqlga sig‘maydigan darajada emotsional quvvatga ega» romanda «olam bilan xayoliy bog‘liqligimiz ortida yashiringan tubsizlik» ochib tashlanadiki, pirovardida kitobxon shu tubsizlik labida siniq qalb va mantiqiy yakuniga yetmagan bir hovuch o‘ylov bilan yolg‘iz tashlab ketiladi.
Asarning mavzun ruhi uslubiy jihatdan Xemingueyning «Fiyesta»sini, vizual nuqtai nazardan esa Jim Jarmushning «Paterson»ini eslatadi. Tarjimon va tanqidchi Leonid Motilyov roman poetikasiga quyidagicha ta'rif beradi:
«Ishiguroning tili rostanam bosiq, lekin bu bosiqlikka u kitob olamini kengaytiruvchi unsurlarni kiritadi. Bu haqda gapirish qiyin, negaki bunday narsalarni umumiy qo‘llash to‘g‘ri emas. Masalan, romanda qahramonlar qayergadir ketayotganida ko‘pincha dengiz obrazi jonlanadi, va natijada ular dengiz oldiga kelib qoladi. Bu muhim ko‘rinadi, lekin muallif bu kabi detallarga urg‘u bermaydi. Qahramonlar hayotining siqiqligi teskari jihatga ham ega — ular dengizga qarab, shu tariqa o‘zga, kengroq olamga oshno bo‘ladi».
So‘zim yakunida yana bir bor «Qachon o‘zbek adibi qachon Nobel oladi?» savoliga diqqat qaratmoqchiman. Yuqoridagi tavsifdan kelib chiqib, so‘roqqa o‘zingiz javob berishga urinib ko‘ring: yosh va o‘rta yosh adiblarimiz orasida (klassiklarimizni qo‘shmay turaylik) «o‘zbekchilik» panjaralaridan bosh chiqarib, ufqqa umuminsoniy nazar tashlaydigan, o‘ziga xos til, uslub (Bukovski kabi), o‘ziga xos kitobiy olam (Tolkin yoki Folkner kabi) yarata olgan, o‘zbekni ham, inglizni ham, afrikalik bantuni ham insoniylik, individuallik, jamoaviylik singari mavzular ustida bosh qotirishga undaydigan yetuk ijodkorlar bormi? Bor bo‘lsa bordir. Yo ular hali iste'dodining cho‘qqisiga chiqa olmadi, yo maishiylik va an'anaviylik botqog‘idan oyoq chiqarolmay sarson. Taassufki, mening bu boradagi prognozim hech kimga optimizm bag‘ishlamaydi. Nima bo‘lganda ham, o‘zbek adabiyotining muxlisi sifatida mazkur talablarga javob bera oladigan qalamkashlar tezroq yo‘qlikdan bosh ko‘tarishiga umid qilib qolaman.
Eldor Asanov, filolog
Tavsiya etamiz
«Quvur operatsiyasi»: ruslar uni «urushdagi burilish nuqtasi» deyishmoqda
Jahon | 23:40 / 11.03.2025
Amaldorlar “mahalliy” xizmat avtomobillariga o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston | 16:34 / 11.03.2025
Firibgarlar o‘g‘irlagan pullarni qaytarib bo‘lmaydimi?
O‘zbekiston | 15:27 / 11.03.2025
«Tashabbusli budjet» loyihalariga ovoz berish boshlandi
O‘zbekiston | 00:58 / 11.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
London rossiyalik diplomat va diplomatning rafiqasini chiqarib yuboryapti
Jahon | 13:26
-
Bosh prokuraturada jinoyatchilikning oldini olish masalasida idoralararo yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston | 13:20
-
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
O‘zbekiston | 12:30
-
Vengriya va O‘zbekiston olimlari yangi dori vositasini ishlab chiqarish ustida ishlamoqda
Fan-texnika | 12:27
Mavzuga oid

17:41 / 06.10.2022
Short-listdagi favorit: Zelenskiy Nobel mukofotini oladimi?

12:54 / 05.10.2021
Nobel haftaligi: Tibbiyot bo‘yicha 2021 yilgi sovrindorlar e'lon qilindi

20:12 / 23.09.2021
2021 yilda Nobel sovrindorlari mukofotni o‘z davlatlarida oladi

19:20 / 31.01.2021