10:40 / 24.10.2017
80184

Ishning «misi chiqqach», Oliy ta'lim vazirligi xatoni «tuzatdi»

20 oktabr kuni Oliy ta'lim vazirligi matbuot xizmati Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Osiyodagi «Eng yaxshi oliy ta'lim muassasasi»​ nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Xabar vazirlik saytida hamda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifada e'lon qilindi va mahalliy saytlarga tarqatildi.

Xabarda aytilishicha, mukofotni topshirish marosimi 19 oktabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan, tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari U.Sh.Begimqulov ishtirok etgan.

Ko‘p o‘tmay, ishning «misi chiqdi»​. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu sertifikat bir necha o‘n ming dollarga «shon-sharaf»​ni sotish bilan shug‘ullanuvchi ukrainalik firibgarlar tuzgan tashkilot - Yevropa Biznes Assambleyasi tomonidan taqdim etilgan.

O‘zbekistonning ichida kuchli yigirmatalikka ham kiritilmagan universitet AQShning Boston, Stenford universitetlari va Vashington xalqaro o‘quv markazi qatorida e'tirofga sazovor bo‘lishi shubhalarni keltirib chiqardi.

23 oktabr kuni Kun.uz sayti o‘rganishlari natijasini «Narxoz» qanday qilib Osiyoning eng yaxshi universiteti bo‘lib qoldi?​» sarlavhali maqolada jamladi.

Bu maqolada aslida O‘zbekistondagi oliygohlar dunyoning eng kuchli universitetlari 100taligi tugul, 500taligiga ham kirmasligi, bunday reytingga kirish shartlari keltirib o‘tildi.

Maqolada biroz oldinroq xalq orasida «Narxoz»​ nomi bilan tanilgan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining davlat qabul imtihonlarida yuz bergan shubhali holatlar haqida bir necha maqola nashr etilgani eslanadi va bu bilan universitet o‘z obro‘sini tiklashga shu taxlit uringaniga shama qilinadi.

Shundan so‘ng, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi saytidan yuqoridagi xabar olib tashlandi. Lekin saytdan skrinshotlar saqlangan.

Shuningdek, vazirlikning Facebook dagi sahifasida ham ayni paytda bu xabar yo‘q. Lekin bu sahifadan ham skrinshot bor.

Endi bu holat bo‘yicha vazirlikning rasmiy izohi kutiladi.

Mavzuga oid
Top