07:40 / 31.10.2017
8682

Microsoft xodimi taqdimot vaqtida raqobatchi kompaniya brauzeridan foydalanishga majbur bo‘ldi

2017 yil sentabr oyi oxirida Florida shtatida Microsoft Ignite anjumani bo‘lib o‘tganda Microsoft’ning Edge brauzeri bilan noqulay vaziyat yuzga keldi. Gap shundaki, anjumandagi chiqishlardan birida Microsoft xodimi o‘z nutqini bo‘lib, Google Chrome brauzerini o‘rnatishiga to‘g‘ri kelgan, chunki standart Microsoft Edge osilib ishlagan. Bundan anjumanning YouTube-kanalida joylashtirilgan video guvohlik beradi.

Voqea kompaniya xodimi foydalanuvchilar dasturlari va ma'lumotlarini Microsoft Azure bulutli xizmatiga qanday o‘tkazishlari mumkinligi haqida so‘zlayotganda yuz bergan. Xodim bulutli xizmatning demo-versiyasini Edge brauzeri yordamida ko‘rsatayotganda brauzer vaqti-vaqti bilan osila boshlagan. Oxir-oqibat bundan "to‘ygan" xodim Google’ning Chrome brauzerini yuklab olish uchun biroz tanaffus qilishini aytgan. Bu esa anjuman ishtirokchilari orasida kulgu ko‘tarilishiga va olqishlarga sabab bo‘lgan. Kompaniya xodimi raqobatchi kompaniya brauzerini o‘rnatgach, nutqini davom ettirgan.

Brauzerning o‘rnatilishi jarayoni ham videoda aks etgan. Ushbu holat videoning 37:20 daqiqasidan boshlangan.   

"Biz Google’ga yaxshiroq bo‘lishga yordam bermaymiz", deb "g‘ayrilik" qilgan Microsoft xodimi va dasturni o‘rnatish vaqtida "Foydalanish statistikasi va nosozliklar haqida hisobotlarni avtomatik yuborish orqali Google’ga yaxshiroq bo‘lishga yordam berish" bandiga qo‘yilgan belgini olib tashlagan.

 

Mavzuga oid
Top