284 mlrd so‘mlik asbob-uskuna sotgan tashkilot qarzdorlik botqog‘ida? Aybdor kim?

Tahririyatimizga “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi muassisligida tashkil etilgan “Chigil Neft Gaz” MChJ ishchi xodimlari nomidan murojaat kelib tushdi. Unda mazkur firma tomonidan 300 dan ortiq ishchi xizmatchilarga 9-10 oydan beri oylik ish haqlari berilmay kelayotgani haqida ma'lum qilingandi.

KUN.UZ muxbirlari mazkur masalani o‘rganish maqsadida 24 oktabr kuni Qarshi shahriga xizmat safari uyushtirdi.

O‘rganishlarda aniqlanishicha, 2008 yil may oyida tashkil etilgan mazkur tashkilot dastavval “UzGazOil” MChJ tarkibida geologiya-qidiruv boshqarmasi sifatida faoliyat yuritib, Qashqadaryo viloyati hududida yirik konlarda 2010 yilga qadar belgilangan vazifalarni to‘liq bajargan va 10-15 ga yaqin quduq qazib, razvedka ishlarini bajargan. Ammo, keyinroq, moddiy-texnik muammolar paydo bo‘lgani, aniqrog‘i “ZeroMax” kompaniyasining kasodga uchragani sababli tashkilotni moliyalashtirish to‘xtab qolgan. Bu esa, o‘sha vaqtlarda 1000 dan ortiq ishchi-xodim ishlagan firma faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmay qolmadi, albatta.

Asosiy vazifasi burg‘ilash bo‘lgan tashkilot xarajatlarni kamaytirish maqsadida ishchilarni qisqartira boshlab, “O‘zbekneftgaz” MXKning 2016 yil 14 iyun kuni qabul qilgan qaroriga asosan “Chigil Neft Gaz” MChJga aylantirilgan firmada barcha ish o‘rinlari saqlab qolingan.

Shundan so‘ng, moliyalashtirish manbaidan mahrum bo‘lgan tashkilot o‘zida mavjud bo‘lgan burg‘ilash nasoslari va shunga o‘xshash texnika vositalarini “O‘zburneftgaz”ga qarashli “Qo‘qonparmalash”, “Surxonparmalash”, “Olotneftgaz” va “Qorovulbozorneftgaz” kabi tashkilotlarga ijaraga berish orqali oyiga 150-160 mln so‘m daromadga ega bo‘lib turgan. Bu esa oylik maoshga yetarli bo‘lmagani sababli ish haqlarini berishda belgilangan muddatga amal qilinmagan.

Oylik maoshlarda uzilishlar bo‘la boshlagani tufayli ishchi-xodimlar orasida norozilik yuzaga kelib, ular Prezident virtual qabulxonasiga 2016 yil oktabr oyida murojaat qilgan. Oylik muammosini hal etish maqsadida “O‘zbekneftgaz” MXK rahbariyati “Sho‘rtanneftgaz” MChJ hisobidan moliyaviy yordam sifatida pul ajratib bergan. Buning hisobidan 2016 yil iyun-iyul oyi bo‘yicha ish haqlaridagi qarzdorlik yopilgan. Keyinchalik bu muammo yana kun tartibiga chiqa boshlagan.