Sochidagi Bocharov Ruchey qarorgohida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, tor doiradagi uchrashuvdan so‘ng, tomonlar kengaytirilgan tarkibda Suriya masalasini muhokama etishgan va yana tor doiradagi muzokaralarga qaytishgan. Muzokaralar jami to‘rt soatga yaqin davom etgani xabar qilinmoqda.

Rossiya va Turkiya yetakchilarining muzokaralari yakuniga bag‘ishlab matbuot uchun chiqishlari sinxron tarjima uskunasining ishlamasligi bilan boshlandi. Putin darhol vaziyatdan chiqishning yo‘lini topdi va tarjimonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mikrofonga taklif qildi.

RF yetakchisi Vladimir Putin o‘z bayonotini ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishga ulgurishgani, shuningdek, Suriya muammosi ham muzokara mavzusi bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. U Rossiya-Turkiya hamkorligi darajasi tiklanganini qayd etib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 36 foizga oshganligini ta'kidladi. 

Putin ushbu uchrashuv o‘ta tezkor ruhda, byurokratiya va ortiqcha diplomatik jarayonlarsiz, samarali o‘tayotganini qayd etib o‘tdi.

«Bizda ish yuzasidan noformal juda yaxshi fikr almashish amaliyoti, rejalarimizni tahrirlab olish va oldingi muzokaralar yakunini sarhisob qilish shakllanib bo‘ldi. Bunday amaliyotga doimo rioya qilamiz», — dedi Putin.

Turkiya Rossiya Federatsiyasi bilan savdo munosabatlarida qolgan-qutgan cheklovlarning ham olib tashlanishini yoqlaydi, dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an.

«Bizning aloqalarimiz mavjud muammolarning barchasini bartaraf etish yuzasidan davom etib keldi va davom etmoqda… O‘tgan oyda Qozonda hukumatlararo komissiya o‘z ishini yakunladi va uning yakunlariga ko‘ra Rossiyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish bo‘yicha yengilliklar joriy etilganini bilib oldik. Biz qolgan cheklovlar ham olib tashlanishini xohlaymiz», — dedi Erdo‘g‘an.

Turk yetakchisining aytishicha, 2017 yilning birinchi choragida «ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar darajasi 15 milliard AQSh dollaridan oshgan».

«Biz 100 milliard dollarlik marraga yetishimiz uchun ishbilarmonlarimiz yo‘lidagi barcha to‘siqlarni bartaraf etmog‘imiz kerak. Buning uchun oldingi vizasiz rejimga qaytishimiz muhim ahamiyat kasb etadi», — degan u.

Ikki davlat yetakchilari, shuningdek, Suriyadagi vaziyatni ham muhokama etishgan. Putinning qayd etishicha, Rossiya, Turkiya va Eron kabi Ostona jarayonlarining kafili bo‘lgan mamlakatlarning sa'y-harakati natija keltirmoqda, biroq uzoq muddatda vaziyatning barqarorlashuvi bo‘yicha ishlarni ko‘paytirish kerak. Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, mojarolardan xoli zonalarning belgilanishi ham Suriyadagi inqirozni tartibga solishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. U mintaqada tinchlikka siyosiy yo‘l bilan erishish uchun asoslar paydo bo‘lganini qo‘shimcha qildi.