25 ming kishilik sulola. Saudiya Arabistonida kim aslida kim?
4 noyabr kuni kechqurun Saudiya Arabistonida o‘ziga xos «uzun pichoqlar tuni» bo‘lib o‘tdi. O‘sha tunda korrupsiyaga qarshi kampaniya doirasida qirollik xonadoniga mansub 11 shahzoda qo‘lga olindi. Bu tashabbus qirolning valiahdi, shahzoda Muxammad ibn Salmondan chiqqandi.
Hozirgi Saudlar sulolasiga 1932 yilda Abdulaziz Ol Saud tomonidan asos solingan. Saudiya Arabistoni sulolalar tomonidan boshqariladigan hozirda mavjud 3 monarxiyadan biri (Lixtenshteyn va Iordaniyadagi Hoshimiylar qirolligi). Bu sulola mamlakatda mutlaq hokimiyatga ega, barcha davlat organlarida rahbarlik lavozimlarini shu sulola vakillari egallagan, bu amaldorlar qirol tomonidan tayinlanadi.
Bu oilaga mansub saudiyaliklar soni 25 mingga yetadi. Shundan 200 nafardan ortiq kishi shahzodalar.
Avvaliga taxt vorisligi boshqa sulolalarda bo‘lgani kabi otadan o‘g‘ilga emas, akadan ukaga o‘tar edi. Ammo hozirgi qirol Salmon ibn Abdulaziz vorislik tartibini o‘zgartirdi.
Salmon sulolaning yettinchi qirolidir.
1) Abdulaziz ibn Ol Saud (1880-32-1953)
2) Saud ibn Abdulaziz Ol Saud (1932-53-64-1969)
3) Feysal ibn Abdulaziz Ol Saud (1903-64-1975)
4) Xolid ibn Abdulaziz Ol Saud (1912-75-1982)
5) Fahd ibn Abdulaziz Ol Saud (1921-82-2005)
6) Abdulla ibn Abdulaziz Ol Saud (1924-2005-2015)
7) Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud (1936-2015-...)
Quyida Saudlar sulolasining eng nufuzli asosiy namoyondalari bilan tanishish mumkin.
Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud. 1935 yilning 31 dekabrida tug‘ilgan, sulola boshlig‘i. U 2015 yilning 23 yanvarida, o‘z akasi Abdulla (2005-2015) vafotidan keyin Saudiya Arabistoni qiroliga aylandi. U sulola asoschisi, birinchi qirol Abdulaziz ibn Saud (1932-1953) xonadonidagi 45 o‘g‘ildan biri. Taxtga chiqishidan oldin ham muhim lavozimlarda ishlagan, xususan, 1963-2011 yillarda Ar-Riyod gubernatori bo‘lgan, 2011 yilda mamlakat Mudofaa vaziriga aylangan.
Muhammad ibn Salmon Ol Saud. U 1985 yilning 31 avgustida dunyoga kelgan, hozirda taxt vorisi. U qirol Salmonning o‘g‘li bo‘lib, otasi qirolga aylangach, uning o‘rniga mamlakat Mudofaa vaziriga aylangan. U shuningdek, qirollikning bosh vaziri o‘rinbosari, qirollik sudi boshlig‘i hamdir. Shuningdek, qirollikning tashqi siyosatida ham faol ishtirok etadi, bir qator davlatlarga tashrif bilan borib keldi. 2017 yilning 4 noyabridan esa yangi tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi qo‘mitaga rahbar bo‘ldi, birinchi kuniyoq o‘zining taxt uchun ehtimoliy raqiblarini yo‘ldan olishga kirishdi - 5 noyabrga o‘tar kechasi korrupsiyada ayblanib 11 shahzoda va yirik amaldorlar hamda vazirlar hibs qilindi.
Al Volid ibn Talal Ol Saud, 1955 yil 7 martda tug‘ilgan. Qirol Salmonning qarindoshi, Talol ibn Abdulaziz Ol Saudning o‘g‘li. Uning otasi o‘z vaqtida «Ozod amirlar» nomli liberal harakat boshida turgan. Al Volid yirik tadbirkor va xalqaro miqyosdagi investor bo‘lib, Qirollik holding kompaniyasini boshqaradi. 2017 yil mayida uning boyligi miqdori 17,1 milliard dollarga baholangandi. Time jurnali uni «Arablarning Uorren Baffeti» deb atagan. 4 noyabr kuni qo‘lga olinganlar orasida u ham bor edi, keyingi 3 kun ichida uning yo‘qotishlari 2,8 milliard dollarga teng bo‘ldi.
Bandar ibn Sulton Ol Saud, 1949 yilning 2 martida tug‘ilgan. Saudiya Arabistoni shahzodasi, qirol Salmonning qarindoshi. U 1983-2005 yillarda Saudiyaning AQShdagi elchisi sifatida xizmat qilgan. 2005-2015 yillarda Milliy xavfsizlik kengashini boshqargan, keyinchalik bu lavozim tugatilgan.
Sulton ibn Salmon ibn Abdulaziz, 1956 yilda tug‘ilgan. 2000 yildan Turizm va milliy boyliklar bo‘yicha komissiyani boshqargan. Salmonning hozirda tirik bo‘lgan eng katta o‘g‘li. U 1985 yilda arablar orasida birinchi bo‘lib kosmosga chiqqandi.
Muqrin ibn Abdulaziz Ol Saud, 1945 yilda tug‘ilgan. Qirol Salmonning kichik ukasi. U 2015 yilning 23 yanvarida otasi vafot etib, Salmon taxtga o‘tirgach, birinchi valiahdga aylangandi. Ammo o‘sha yilning aprelida qirol Salmon vorislik tartibini o‘zgartirgach, u valiahdlik maqomini yo‘qotdi. Mukrin ibn Abdulaziz 1980-2005 yillar mobaynida Xail va Madina viloyatlarida gubernator bo‘lgan, 2005-2012 yillarda Razvedka xizmatini boshqargan.
Faysal ibn Bandar Ol Saud, 1943 yilda tug‘ilgan. 2015 yil yanvaridan buyon Salmonning o‘rniga Ar-Riyod gubernatori. U 1992 yildan 2015 yilgacha Al-Qosim viloyati gubernatori edi.
Muhammad ibn Naif ibn Abd al-Aziz Ol Saud, 1959 yilda tug‘ilgan. U Saudiya Arabistoni taxtining sobiq birinchi valiahdi (2015 yil 29 aprelidan 2017 yil 21 iyunigacha). U Salmonning qarindoshi, 2012 yilda vafot etgan valiahd Naif ibn Abd al-Azizning o‘g‘li. Ushbu shahzoda 2012 yil noyabridan 2017 yil 21 iyuniga qadar Ichki ishlar vaziri edi.
Mutayb ibn Abdulla ibn Abd al-Aziz Ol Saud, 1952 yilda tug‘ilgan. Sobiq qirol Abdullaning o‘g‘li, Salmonning jiyani. 2013 yildan buyon Saudiya Arabistoni Milliy gvardiyasi vaziri. 2010-2013 yillarda Milliy gvardiya bosh qo‘mondoni.
Mavzuga oid
18:07 / 24.12.2024
Saudiya Arabistonidagi ko‘zgusimon megashaharni robotlar quradi
15:04 / 22.12.2024
Magdeburgdagi yarmarkaga hujum. Hozirgacha nimalar ma’lum?
23:55 / 03.12.2024
Saudiya Arabistoni mashinissiz boshqariladigan dunyodagi eng uzun metroni ishga tushirdi
15:20 / 03.12.2024