O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi Tartib-intizom qo‘mitasi 19 noyabr kuni, Oliy Liga 29-turi doirasida Qarshi shahridagi «Markaziy» stadionida bo‘lib o‘tgan «Nasaf» – «Paxtakor» uchrashuvidan so‘ng, stadiondagi muxlislar va «Paxtakor» klubi darvozaboni Aleksandr Lobanov o‘rtasida yuz bergan voqeani o‘rganib chiqdi.

O‘yindan so‘ng, Aleksandr Lobanov maydonni tark etar ekan, «Nasaf» klubi muxlislari uning sha'niga noloyiq so‘zlarini yo‘llab, haqorat qilishgan. «Paxtakor» darvozaboni esa bunga noo‘rin harakatlar bilan javob qaytargan. Mazkur holat PFL Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilgach, futbolchi Aleksandr Lobanovning harakatlari sabab uning jamoasi «Paxtakor» klubi 50 000 000 (ellik million) so‘m miqdorida jarimaga tortilishi belgilandi.

O‘z navbatida, «Nasaf» klubi muxlislarining muxlislik madaniyatiga zid harakatlari sababli jamoa 100 000 000 (yuz million) so‘m miqdorida jarimaga tortilishi belgilandi.

Agar kelgusida shunday harakatlar takrorlanadigan bo‘lsa, har ikki klub bundanda keskinroq tarzda jazolanadi. Jumladan, «Nasaf» klubi muxlislari tomonidan shunday harakatlar takrorlansa, jamoa kelgusi uy uchrashuvlarini muxlislarsiz o‘tkazadi.

Agar mavzuni chuqur tahlil qilish kerak bo‘lsa, bu omilga ham atroflicha to‘xtalsa bo‘ladi. Lekin bilasizmi, bu yerda asosiy masala haqiqatning tagiga yetish emas. Yo‘q bu yerda haqiqat ham, haq taraf ham. Hammaning o‘z haqiqati borligi qanchalik rost bo‘lsa, Tartib Intizom qo‘mitasining vazifasi shu qadar aniq - alohida harakatlarni o‘rganish, qayd etish va jazolash. Tamom.

Har ikkala klubga ham qo‘yilgan reglamental jazolar rasman e'lon qilindi. Stadionda yuzaga kelgan tartibsizliklarning oldini ola bilmagani, sharoit yaratgani uchun klub va stadionning jazoga tortilishi normal holat. (Bu tajribadan Yevropaning rivojlangan mamlakatlari allaqachon o‘tganlar. Jarima to‘layverib, zerikkan klublar muxlislar bilan ishlashning yangi bosqichlariga o‘tdilar, stadion personali vazifalari o‘zgardi, jamoaviy emas, individual jazo turlari ko‘paydi. Bir muxlis tartibni buzdimi, klub uni aniqlab yillik yoki bir necha yillik abonementdan mahrum qiladi masalan). Shunchaki, «Nasaf» to‘lashi kerak bo‘lgan 100 million, «Paxtakor»ning 50 million so‘m jarimasi qaysi hisob-kitoblar asosida yuzaga kelganini tushunmadim. Balki bir necha qoidalarning buzilgani yig‘ilib (xabarda faqat Lobanov masalasi ko‘rsatilgan) shu miqdorni keltirib chiqargandir yoki dollarning rasmiy kursi ikki barobar oshgani rol o‘ynagandir, bilmadim.   

Lekin masalaning eng asosiy va xunuk qismi: Futbolchining harakatlarichi? Terma jamoa posboni Aleksandr Lobanov nega jazodan quruq qoldi?