Jahon | 18:51 / 06.12.2017
21344
3 daqiqa o‘qiladi

«Dahshatli xato». Erdo‘g‘an al-Quds bo‘yicha IHT sammitini chaqirmoqda

Foto: AP

Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari yetakchilarining favqulodda sammitini Istanbulda 13 dekabr kuni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bu AQSh al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olmoqchi ekani bilan bog‘liq, deya ma'lum qildi Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Qalin.

Turkiya ayni damda Islom hamkorlik tashkilotida raislik qilmoqda.

Avvalroq Oq uy vakili AQSh prezidenti Donald Tramp 6 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlarning Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish haqida e'lon qilishini xabar bergandi.

"Al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish dahshatli xato va xalqaro qonunchilikning buzilishi bo‘ladi. Al-Quds – bu barchamizning umumiy mas'uliyatimiz. Bizning prezident ma'lum qildiki, u musulmonlar uchun qizil chiziqdir. U Islom hamkorlik tashkiloti yetakchilarini Istanbulda 13 dekabr kuni favqulodda sammitga taklif etadi, bu ushbu qadamga qarshi javob harakatlarini muvofiqlashtirish uchun kerak", - deya aytib o‘tdi Qalin jurnalistlarga.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Turkiya prezidenti ushbu masala bo‘yicha chorshanba kuni Malayziya, Tunis, Eron, Qatar, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Indoneziya yetakchilari bilan telefon muloqotini o‘tkazgan, boshqa yetakchilar bilan maslahatlashuvlar davom etmoqda.

Kecha esa Erdo‘g‘an AQSh tomonidan al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olinishi Turkiya va Isroil o‘rtasida diplomatik aloqalarning uzilishiga olib kelishi mumkinligini ma'lum qildi.

Isroil al-Qudsni, jumladan, Iordaniyadan yarim asr avval egallab olingan uning sharqiy tumanlari va tarixiy markazini o‘zining “yagona va ajralmas” poytaxti sifatida e'lon qildi. Jahon hamjamiyati bosib olish holatini tan olmaydi va shahar maqomini Yaqin Sharqdagi mojaroning eng asosiy muammolaridan biri sifatida ko‘radi. Shu sababdan barcha xorijiy elchixonalar Tel-Avivda joylashgan.

AQSh Kongressi 1995 yilda Isroildagi elchixonani Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish haqidagi qonunni qabul qilgan. Biroq shaharning bahsli maqomi va bu holatning arab-musulmon dunyosi bilan munosabatlardagi o‘ta nozikligi inobat olinib barcha amerikalik prezidentlar, jumladan Tramp ham, har yarim yilda bu qarorning bajarilishini ortga surib kelgan.

Avvalroq Marokash qiroli Muhammad VI ham al-Quds bo‘yicha bayonot bergani xabar qilingandi.

Mavzuga oid