Jahon | 14:17 / 06.12.2017
14805
4 daqiqa o‘qiladi

Marokash qiroli ham aralashdi. Muhammad VI al-Quds bo‘yicha bayonot berdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Trampning al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish bo‘yicha qarori Falastin-Isroil mojarosiga yechim topishga doir muzokaralarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin, deya hisoblaydi Marokash qiroli Muhammad VI. U Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi al-Quds bo‘yicha Qo‘mita raisi sanaladi.

Marokash qirolining Trampga yo‘llagan murojaati matniga ko‘ra, al-Qudsning maqomi Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal qilish masalasida markaziy o‘rinni egallaydi. "Shaharning huquqiy maqomini saqlab qolish lozim, hamda uning siyosiy maqomiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rish kerak emas", - deya hisoblaydi Marokash qiroli. Murojaat matni qirollik kantselyariyasi saytida e'lon qilindi.

AQSh Yaqin Sharqdagi tinch jarayonning “asosiy homiylaridan” biri bo‘lgani sababli, al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish rejasi mojaroga yechim topishda salbiy o‘rin tutishi mumkin.

"Yuqorida tilga olingan reja Falastin-Isroil mojarosiga adolatli hamda keng ko‘lamli yechim topish istiqbollariga, ayniqsa AQSh tinch jarayonning asosiy homiylaridan biri bo‘lib turganida, unga barcha tomonlar ishonch bildirayotgan sharoitda salbiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimoldan yiroq emas", - deya yozgan Marokash qiroli.

Muhammad VI Qo‘shma Shtatlar prezidentiga al-Quds yahudiylar, xristianlar va musulmonlar uchun juda muhim o‘rin tutishini eslatib qo‘ygan hamda bu shaharning “birga yashash va sabr-toqat yeri hamda belgisi” maqomini saqlab qolishga chaqirgan.

Mavzuga oid: «Ehtiyot bo‘ling!». YeI AQShni al-Quds bo‘yicha ogohlantirdi

"O‘zining noyob diniy xarakteri, tarixiy o‘rni va muhim siyosiy ahamiyati tufayli al-Quds barcha uchun birga istiqomat qilish va sabr-toqat yeri hamda belgisi bo‘lib qolishda davom etishi kerak", - deya xulosa qilgan qirol.

AQSh prezidenti Donald Tramp al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olganini chorshanba kuni rasman ma'lum qiladi, deya xabar bergan Oq uyning yuqori lavozimli vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, "bu ham tarixiy haqiqatni, ham hozirgi reallikni tan olish sanaladi", shuningdek, tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokara jarayonining qandaydir jihatlari va chegara masalasiga aloqador emas. Oq uydan qayd etishlaricha, al-Quds bo‘yicha qaror AQShning Isroil chegaralari bo‘yicha siyosatini o‘zgartirmaydi. 

Isroil al-Qudsni, jumladan, Iordaniyadan yarim asr avval egallab olingan uning sharqiy tumanlari va tarixiy markazini o‘zining “yagona va ajralmas” poytaxti sifatida e'lon qildi. Jahon hamjamiyati bosib olish holatini tan olmaydi va shahar maqomini Yaqin Sharqdagi mojaroning eng asosiy muammolaridan biri sifatida ko‘radi. Shu sababdan barcha xorijiy elchixonalar Tel-Avivda joylashgan.

Mavzuga oid: Arab davlatlari yetakchilari Trampning qaroriga qanday munosabatda?

AQSh Kongressi 1995 yilda Isroildagi elchixonani Tel-Avivdan al-Qudsga ko‘chirish haqidagi qonunni qabul qilgan. Biroq shaharning bahsli maqomi va bu holatning arab-musulmon dunyosi bilan munosabatlardagi o‘ta nozikligi inobat olinib barcha amerikalik prezidentlar, jumladan Tramp ham, har yarim yilda bu qarorning bajarilishini ortga surib kelgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid