Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qaynotam shahvat bilan qaradi...», «Birovning xotinini sevaman...»: Insoniyat karantinga muhtoj
E'tibor berayapsizmi, qish qishga o‘xshamaydi, vaqtdan baraka ko‘tarilgan – ko‘z ochib yumgancha oylar o‘tib ketmoqda, qalblar qattiqlashib bormoqda, xullas, insoniyat o‘z yo‘lidan adashib ketdi. Nega? Chunki inson o‘z yuziga yopilgan muqaddas pardani yirtmoqda, o‘sha buyuk, o‘sha aziz, o‘sha ulug‘ parda – hayoning, iffatning rasvosini chiqarmoqda, uni ko‘mishga, ko‘mganda ham qaytib eslanmaydigan holda yo‘q qilishga intilmoqda.
Ko‘pchilik «o‘zbekchilik» degan atamani ko‘proq salbiy ma'noda talqin etadi. Ammo yaxshiyam-ki, ana shu «o‘zbekchilik» degan narsa bor ekan. Shu tushuncha bo‘la turib, bugungi holatimiz, ma'naviyatimiz, axloqimiz haminqadar bo‘lib bormoqda, biz uchun uyatli va chidab bo‘lmas holatlar tabiiylik tusini olmoqda.
Tabiiylashtirish
Yaqinda «O‘zbekiston» telekanalining «Uchburchak» ko‘rsatuvida bir kelinchak chiqib, qaynotasining unga gap otgani, shilqimlik qilganini gapirib berdi. E'tibor bering, ipidan ignasigacha, har bir detaligacha hikoya qildi. Savol: bunga qanday qilib yuzi chidadi ekan? Bu holatga qaynota, er va boshqa qarindoshlar munosabat bildirishdi. Savol: ularning yuzi qanday chidadi? Bu voqeaga mutaxassislar, ko‘rsatuv ishtirokchilari izoh berishdi. Savol: Umuman bu narsalarga o‘zbeklarning yuzi qanday chidamoqda?
Taniqli adibimiz O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asari qahramoni Robiya o‘z tog‘asining xotini rais bilan don olishib yurganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, ammo bu haqda hech kimga hech narsa demaydi. Yangasidan nafratlanadi, ammo beti chidamay, bu haqda lom-mim demaydi. Yozuvchi qahramoni orqali bu voqeani oshkor etishi, el-yurt oldida bundaylarni sharmanda qilishi mumkin edi-ku? Ammo o‘zbekning xarakteridan kelib chiqib, andishaga borib, bu haqda so‘z yuritmaydi, qahramonini haqiqiy o‘zbek obrazida qiyoslaydi.
Kelinning aytayotganlariga diqqat bilan e'tibor qarating, faqat diqqat bilan: «Erim qaynotam bilan gaplashib oldi. Dada, boshqa birov bilan bo‘lsa mayli derdim, kelib-kelib mani xotinimga osilasizmi?». Boshqa birov bilan bo‘lsa mayli... Demak, zinoga mayli, demak fahshga mayli... 64 yoshli nuroniy inson zinokorlik qilsa mayli, faqat kelini bilan emas, shundaymi?
Bir vaqtlar Nodir Jonuzoq tomonidan «Gap chiqdi» degan ko‘rsatuv bo‘lardi. Parda ortidan turib, oilalar muammosi hal etilardi. Lekin ochiq-oydin chiqib, butun millat oldida gapirishlar bizga begona edi.
Ertaga bir qiz chiqib, tog‘asi yoki amakisi va yoki akasining shahvoniy qarashlari haqida gapirsa, yana biri chiqib boshqa qarindoshini hikoya qilsa, alaloqibat bu narsalar biz uchun tabiiylikka aylanmaydimi?
Ja, ko‘pirtirmang dersiz... Aslo. Bugun dunyoning bir chekkasidagi portlashda 20 kishi o‘ldi deganda pinagimizni buzmayotgan, yumor deya sahnaga chiqib erotik gaplardan zavqlanib kulayotgan, birovning xotini bilan yurib, buni sevgi deya izohlayotganlarni qahramonga aylantirayotgan, kelini qaynotasini chopib tashlabdi deganda «yo‘g‘yeye», deb qo‘yayotgan va bularning barchasini tabiiy qabul qilayotgan o‘zimiz, o‘zga sayyoraliklar emas...
Bunday muammolarni olib chiqmasa, ertaga bu narsalarni kim gapiradi, degan fikr o‘tgan bo‘lishi ham mumkin xayolingizdan. Javobim quyidagicha: Bu kabi holatlar qarindosh-urug‘ doirasidan chiqmagan, chiqmasligi kerak. O‘zbek doim shunday yo‘l tutgan va bu usul asrlarki o‘zini oqlab kelayotir.
Alvido, serial
Bugun kanallarimizda seriallar ko‘paygan. Biri tugamasdan ikkinchisi boshlaydi. Ommaviyligi ham yomonmas. Ko‘chadagi xotinlar gapining asosiy mavzusi sevimli serialidagi muhim voqealarni sharhlashdan iborat. Hatto ayrim erkaklar ham sevgi mashmashalariga to‘la turk seriallarining shaydosi.
Ammo ular ana shu sevimli seriallaridagi sevimli qahramonlari ular o‘rniga farzandlarini tarbiyalayotganini bilisharmikan? Mana shu seriallar ta'sirida ma'naviyatlari sekin-astalik bilan o‘zgarib borayotgani, oila, er, xotin, qarindosh va boshqa insoniy yuksak fazilatlarga nisbatan munosabatlari o‘zgarib borayotganini sezisharmikan? Birovning xotini bilan ochiqchasiga gaplashish, ota-onasiga aql o‘rgatish, aka-uka o‘rtasidagi qadrsizlik, ochiq kiyinish va shunga o‘xshash axloqsizlik, insoniylikka xos bo‘lmagan illatlarga tabiiy tus berayotgan serial quliga aylanib qolayotganlarini anglasharmikan?
Mana shu maqolani yozayotganimda «Zo‘r TV» orqali QVZ ko‘rsatuvi bo‘lib o‘tayotgan ekan. Unda Yulduz Usmonovaning «Men sen bilan qirolichaman» qo‘shig‘iga parodiya sifatida qilgan yumorlari qulog‘imga elas chalindi:
«Kerak emas Amirdaka boy,
Asli ismim o‘zi Barchinoy.
Men Kamolni chindan sevarman.
Lekin Amir bilan qirolichaman...»
Mana sizga tabiiylik, mana sizga ahamiyatsizlik. Bu «mening erim bor, lekin o‘ynashimni sevaman, ammo erim bilan ham, o‘ynashim bilan ham qolaveraman», deganimi?
Bu serial deganlari kechki soat o‘nda yakunlanadi. Shu seriallarni ko‘rayotganda atrofingizga qarang, kimni ko‘rayapsiz. Bolalaringizni a? Shu serialdan tarbiya olayotgan bolalaringizni... Soat kechki sakkizda boshlanib, kechki o‘nda yakunlanadigan seriallarga mahliyo ota-onalar o‘z farzandlarining shu vaqtda nimalar bilan bandligini bilishadimi? Kamida ular bilan birga o‘tirib, serial tomosha qilishadi. Bo‘lmasa, o‘z telefon va planshetlarida o‘zlari istagan videolarni ko‘rishadi. Xullas, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, ota-ona serial bilan andarmon, qaynota-qaynona ham o‘sha yerda, bola o‘zi bilan o‘zi ovora, serialda esa axloqsizlik va ma'naviyatsizlik targ‘iboti...
Abdulla Avloniy o‘zining «Turkiy Guliston yoxud axloq»da shunday deydi:
«Emdi ochiq ma'lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go‘zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur, degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo‘li to‘qmoq onalarmi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar», der. Mana, bu so‘z kishining yuragini ezar, bag‘rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak, qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so‘zni eshitgach, umid qo‘llari qo‘ltuqg‘a urilur».
Bu gaplar bundan yuz yil ilgari aytilgan. Qaynotasi haqida ochiqdan ochiq gapirayotganlarni, birovning xotini bilan yurib buni muhabbat deyayotganlarni, erotik hazillarni farzandi bilan ko‘rayotgan ota-onalar tarbiyaga, avvalo, o‘zlari muhtojlar.
Qaytar dunyo
Insoniyat xatti-harakati hech qachon e'tibordan chetda emas. Alloh barchasidan voqif. Hech kimga o‘zga o‘stirgan daraxtning mevasidan yedirilmaydi. Barcha o‘zi ekkan mevani yeydi. Qanday o‘stirganidan, mazasidan qat'i nazar faqat va faqat o‘z mevasini yeydi.

Ertaga farzandimiz tarbiyasiz bo‘lib ketsa, ertaga farzandimiz hayosiz insonga aylansa, ertaga turmush tarzimizdan baraka ko‘tarilsa, ertaga biror bir musibat boshimizga tushsa, «qaysi aybim uchun» demaylik... Bu misolni bir inson taqdirida keltirdim, jamiyatda xuddi shunday... Chunki avval boshidan barchasiga o‘zimiz urug‘ tashlaymiz, keyin uni nihol qilib o‘stiramiz va ana shu daraxtning mevasini o‘zimiz yeymiz. Daraxt mevasining shirinligi ham, zaqqumligi ham o‘z qo‘limizda.
Gapimiz yakunida aytmoqchimizki, insoniyat karantinga muhtoj. Qanday deysizmi? Bu keyingi maqolamiz mavzusi...
Sarvar Anvar o‘g‘li
Mavzuga oid
08:19 / 28.04.2026
O‘zbekistonda har ming oiladan 175 tasi ajrashadi – tadqiqot
18:07 / 07.03.2026
Andijonlik qiz kelinlik uyiga 800 ta kitobdan iborat sep bilan bordi
15:20 / 03.02.2026
Ijtimoiy reyestrdagi oilalar uchun individual reja ishlab chiqiladi
14:44 / 03.02.2026