Pep Gvardiola APLdagi bir qancha rekordlarni yong‘oq misoli chaqib tashladi, eng yomoni, bu yong‘oqlar asosan, shaharning narigi tarafida istiqomat qilayotgan Joze Mourinoning boshida chaqilayotgani voqeani yanada qizitib yubormoqda. O‘tgan yili chempionlikni nishonlagan Konte, bunday holatlarga o‘rganib qolgan Venger, sakson besh millionga himoyachi sotib oladigan pul bo‘la turib, doim bechoraga o‘xshab turadigan Klopp emas, aynan Joze Mourinoga qarab istehzoli kulaveramiz.

Sababi, oddiy, har ikki murabbiy bir vaqtda, bir maqsadlarda Angliyadagi ikki jamoaga taklif qilingan, deyarli bir xil pul sarflashdi, kimdir unisini, kimdir bunisi muvaffaqiyatliroq bo‘lishini aytdi. Mana shu kurashda Pep Gvardiola 15 ochkoga o‘zib ketdi. Joze yig‘lamay, kim yig‘lasin?

Joze yig‘ladi, «MYu»da tarkibni kuchaytirish uchun yana transferlar lozimligini aytar ekan, «Manchester Siti» hatto qanot himoyachilari uchun ham ellik million funt sarflayotganini qistirib o‘tdi. Hech kim uning gapini eshitmadi, eshitganlar uning ustidan kuldi - axir sen ham uch yuz million yevro pul sarflading, nahotki bu pullar «Byornli»ni yutish uchun yetarli bo‘lmasa?

Boshqa tarafdan, vaziyatga chuqurroq qarash imkoni doim mavjud. Xo‘sh, rostan ham murabbiylar poygaga ayni boshlang‘ich nuqtadan chiqishdimi? Bu savolga javob izlar ekanmiz, portugaliyalik mutaxassisga rostan ham oson emasligini anglagandek bo‘lamiz.

BOShLANG‘ICh NUQTA

Joze va Pep yangi jamoalarga tayinlashganidan avvalgi mavsumda, har ikki Manchester klubi teng ochko jamg‘argan va faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra, «Siti» 4-o‘rinni olgandi. O‘zaro o‘yinlarda hatto «Yunayted» bir g‘alaba va bir durangga erishgan. Bu tomondan qaraganda, murabbiylarga ayni saviya va ayni kuchdagi jamoalar meros bo‘lib qolgan. Rostan ham shundaymikin?

Yo‘q. «Manchester Siti»da Gvardioladan oldin Manuel Pellegrini to‘liq uch mavsum ishladi. Ilk mavsumdayoq chempionlikka erishgan chililik mutaxassis bemalol o‘z jamoasini qurdi va «Siti» deyarli o‘zgarmas tarkib bilan mana shu uch yilni o‘tkazdi. Transferlar ham bir murabbiy yo‘nalishi va rejasi asosida amalga oshirib borildi. Ya'ni, Gvardioladan oldingi uch yil qaysidir ma'noda barqaror o‘tgandi. Pellegrini bu davrda birinchi, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni oldi. Shuningdek, Pellegrini Manchesterga «Malaga»dan tashrif buyurganini, ya'ni, asosan ispan futboli targ‘ibotchisi bo‘lganini e'tiborga olsak, bu tomondan ham Gvardiolaga oson edi. Pellegrini jamoaga olib kelgan De Bryuyne, Sterling, Otamendi, Fernandino, shuningdek, Silva, Aguero kabi eski futbolchilar Pep Gvardiolaning g‘oyalariga mos ekanini ko‘rmoqdamiz, bu futbolchilar hozir uning asosiy qurollaridir.