1 yanvar kuni qishki transferlar darichasi ochilganidan buyon bir nechta jiddiy transferlar amalga oshirib bo‘lindi. «Liverpul» van Deykni o‘ziniki qildi, «Lester» nihoyat Adriyen Silvani o‘z futbolchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi, Diyego Kosta «Atletiko»ga qaytdi, «Bavariya» ichki chempionatdagi raqiblarni kuchsizlantirishni davom ettirib «Hoffenhaym» hujumchisi Sandro Vagnerni o‘z safiga qo‘shib oldi, Arsen Venger o‘ziga xos tarzda 2,1 million yevroga transfer qildi, Gretsiyadan nomini aytish murakkab bo‘lgan yosh himoyachi Londonga keldi.
«Tribuna» qishki transferlar vaqtida amalga oshishi mumkin bo‘lgan yana 10 transferni ko‘rib chiqadi.
Filippe Koutino, «Liverpul»
Transfer bahosi: 65 million yevro (transfermarket)
Qayerga: «Barselona»

Har bir transfer darichasida eng ko‘p muhokama qilinadigan transfer afsonasi bo‘ladi. Koutino va «Barselona» tarixi esa allaqachondan buyon davom etmoqda. Avgust oyidayoq ushbu futbolchi Kataloniyada bo‘lishi mumkin edi. Ammo Yurgen Kloppning qaysarligi o‘shanda bu transferga to‘siq bo‘lgandi. Endi esa Koutinoning o‘jarligi ustun kelmoqda va futbolchi yana jarohat olganini bahona qilib jamoa o‘yinlarini boykot qilmoqda. Natijada, «Liverpul» futbolchisini «Barselona» taklif etayotgan 110 million yevro (qo‘shimcha 40 million yevro bonuslar ko‘rinishida) evaziga transfer qilishga rozi.
Bu vaqtda «Barselona» homiylaridan biri Nike o‘z internet magazinida Koutinoning transferi haqida muddatidan oldin e'lon qilib yubordi.
Leon Gorettska, «Shalke»
Transfer qiymati: 40 million yevro (transfermarket)
Qayerga: «Bavariya»

Bir hafta muqaddam Bild nashri 2017 yilgi Konfederatsiyalar kubogida Germaniya terma jamoasida o‘zini ko‘rsatgan 22 yoshli bu futbolchi yozda «Bavariya»ga o‘tishi haqida yozgandi.
Ammo myunxenliklar jamoasi murabbiyi Yupp Haynkess barchasini inkor etdi: «Gorettskaning agenti aytdiki, uni ispan klublari sotib olmoqchi». Ammo hamon myunxenliklar ushbu futbolchi uchun asosiy da'vogar bo‘lib turishibdi va uning yozda kelishi bo‘yicha shu kunlardayoq kelishib qo‘yishmoqchi.
















