Sport | 15:40
3604
28 daqiqa o‘qiladi

Qishdagi asosiy transferlar: «Siti» yana faol, Endrik «baxti»ni topdi, Saudiyada mojarolar

Yevropada qishki transferlar oynasi ham yopildi va qator jamoalar mavsumning ikkinchi yarmi oldidan tarkiblarini kuchaytirib olishdi. Odatdagidan ancha sokin kechgan bo‘lsa-da, aslida e’tiborga arzirli kelishuvlar ham bo‘ldi. Quyida qishki transferlardagi eng qimmat 10 xarid haqida fikr yuritiladi.

Lorenso Lukka («Udineze»dan «Napoli»ga) – 26 million yevro

Futbolchini ushbu transfer oynasida «Napoli» sotib olgan bo‘lsa-da, u yangi klubini tark etib, «Nottinghem Forest»ga yo‘l oladi. Gap shundaki, aslida Italiya klubi hujumchini o‘tgan yozda «Udineze»dan ijaraga olgandi. Romelu Lukakuning jarohati klubni turli variantlarni izlashga undagan va Hoylund bilan birga Lukka ham olib kelingandi. Ammo 25 yoshli hujumchi «Napoli»da ko‘p o‘ynamadi, Antoni Konte ko‘proq Rasmusga ishonch bildirdi. Lukka esa birinchi davrada atigi 4 o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Romelu Lukaku jarohatidan tuzalishi esa Lukkaga bo‘lgan ehtiyojni yanada kamaytirib yubordi.

Ammo avvalgi mavsumlarda «Udineze» tarkibida sermahsullik ko‘rsatgan, Italiya milliy jamoasiga ham jalb qilinayotgan hujumchidan butunlay voz kechilmadi. «Napoli» uning transfer huquqini «Udineze»dan sotib olib, «Nottinghem Forest»ga ijaraga berdi.

Buni ancha oqilona yurish deyish mumkin. Birinchidan, agar futbolchin Angliyada o‘zini ko‘rsatsa, uni kattaroq narxga sotish imkonini beradi. Ikkinchidan, mabodo Lukka yozda Angliyadan qaytib kelgan taqdirda ham, klubda Hoylundning transfer huquqini sotib olishga zarurat bo‘lmaydi. Uchinchidan, «Nottinghem»dagi ehtimoliy muvaffaqiyatli o‘yinlar Lukka Italiya milliy jamoasi tarkibida mundialga borishiga yo‘l ochishi mumkin. «Napoli» zaxirasida esa unda bunday imkoniyat bo‘lishi dargumon. Aytish mumkinki, jahon chempionati – har qanday futbolchining narxini oshirish uchun ayni muddao. 26 million yevro Italiya klublari uchun katta summa hisoblansa-da, yakunda «Napoli» bu transferdan ijobiy farq bilan chiqishi ham mumkin.

Muhammad Qodir Meyte («Renn»dan «Al Hilol»ga) – 30 million yevro

Muhammad Qodir Meyte – Krishtianu Ronalduning g‘azabiga sabab bo‘lgan transferlardan biri. «An Nasr»ning transfer bozoridagi sustkashligi fonida «Al Hilol»ning bu xaridi katta qadam sifatida baholanishi mumkin. Bu shuningdek, Saudiya klublarining transfer bozoridagi yangi siyosatini ham ifodalaydi – nafaqa yoshidagi yulduzlarni jalb qilish o‘rniga, yosh va istiqbolli futbolchilarni oldinroq payqash va kelajakda Yevropa klublariga qayta sotish orqali liganining imijini yanada oshirish.

So‘nggi yil davomida qator futbolchilar Saudiyadan Turkiya va Ispaniyaga qaytishdi. Saudiyaga ketish – futbolchilik faoliyatini yakunlash emasligini namoyish qilish – juda ko‘p yosh futbolchilarning qiziqishini oshirishi turgan gap. Meytening transferi mana shu jihatdan ham juda ahamiyatli.

Muhammad Meyte, 18 yoshli, bo‘yi 193 sm bo‘lgan baquvvat hujumchi. Futbolchiga Angliyaning qator klublari, jumladan «Manchester Yunayted» ham qiziqqani – kelishuv darajasini oshiradi. Meyte o‘tgan mavsumdan boshlab «Renn» safida liga o‘yinlarida qatnasha boshlagan, bu mavsumda esa Fransiya chempionatida asosan zaxiradan maydonga tushib, 3 gol va 2 assist amalga oshirgandi. Fransiyaning turli yoshdagi jamoalarida o‘ynab chiqqan. Futbolchining Transfermarket portalidagi narxi 13 million yevro etib baholangan bo‘lsa ham, u yoshligi, raqobat yetarlicha bo‘lgani, Saudiya Arabistoni «solig‘i» bilan qo‘shib hisoblansa – ancha adekvat narx.

Oskar Bobb («Manchester Siti»dan «Fulhem»ga) – 31 million yevro

«Zamonaviy futboldagi bir holat meni xafa qiladi – yoshlar tarkibida yaxshi futbolchilar bo‘lib turib, nega klublar tashqaridan katta summalarga hujumchi sotib olishadi?» – deb yozg‘irgan ekan 2009 yilda Pep Gvardiola.

Albatta, agar akademiyadan Messi yoki Pedro chiqib tursa, bunday fikrlash oson, ammo o‘z vaqtida Oskar Bobb ham Manchesterning bo‘lajak yulduzi sifatida baholangan. Endi esa so‘nggi yillarda klubni birma-bir tark etayotgan tarbiyalanuvchilar safiga qo‘shildi.

Boshqa tomondan olib qaraganda, norvegiyalik futbolchi allaqachon 22 yoshda, bundan buyog‘iga keskin o‘sish bo‘lishini kutish qiyin. To‘g‘ri, uning jamoa tarkibida bo‘lishi, ba’zi o‘yinlarda foydalanish uchun zarar qilmaydi, ammo bugungi moliyaviy cheklovlar davrida akademiya futbolchisi uchun 30 million yevrodan ko‘proq mablag‘ olish – klubga transfer bozorida ko‘proq xarajatlar qilishga imkon beradi.

Oskar Bobb 2023/24 yillar mavsumida kashfiyotlardan biri bo‘lgan, uning «Nyukasl» darvozasiga so‘nggi daqiqalarda urgan g‘alaba golini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Ammo u keyingi mavsum boshidayoq, aniqrog‘i, Superkubok uchun o‘yinda og‘ir jarohat oldi va uzoq muddatga safdan chiqdi. Aynan mana shu voqea futbolchining rivojlanish tempini ancha ortga surib yubordi.

«Fulhem» esa futbolchi uchun ideal joy deyish mumkin. Yoshlarga imkon beradigan yaxshi murabbiy, barqaror muhit, yevrokuboklar uchun kurash, bosim biroz kamroq ekani – Bobbning o‘z darajasiga qaytishi uchun ideal sharoit. Aynan «Fulhem»da Oskarning taqdirdoshlari, ya’ni top-klublarning asosiy tarkibiga ilina olmagan bir qator futbolchilar, jumladan, Sessenyon, Smit-Rou, Ivobi, Chukveze, Perreyra, Leno, Traore kabi futbolchilar ancha muvaffaqiyatli to‘p surgani va surayotganini eslash kifoya.

Ademola Lukman («Atalanta»dan «Atletiko»ga) – 35 million yevro

O‘tgan yozda ispan klublari ichida eng ko‘p pul sarflagan «Atletiko» qishda ham jim o‘tirmadi va hujum chizig‘ini yanada kuchaytirdi. Lukman aynan Simeonebop futbolchi – jismonan kuchli, ko‘p yuguradi, Gasperini futbolida ham yo‘qolib qolmagani – u haqidagi xulosalar uchun yetarli. Shu bilan birga, yaxshigina driblingga ega va tezkor. Kichik hududlarda ham, qarshi hujumda ham, turli sxemalarda ham foydali harakat qila oladi. Chap qanotda, hujum ortida, yagona hujumchi sifatida ham tajribaga ega. Simeone jamoasida Lukman kabi futbolchilar doim bo‘lgan, masalan, Anxel Korreani tilga olish mumkin.

Aslida «Atletiko»ning Lukmanga e’tibor qaratganining asosiy sababi – Antuan Grizmanning sport formasi pasaygani bo‘lishi mumkin. Fransiyalik futbolchining avvalgidek emasligi Alvaresga bo‘lgan yuklamani ham oshirib yubormoqda. Lukman esa jamoani juda yaxshi to‘ldirishi mumkin.

Ademola 28 yoshda ekani va bu katta klublardagi oxirgi shartnomasi bo‘lishi mumkinligidan kelib chiqsak, 35 million yevro biroz qimmat ko‘rinadi, lekin boshqa tarafdan, Madriddan qarshi reys bilan Jakomo Raspadori «Atalanta»ga yo‘l oldi. Transfer narxi xuddi olti oy oldin «Atletiko» sotib olganidek – 22 million yevro. Ya’ni Lukman uchun belgilangan narxga rozi bo‘lish evaziga avvalgi muvaffaqiyatsiz transfer xarajati ham qoplanmoqda. Bu rokirovka ortida yana nimalar borligini bilmaymiz. Shu o‘rinda «Barselona» va «Yuventus» o‘rtasida Artur va Piyanich ishtirokidagi rokirovkani eslash mumkin.

Konor Gallaher («Atletiko»dan «Tottenhem»ga) – 40 million yevro

«Atletiko» Konor Gallaherni ham «Tottenhem»ga sotdi. Ikki yil oldin Konor Londonning boshqa klubi – «Chelsi»dan Madridga tashrif buyurganida, aynan Simeone uslubidagi futbolchi sifatida baholangandi. Haqiqatan ham Gallaher undan kutilgan darajani berdi, lekin baribir ispan futboli Angliyadagidan farq qilishini ham e’tiborga olish kerak. «Atletiko» La Liga yoki Yevropa futboli fonida asosan jismoniy futbolga asoslangan uslubdek tuyulsa-da, baribir to‘p nazorati, pas berish madaniyati bo‘yicha minimal talablar APLdagiga qaraganda yuqori. Tabiiyki, bu borada Konor «Atletiko»ning boshqa yarimhimoyachilari Koke yoki Baena bilan raqobatlasha olmaydi. Natijada u asosiy tarkib futbolchisi emas, ayrim tor vazifalar, aniq ba’zi ssenariylar uchun ishlatish mumkin bo‘lgan qurolga aylanib qoldi.

Shunda ham Konor Gallaher Angliya, ayniqsa, «Tottenhem» uslubi uchun keragidan ham yaxshi futbolchi bo‘la oladi. «Tottenhem» statistikaga ko‘ra APL jamoalari ichida eng ko‘p yugurayotgan jamoa bo‘lsa-da, bu natijalarda ijobiy aksini bermayapti. Sababi esa jamoada tempni boshqarishi mumkin bo‘lgan, tajribali markaziy futbolchilar yetishmasligidir. Meddison, Bergval kabi futbolchilar esa jarohatda. Tarkibga Gallaherning qo‘shilishi – Tomas Frank jamoasiga yetishmayotgan muhim jihatlarni taqdim etishi mumkin. O‘z navbatida, jahon chempionati oldidan futbolchi milliy jamoaga qaytish uchun kurashishi mumkin. Angliya tarkibida markaziy yarimhimoya uchun raqobat juda kuchli bo‘lsa-da, aynan Angliyada to‘p suradigan futbolchilarga e’tibor ko‘proq bo‘lishi sir emas.

Brennan Jonson («Tottenhem»dan «Kristal Pelas»ga) – 40 million yevro

Yevropa klublaridagi transferlar Dirixle prinsipini eslatadi – kimdir kelsa, albatta boshqasi joy bo‘shatishi kerak. Jonson aslida yomon o‘yinchi emas, o‘tgan mavsumning eng yaxshilaridan biri bo‘lgan, barcha musobaqalarda 18 golga mualliflik qilgandi. O‘tgan mavsumda Yevropa ligasi finalida «MYu» darvozasiga g‘alaba golini urib, bu mavsumda londonliklar jamoasi Chempionlar Ligasida qatnashishini ta’minlagandi. Futbolchi atigi 24 yoshda, bemalol bir necha yil foyda keltirishi, yana o‘sishi mumkin edi.

Ammo bu «Tottenhem» tomonidan ko‘proq tarkibdagi balansni ta’minlashga qaratilgan transfer. Quddus, Kolo Muani, Tel, Simons kabi xaridlardan so‘ng tarkibning hujum chizig‘i uchun nomzodlar keradigan ortib ketdi. Meddison va Kulushevski ham qaytganda, Jonsonning asosiy tarkibga kirish imkoniyati yanada pasaygan bo‘lardi. Aslida, futbolchining o‘tgan mavsumda ko‘proq o‘yinlarda maydonga tushgani ham jarohatlar bilan bog‘liq edi. Bunday sharoitda 40 million yevrolik taklif chiqishi esa klub uchun ayni muddao bo‘ldi.

«Kristal Pelas» uchun esa bu transfer ayniqsa, siyosat uchun, rahbariyat klub muxlislari oldida o‘zini oqlashi uchun kerak edi. O‘tgan mavsumda Olise, yozda Eze, qishda esa Geyining ketishi, Adam Uorton uchun navbat kattalashayotgani, bu sotuvlardan esa bosh murabbiyning noroziligi tabiiyki, «Kristal Pelas» rahbarlarining muxlislar qarshisidagi pozitsiyasini yomonlashtirgandi.

Lukas Paketa («Vest Hem»dan «Flemengo»ga) – 42 million yevro

Ruyxatdagi eng tushunarsiz transfer. Albatta, Paketaning Yevropadagi yetti yillik faoliyatidan so‘ng sobiq jamoasiga qaytishi – go‘zal hikoya, ammo transfer summasi Braziliya futboli uchun rekord ekani inobatga olinsa, kartina o‘zgaradi. Boshqa tarafdan, Lukas Paketa Braziliya milliy jamoasining asosiy tarkib futbolchisi ekani, Londondagi joriy mavsum kutilgandek chiqmagan bo‘lsa-da, u hali ancha foydali bo‘la olishini ham ta’kidlash kerak.

Lukas aslida ikki yilcha oldin ancha baland narxga, hatto 100 million yevroga yaqin summaga ham transfer bo‘lishi mumkin edi. Pep Gvardiola uni juda yuqori baholagan va «Manchester Siti» taklif ham tayyorlayotgandi. Ammo 2023 yilda futbolchining bukmekerlar bilan kirli ishlarga aloqadorligi, xususan, stavkalar uchun ba’zi o‘yinlarida ataylab sariq kartochkalar olgani bo‘yicha gumonlar yuzaga chiqdi. Aynan mana shu voqealar uning transferini barbod qilgan, keyinchalik, futbolchining aytishicha, unga ruhiy ta’sir o‘tkazib, sport formasi tushib ketishiga sabab bo‘lgan ekan. Keyinchalik futbolchi oqlandi, lekin Lukasning faoliyatidagi izni o‘chirib bo‘lmasdi.

Yorgen Strand Larsen («Vulverhempton»dan «Kristal Pelas»ga) – 50 million yevro

Norvegiyalik 25 yoshli hujumchi avvalgi mavsumda ancha sermahsullik ko‘rsatgandi. «Vulverhempton» kabi autsayder tarkibida APLning o‘zida 14 gol urishi (barcha turnirlarda 17) – katta natija. Ammo bir qator kreativ sheriklardan ayrilgach, Larsenning ko‘rsatkichlari ushbu mavsumda ancha tushib ketdi – APL da atigi 1 gol.

Albatta, «Kristal Pelas» futbolchini baholashda ko‘proq avvalgi mavsumga, hujumchi yaxshiroq sharoit va strukturaga ega bo‘lgan davrga ko‘proq e’tibor qaratgani mantiqan to‘g‘ri bo‘lishi mumkin.

Shunday bo‘lsa-da, baribir tushunarsiz – «Kristal Pelas» yanvarda Larsen va «Aston Villa» safida APLda birorta ham gol ura olmagan Evann Gassanni oldi. 8 gol urgan Jan-Filipp Matetani esa «Milan»ga sotishga harakat qildi. Ammo fransiyalik hujumchining Milandagi tibbiy ko‘rigi muvaffaqiyatsiz yakunlanib (unda jiddiy jarohat aniqlangan), u ham kamida yozgacha jamoada qoladigan bo‘ldi. Demak, «Kristal Pelas» hujum chizig‘ida endi Larsen, Jonson, Mateta, Sarr, Gassan va Nketia bor – bemalol aytish mumkinki, liganing eng xavfli hujumlaridan biri.

Jyeremi Jake («Renn»dan «Liverpul»ga) – 62 million yevro

«Renn»ning yanvardagi yana bir katta sotuvi, ammo Meytedan farqli ravishda Jake yozgacha jamoada qoladi. «Liverpul» futbolchi uchun raqobat kuchayib ketishidan cho‘chib, hozirdanoq rasmiylashtirib qo‘yishni lozim topdi. Ammo shunda ham ko‘p mutaxassislar «Liverpul»ning qisqa muddatli yechimlarga ega emasligi yakunda qimmatga tushishi mumkinligidan xavotirda. Gap shundaki, aslida «Liverpul» o‘tgan yozda yangi markaziy himoyachiga ehtiyoj sezgandi, ammo so‘nggi pallada Mark Geyi bilan kelishuv barbod bo‘ldi. Yozda olib kelingan yosh himoyachi Leoni esa jiddiy jarohat olib,klub mavsumni atigi ikki nafar sog‘ markaziy himoyachi bilan boshladi.

Bu holat qishki transferlar oynasida ham tuzatilmagani – muxlislarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Har qanday kichik jarohat ham markazda Endo yoki Gravenberhni tushirishga majbur qilayotgan, jamoa esa hali uch musobaqada kurashni davom ettirayotgan bir paytda faqat kelasi mavsum uchun transfer qilish – bugungi muammolarni hal qilmaydi.

Jyeremi Jake – 20 yoshli markaziy himoyachi, joriy mavsumdan «Renn»ning asosiy himoyachilaridan biriga aylandi, Fransiya yoshlar jamoasiga ham jalb qilinmoqda. Transfer narxi qimmatligi cho‘chitmasligi kerak, zero Fransiya chempionatidan kelgan himoyachilar odatda Angliyada yo‘qolib qolishmaydi. Jakening qiymati yaqinda sodir bo‘lgan Leni Yoro yoki Abduqodir Husanovning narxiga mos keladi. Jake va Leoni «Liverpul»ning kelajak uchun investitsiyasi hisoblanadi va bir necha yildan so‘ng van Deyk – Konate juftligi o‘rniga asosiy tandemga aylanishi mumkin.

Antuan Semenyo («Bornmut»dan «Manchester Siti»ga) – 72 million yevro

Angliya jamoalari ichida qishning asosiy seriali bo‘lishi kutilgan Antuan Semenyo transferini «Manchester Siti» nisbatan ancha erta yakunlab qo‘ydi va 72 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi. Shundog‘am, Doku, Foden, Sherki, Marmush kabi hujum chizig‘i vakillari bo‘lgan klub uchun qo‘shimcha futbolchi nimaga kerak, degan savollar ko‘p yangragan bo‘lsa-da, tezda yo‘qoldi. Zero hozirda «Arsenal» bilan raqobat qilish uchun bitta tarkib yetarli bo‘lmaydi.

Semenyo «Manchester Siti»ga juda tez moslashdi, besh o‘yinda 4 gol va 2 assistni amalga oshirib ulgurdi. Aynan Semenyo tufayli Jyeremi Dokuning jarohati ham, Holandning yomon sport formasining ham ta’siri sal bo‘lsa-da, pasaygan bo‘lishi mumkin. Uning universalligi (u har ikki qanotda harakat qila oladi), serqirraligi, shuningdek, yosh jihatdan ayni paytda optimal holatda ekani – Pep Gvardiolani ko‘proq qiziqtirgan bo‘lishi mumkin. Gvardiola jamoalarida doim o‘yin tizimi birlamchi sanalsa-da, Sherki, Semenyo kabi individiual futbolchilar tarkibda bo‘lishi «Manchester Siti»ni yanada xavfliroq jamoaga aylantiradi va har qanday muvaffaqiyatsiz kechayotgan o‘yinlar ham ularning yordamida ijobiy natija bilan yakunlanishi mumkin.

Bonus

Yuqorida asosiy o‘lchov sifatida transfer summasi e’tiborga olingan bo‘lsa, quyida qiymat bo‘yicha top-10 ga kirmagan, ammo ta’sir jihatidan balki yanada muhimroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana beshta tranferga to‘xtalamiz.

Karim Benzema («Al Ittihod»dan «Al Hilol»ga) – 25 million yevro

Karim Benzema Saudiya Arabistoniga qilingan buyuk ko‘chishlardan keyingi davrning eng yaxshi hujumchilaridan biri. «Al Ittihod» safida 87 o‘yinda 57 gol va 18 assistni amalga oshirgan. O‘tgan mavsumda u 21 gol bilan jamoasi mamlakat chempioni bo‘lishiga hissa qo‘shdi.

Bu mavsumda esa «Al Ittihod» chempionlik uchun kurashmayapti va peshqadamdan 16 ochkoga ortda bormoqda. Fransiyalik hujumchi esa yangi shartnoma bo‘yicha kelisha olmadi va jamoa o‘yinlarini boykot qildi. Shundan keyin unga boshqa jamoa topib berishdi.

Krishtianu Ronalduning yozg‘irganicha bor – uch yildan beri chempionlik uchun kurashib, bu safar endi yaqin kelayotgan bir paytda PIF (Saudiyaning 4 klubini moliyalashtiradigan tashkilot) 25 million pulni u cho‘ntagidan bunisiga solib, «Al Ittihod»ning eng yaxshi hujumchisini peshqadam «Al Hilol»ga olib berdi. Albatta, bundan «An Nasr»ga nisbatan qandaydir fitnani taxmin qilish ham mantiqli ko‘rinadi.

Baribir, transfer sodir bo‘ldi, Karim Benzema allaqachon «Al Hilol»da debyut qilib, uch gol va bir assist bilan «Al Ahdud» ustidan 6:0 hisobidagi g‘alabaga hissa qo‘shdi.

Ngolo Kante («Al Ittihod»dan «Fenerbahche»ga) – erkin agent

Transfer oynasining so‘nggi kunlarida Yevropada kutilgan «portlashlar» aslida Arabiston yarimorolida sodir bo‘lganining yana bir isboti. Krishtianuning yuqorida tilga olingan isyonidan bekor bo‘lishga sal qolgan yana bir kelishuv.

Gap shundaki, «Al Ittihod» va «Fenerbahche» allaqachon bu transferni kelishib qo‘ygan, evaziga turk klubi marokashlik hujumchi An-Nosiriy va unga qo‘shib 4 million yevroni «Al Ittihod»ga berishi lozim edi. Ammo Benzemaning transferi uchun qilingan Ronalduning boykoti sabab, so‘nggi soatlarda bu rokirovka ham to‘xtab qoldi. Sababi, Benzemaning ketish yo ketmasligi aniq bo‘lmasidan boshqa bir hujumchini olib kelish – «Al Ittihod» manfaatlari uchun ham, An-Nosiriyning faoliyati uchun ham zid kelardi.

Kante Benzema bilan birga «Al Ittihod»ning muhim figuralaridan biriga aylangandi, lekin 34 yoshli yarimhimoyachi jahon chempionatida ishtirok etishi uchun baribir Yevropaga yaqin bo‘lishi kerak. Turkiya chempionatida to‘rt yildan beri 2-o‘rindan ko‘tarila olmayotgan, oxirgi marta esa 12 yil oldin zafar quchgan istanbulliklar uchun Kante juda yaxshi xarid.

Mark Geyi («Kristal Pelas»dan «Manchester Siti»ga) – 23 million yevro

25 yoshli angliyalik markaziy himoyachi aslida o‘tgan yozdayoq «Liverpul» a’zosi bo‘lishi mumkin edi. Ammo londonliklar vaqtida o‘rinbosar topa olmagach, Oliver Glasner bu kelishuvga «veto» qo‘ydi. «Kristal Pelas» bilan shartnomasining so‘nggi yiliga qadam qo‘ygan Markning transferi mana shu yanvarda sodir bo‘lishiga hech kim shubha qilmagan, zero London klubi futbolchini tekin qo‘yib yuborishdan ko‘ra, qandaydir mablag‘ olishni ko‘zlashi tabiiy edi. Hammasi Geyining kimni tanlashida bo‘lib qolgandi – qishga kelib unga «Liverpul»dan tashqari, «Manchester Siti», «Bavariya» va hatto «Barselona» ham talabgor bo‘lishdi.

«Manchester Siti» shu o‘tgan oyning o‘zida ikkinchi futbolchi uchun ham raqobatda ustun keldi va yetarlicha tajribali, Angliya milliy jamoasi a’zosi bo‘lgan Geyini nisbatan arzon narxga sotib oldi. Albatta, bu yerda futbolchi uchun taklif qilingan maoshning ham roli katta – norasmiy manbalarning aytishicha, Geyi haftasiga 300 ming funtdan ko‘proq pul oladi. Bu degani, Mark Geyi butun APLda eng katta maosh oladigan besh futbolchidan biriga aylandi.

Diash, Gvardiol, Stounz kabi futbolchilarning jarohati tufayli, Geyi darhol asosiy himoyachiga aylandi va Abduqodir Husanov bilan kuchli tandem yarata olishdi. Maoshlar muvozanati, tarkibdagi boshqa futbolchilarning o‘yin vaqti kabi faktorlardan qat’i nazar, Pep Gvardiola hozir va darhol tayyor nomzodlarni birin-ketin sotib olayotgani esa bir narsadan darak beradi – katta ehtimol bilan, ispaniyalik mutaxassis yozda Manchesterni tark etadi.

Temmi Abraham («Beshiktosh»dan «Aston Villa»ga) – 21 million yevro

«Aston Villa» kabi klublarning YeChL kabi musobaqalar uchun kurashib, chetda qolishi juda og‘ir zarba hisoblanadi – YeChL uchun tarkib yig‘ib, maoshlarni ham shunga moslab, lekin YeChL beradigan puldan quruq qolish dunyo brendi bo‘lmagan, ya’ni daromad manbayi u qadar katta bo‘lmagan klublar uchun salkam bankrotlik degani. Shu tufayli so‘nggi yillarda «Aston Villa» transfer bozorida faol emas, asosan arzon variantlar va ijaralar bilan tarkibni kengaytirishga urinib keladi. O‘tgan mavsum oralig‘ida klub Markus Reshford va Mark Asensioni ijaraga olgan va mana shu juftlik mavsumning ikkinchi yarmida ancha yordam bera olishgandi.

Bu safar ham klub mana shu maqsadda bozorga chiqdi. Sobiq futbolchisi Duglas Luisni ijaraga olgan bo‘lsa, Temmi Abraham uchun to‘langan 21 million yevro APL uchun ancha kichik raqam hisoblanadi. Qolaversa, Temmida APLda o‘ynash tajribasi bor. Ko‘pchilik uni «Chelsi»da kashf qilingan deb o‘ylaydi, ammo aslida hujumchi ilk kuchli mavsumini aynan «Aston Villa»da o‘tkazgandi. Lempard uni asosiy tarkibda tushira boshlagandan avvalroq u ijara asosida aynan «Villa»da o‘ynagan va 26 gol urib, jamoa Chempionshipdan APLga qaytishiga hissa qo‘shgandi. Sakkiz yillik tanaffusdan so‘ng u yana «Aston Villa»ga qaytdi va bu safargi maqsad kattaroq – Chempionlar Ligasi.

Endrik («Real»dan «Lion»ga) – ijara

Agar yana biroz Manchesterda murabbiy almashmay turganda Kobbi Maynu «Napoli»ga o‘tib ketishga tayyor turgandi. Ammo keyin barchasi o‘zgarib, ayni paytda Maynu «MYu»ning asosiy tarkib futbolchisi. Xuddi mana shunga o‘xshash holat Endrik bilan ham sodir bo‘lishi mumkin edi, ammo farqli ravishda Arbeloaning kelishi sal kechroq sodir bo‘ldi. Endrikka imkoniyat bermayotgan Xabi Alonso iste’foga chiqishidan biroz oldin futbolchi Fransiyaga ketib bo‘lgandi.

Balki bu yaxshilikkadir, zero braziliyalik hujumchi juda qisqa vaqtda «Lion»da o‘zining butunlay boshqa qirralarini ham namoyish etmoqda. Katta bosim va e’tibordan biroz chetlashgach, 19 yoshli futbolchi ancha erkin va samarali harakat qilyapti. Dastlabki uch o‘yinda qatorasiga uchrashuvning eng yaxshisi deb topilgan Endrik allaqachon «Lion» tarqibida 5 gol va 1 assistni amalga oshirishga ulgurdi. Madriddagi ikki yil, salkam 40 o‘yinda maydonga tushib u atigi 7 gol urgandi xolos.

Yevropa Ligasi favoritlaridan biri bo‘lgan «Lion» uchun ham, jahon chempionati oldidan Braziliya tarkibiga kirishga urinayotgan Endrik uchun ham, hatto olti oy o‘tib yanada ulg‘aygan va o‘ziga ishongan hujumchiga ega bo‘ladigan «Real» uchun ham foydali kelishuv.

Қаҳрамон Асланов
Muallif Қаҳрамон Асланов

Mavzuga oid