Iqtisodiyot | 12:58 / 13.01.2018
12950
2 daqiqa o‘qiladi

Kichik korxonalarga ham qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘llanishi mumkin

Foto: KUN.UZ

13 yanvar kuni Toshkent shahridagi «Taraqqiyot strategiyasi» markazida iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha press-brifing muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, muhokamada Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov «2018 yilda ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlarning ichki bozordagi narxi keskin oshib ketmasligi uchun ustuvor vazifalar belgilangan» va maxsus jamg‘arma tuzilgani haqida ma'lum qildi.

«Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan chet eldan shakar import qilinmoqda, ayni paytda ichki bozorda shakarning narxi o‘rtacha 5000 so‘m etib belgilanishiga erishdik. Kelgusi yilda jamg‘arma ko‘magida ichki bozorda keskin narx navo o‘zgarib ketishini oldini olish rejalashtirilmoqda», deb ta'kidlaydi u.

Shuningdek, mamlakatda soliq siyosati ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi.

«Bilamizki, kichik korxonalar tovarlar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lamaydi. Yirik korxonalar esa bunday soliq majburiyatiga ega, tabiiyki, ikki turdagi korxonalar o‘rtasida savdo shartnomasi tuzilsa, tovar narxida tafovut kelib chiqadi. Shu tufayli, joriy yilda kichik korxonalar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘ini belgilash nazarda tutilmoqda», deb qo‘shimcha qildi A.Haydarov.

Mavzuga oid