14:00 / 26.07.2018
16551

Transfer sabog‘i: Qanday qilib oddiy futbolchini 50 million funtga pullash mumkin?

Foto: evertonfc.com

25 iyul kuni «Everton» «Uotford»dan braziliyalik yarim himoyachi Risharlisonni 50 million funt evaziga transfer qildi. Qayd etish kerakki, ushbu futbolchi o‘tgan mavsumda Angliya chempionatidagi  38 o‘yinda ham maydonga tushgan va 5 gol urib, 7 golga uzatma bergan. U oxirgi marta o‘tgan yilning 19 noyabrida gol urgan, APLda 20 uchrashuvdan iborat golsiz seriya qayd etgan.

Qanday qilib oddiy futbolchini 50 million funtga pullash mumkin?

1. Bu ish Angliyada bo‘lishi kerak

Bu shart. Transferning Angliyada amalga oshirilishi har qanday summani ikki barobar oshirishi turgan gap. Tinchgina APLning 10-12 o‘rinlarida yurish va translyatsiyalarning o‘zidan yiliga 140 million yevro ishlab olish imkoniyati hamma joydayam yo‘q. Qandaydir «Bornmut» «Napoli»dan ko‘proq pul topganidan keyin, albatta, transfer uchun odatdagidan ko‘proq pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, pul ko‘proq, ikkinchidan, har holda «Napoli» Chempionlar Ligasida qatnashadi.

2. Imkon qadar, futbolchi ham sal iqtidorli bo‘lishi kerak

Bu ja muhim talab emas-ku, lekin ishni osonlashtiradi. Aslida, futbolchi yurishni, yugurishni, tezlik olishni va to‘p tepishni bilsa kifoya. Ammo rostanam yaxshigina summa haqida gap borganida, futbolchida jalb qiluvchi iqtidorning bo‘lishi ortiqchalik qilmaydi. Ishni osonlashtiradi. 

3. Futbolchi barqaror bo‘lsin

Aslida buyam muhim emas. Aniqrog‘i, barqarorlik deganda aynan nima nazarda tutilayotganini bilish lozim. Ikki mavsum yuqori saviyada o‘ynashmi? Yoki ikki oy yetadimi? Ba'zilar uchun futbolchining fintlar va foydali harakatlaridan iborat lavhasining YouTube portalida mavjud bo‘lishiyam yetib qoladi.

4. Futbolchini sobiq murabbiyiga soting

Iliq munosabatlar doim naf keltiradi. Masalan, jamoadan yashirin ravishda boshqa klub bilan muzokara o‘tkazgani uchun janjal yuzaga kelib, haydalgan murabbiy... U bilan aloqani uzmang, hali u yana jamoaga foyda keltirishi mumkin. U yangi jamoasida eski shogirdlaridan birini ko‘rmoqchi bo‘lishi va faqat u bilan ishlashi mumkinligini yangi klub rahbarlariga aytib, ularni ishontirishi mumkin. Futbolchi superiqtidorli bo‘lmasa ham, murabbiyning falsafasiga mos bo‘lishi mumkin. Shu darajadaki, transfer byudjyetining qariyb yarmini sarflaydi.  

5. Futbolchi uchun juda ko‘p talabgorlar borligini ayting

Aslida, unaqa talab bo‘lmasligi mumkin. Bu haqida sport nashrlaridagi bir ikki mish-mish ham yetarli. Shu tariqa, transferni kimoshdi savdosiga aylantirib yuborish hech gap emas.

Bonus. Xaridor «Everton» bo‘lsa, yana yaxshi

Bu klubning so‘nggi yillardagi transferlari ro‘yxatiga boqing. Qarab turib, klub rahbarlarida kurashuvchan, kuchli jamoa tuzish maqsadida bo‘lganliklariga ham ishonish qiyin. Xuddiki, asosiy maqsad imkon qadar kattaroq summani sarflash bo‘lgandek tasavvur uyg‘otadi. Sigurdsson va Klassen uchun 80 million funt sarflash har holda, aqlga sig‘ishi qiyin.

Amaliyot darsi

Endi amaliyotga o‘tamiz. «Everton» «Uotford»dan yosh braziliyalik hujumchi Risharlisonni 50 million yevroga sotib oldi. Bonuslar bilan birga bu summa yana ko‘payishi mumkin. Risharlison kim o‘zi? Uning uchun nega buncha ko‘p berildi? Yuqoridagi punktlar bo‘yicha yuramiz:

Risharlison Angliyada o‘ynaydi. O‘z-o‘zidan bozor narxi sezilarli ravishda oshadi.

Albatta, Xudo uni iste'doddan qismagan: vinger, tezkor, texnikasi joyida. Jismonan yomon emas, boshi bilan yaxshi o‘ynaydi. Kamchiligiyam bor, ko‘pincha sheriklarini «ko‘rmay qoladi». Pas bilan o‘ynashda tarkibdagi eng yomon ko‘rsatkich qayd etgan. Vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha u xuddi Sterlingning eng yomon davrlarini eslatib yuboradi.

Statistika buni tasdiqlaydi. Risharlison 11ta o‘ta qulay vaziyatdan 5 gol urgan va buning uchun 95 marotaba raqib darvozasiga zarba bergan. Zarbalar soni bo‘yicha, Risharlison Ligada 4-o‘rinni band etgan, ishonavering. Keyn va Saloh darajasida, Lukakudan ko‘proq, ammo gollar soni 5ta xolos.

Endi barqarorlik haqida. Birato‘la, keyingi punktga ham o‘tiladi, chunki bog‘liqlik bor. Risharlisonning APLdagi eng yaxshi davri «Uotford»ni Markus Silva boshqargan paytga to‘g‘ri keladi. Umuman, Risharlison jamoadagi barcha samarali harakatlarini aynan dastlabki uch yarim oyda, avgustdan noyabrgacha amalga oshirji – uch yarim oyga yetgan barqarorlik.

Silva «Uotford»ni tark etgach, futbolchi ham ketishni xohladi. Ammo klub uni qo‘yib yubormadi. Risharlison keyin ham barcha o‘yinlarda maydonga tushdi, bu safar ham barqarorlik namoyish qildi. Faqat endi salbiy tomondan. 2018 yilda u birorta gol ham urolmadi, biror marta assist ham amalga oshirilmadi. Ammo Markus Silvani bu fakt qo‘rqitmadi, sobiq shogird har holda.

Talabgorlar? Aslida bormidi yoki yo‘q, aytish qiyin. Sky Sports bahorda futbolchi bilan «Manchester Yunayted» va «Chelsi» qiziqayotganini yozdi. Boshqa bunday xabar chiqmadi, ammo «MYu» o‘tgan yozda ham Risharlisonni kuzatganini eslasak, haqiqatga yaqindek tuyuladi. Keyin esa, o‘sha nashrning o‘sha jurnalistlari «Uotford» hujumchini 45 million yevroga qo‘yib yuborishga tayyorligini yozishdi.

Natijada, klub Risharlisonni nafaqat aytilgan narxga, balki qimmatroqqa sotishga ham muvaffaq bo‘ldi.

  • Dastlabki narx – 45 million. Talabgor bormi?
  • 50 million beramiz! Iye, auksionda o‘zimiz xolosmi?

Kulgili, lekin «Uotford» buni uddaladi. Albatta, Risharlison dastlabki oylarda shunday o‘ynadiki, 50 million yevro adekvat bahodek tuyuladi. Va tabiiyki, u ijrosidagi fintlar va harakatlardan tuzilgan klip ham ancha qiziqarli ko‘rinadi.

Ammo keyinchalik, u kayfiyatga bog‘liq bo‘lgan, juda ko‘p vaziyatlarni ko‘kka sovuradigan, darvozaga kerak-nokerak tepaveradigan hujumchiga aylanib qoldi. Hatto «Uotford»da ham u eng zo‘r emasdi – agar u 50 million bo‘lsa, aniq, Abdulayye Dukure 70 million yevro turadi. Kamida.

Agar yangi mavsumda Risharlison haqiqiy Sterlingga aylanib, gol+pas sistemasida 20dan ortiq ball to‘plagan taqdirda ham, «Uotford»ga alam qilmaydi. Axir belgilangan narx aynan o‘sha Risharlisonga mos keladi, to‘g‘rimi? Shunchaki, bu transfer sal tushunarli bo‘ladi, «Everton» oqlanib oladi xolos.

Hozircha esa, bu transfer tushunarsiz bozorni va «Everton»ning aqlsiz transfer siyosatini namoyish qilib turibdi xolos.

Futbolga oid shu va boshqa eng so‘nggi yangiliklarni hamkorimiz ""Tribuna.uz" saytida kuzatib boring.

Mavzuga oid
Top