13:25 / 27.07.2018
42647

Erkinjon Turdimov Samarqandda bolalar kaltaklangan maktab-internatga bordi

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi 64-sonli maxsus maktabga bordi. U bu haqda o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma'lum qildi.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi 64-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tarbiyalanayotganlar uchun yaratilgan shart-sharoitni o‘rgandi. Keyingi kunlarda mazkur muassasada sodir bo‘lgan holat maktab jamoasi, mutasaddilar va jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi. Turli xil ko‘ngilsiz voqealar ro‘y bermasligi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. 

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Shuningdek, viloyat rahbari Samarqand shahridagi 1- va 10-son mehribonlik uylari, keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan “Saxovat” internat-uyida ham bo‘lib, mazkur muassasalar faoliyati bilan tanishgan.

131 nafar keksa va nogironligi bo‘lgan insonlar istiqomat qilayotgan “Saxovat” internat-uyida bir qator muammolar borligi kuzatildi. Jumladan, binoda lift ishlamaydi, yuvinish xonalari ta'mirtalab, sanitariya qoidalariga amal qilinmagan. Muassasa hovlisida obodonchilik ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Yozgi pavilonda krovat-so‘rilar bor, biroq sharoit yaratilmaganligi sababli bahavo joyga hech kim kelmaydi.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov
Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

“Har qanday jamiyat muammo va kamchiliklardan xoli emas. Lekin muammoli masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va tezda bartaraf etish har bir sohaning mas'ul kishilari bilan birga, keng jamoatchilikning ham asosiy vazifasi bo‘lishi lozim”, - deya yozgan E.Turdimov.

Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov
Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov
Foto: Facebook/Erkinjon Turdimov

Eslatib o‘tamiz, 23 iyul kuni OAVda Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta'limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktab rahbarlari va tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni kaltaklab kelayotgani haqida xabar paydo bo‘lgandi.

Top