O‘zbekiston | 20:29 / 04.10.2018
33182
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyat IIB Kun.uz’da e'lon qilingan maqolalarga o‘z munosabatini bildirdi

Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolalari yuzasidan Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Farhod Hasanov, viloyat IIB JTSB boshlig‘i Ubaydulla Norqulov, IIB yuristi Ulug‘bek Omonov va Kun.uz muxbiri ishtirokida maqolada ko‘rsatib o‘tilgan vajlar yuzasidan muhokama o‘tkazildi.

29 sentabr kuni Samarqand shahrining Islom Karimov ko‘chasida xalqaro turizm kuni munosabati bilan samarqandlik ishbilarmonlar tomonidan tashkil etilgan Megapalov pishirish marosimida yuqori xavfsizlikni ta'minlash choralari qanday ko‘rilgani haqida qisqacha ma'lumot berildi.

Jumladan, viloyat IIB mas'ullari maqolada avtozak o‘laroq tilga olingan avtobus, aslida, kameralar va boshqa texnikalar bilan jihozlangan ko‘chma kuzatuv shtabi ekanligini tushuntirishdi. Bunday ko‘chma kuzatuv shtabi respublikada birinchi bo‘lib Samarqandda yasalgani, ayni paytda u Jizzaxga ko‘rgazma uchun olib ketilgani aytildi.

Osh pishirish jarayonida jamoat tartibini saqlash bilan birgalikda ko‘p miqdorda o‘tin yoqilganligi sababli yong‘in xavfsizligini ta'minlash ham bosh vazifa bo‘lgani, shuning uchun osh pishirishning qizg‘in jarayonida qozon boshiga hech kim yaqinlashtirilmagani, osh damlanganidan so‘ng jurnalistlarga s'yomka uchun ruxsat berilgani ta'kidlab o‘tildi.

Xavfsiz masofadan turib osh pishirish jarayonini s'yomka qilish uchun sharoit yaratilgani va materiallar OAVga berilgani aytildi.

Maqolada ko‘rsatib o‘tilgan vajlarga e'tiroz sifatida, megapalov tayyorlanishining sust reklama qilinishi yoki uning 9000 so‘mdan sotilganiga IIBning hech qanday aloqasi yo‘qligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, noto‘g‘ri muomala qilgan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumot yetkazgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan chora ko‘rilishi bildirib o‘tildi.

Umuman, kelgusida ommaviy tadbirlarda jurnalistlarning ishlashi uchun yetarli sharoitlar qilib berilishi inobatga olindi.

Muxlislarning 30 avgust kungi «Dinamo» – «Andijon» o‘yiniga qo‘yilmagani masalasiga to‘xtalib, IIB rasmiylari quyidagicha izoh berishdi:

Viloyatda ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni ta'minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-sonli «Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga va Samarqand viloyat hokimining 2014 yil 7 avgustdagi 164-Q sonli qaroriga asosan tashkillashtiriladi.

«Dinamo» professional futbol klubi» MChJ va Samarqand viloyat IIB o‘rtasida 2018 yil 4 iyunda tuzilgan 94-sonli shartnoma hisobga ko‘ra, jami 19 million 291 ming 200 so‘m evaziga 50 nafar IIB xodimlari jami 32 soat mobaynida «Dinamo» stadionida futbol o‘yinlari o‘tayotgan kunlari jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlashni o‘z zimmasiga olgan.

Biroq «Dinamo» PFK MChJ shartnomada ko‘rsatib o‘tilgan summani to‘liq 100 foiz oldindan ko‘chirib berishi belgilangan bo‘lsa ham, ogohlantirishlarga  qaramasdan, uni to‘lamasdan kelayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Prezidentning «O‘zbekiston sportchilarini 2020 yilda Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida»gi PQ–2821-sonli qarorida belgilangan chora-tadbirlar ichida Olimpiya sport turlari bo‘yicha respublika federatsiyalari va assotsiatsiyalarining zayavkasiga asosan olimpiya sport turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda YHXDB tomonidan sportchilarning kuzatilishini va tomoshabinlarning xavfsizligini ta'minlash beg‘araz asosda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, «Dinamo» PFK MChJ shu paytgacha o‘yinlardan avval hech qanday xat yoki zayavka bermagan. Shunchaki o‘yinlar o‘tadigan sana taqvimini shartnomaga ilova qilish bilan cheklangani ko‘rsatib o‘tildi.

IIB mas'ul rahbarlari viloyat ichki ishlar organlarining ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilishda doimo shaffof va ochiq munosabatda bo‘lishga intilib kelayotgani, IIB matbuot xizmati tubdan yangicha ish uslubiga o‘tgani, boshqarmalar bilan tez-tez brifing va matbuot anjumanlari tashkillashtirilayotganini ta'kidlab o‘tishdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid