12:34 / 12.10.2018
9518

Notariusning majburiyatlari qanday?

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 dekabrda qabul qilingan «Notariat to‘g‘risida»gi 343–I-sonli Qonuni 18-moddasi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«18-modda. Notariusning majburiyatlari

Notarius:

jismoniy va yuridik shaxslarga o‘z huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ko‘maklashishi, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berishi;

taraflar taqdim etgan bitimlar loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishi hamda ularning mazmuni taraflarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va ushbu bitimlarning qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshirishi;

yuridik jihatdan bexabarlikdan jismoniy va yuridik shaxslarning zarariga foydalanilmasligi uchun ularni amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning oqibatlari haqida ogohlantirishi;

qonun hujjatlariga mos kelmaydigan notarial harakatni amalga oshirishni rad etishi;

notarial harakatlarni amalga oshirish chog‘ida fuqarolar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qonuniylik buzilganligini aniqlagan taqdirda, zarur chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun tegishli korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga yoki prokurorga bu haqda xabar qilishi;

uch yilda kamida bir marta o‘z kasbiy malakasini oshirishi;

sud, prokuratura, surishtiruv va tergov organlari yurituvida bo‘lgan ishlar bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirganlik to‘g‘risida ularning talabiga binoan ma'lumotnomalar (ma'lumotlar) berishi;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq bo‘lgan amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni (ma'lumotlarni) maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etishi;

ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini, mol-mulk ijarasi shartnomalarini tasdiqlash va ijara haqining miqdori to‘g‘risidagi, shuningdek meros yoki hadya tartibida fuqarolar mulkiga o‘tayotgan mol-mulkning qiymati haqidagi ma'lumotnomalarni davlat soliq xizmati organiga taqdim etishi;

avtomototransport vositalaridan foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarni, ushbu vositalarni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga berish, ulardan tekin foydalanish, ularning garov, lizing shartnomalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni ichki ishlar organiga taqdim etishi;

boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan ko‘chmas mulkning kadastr raqami to‘g‘risidagi va oluvchi haqidagi ma'lumotlarni yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi tuman (shahar) filialiga taqdim etishi;

bitim predmeti bo‘lgan obektni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash yoki ushbu obektga nisbatan xatlov mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni (ma'lumotlarni) kredit byurolarining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi;

bitim predmeti bo‘lgan ko‘chmas mulk obektini boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash yoki ushbu obektga nisbatan xatlov mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni (ma'lumotlarni) rieltorlik tashkilotining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi;

vasiyat qiluvchining vafotidan keyin manfaatdor shaxslarga vasiyatnoma to‘g‘risidagi ma'lumotnomalarni taqdim etishi;

amalga oshirilgan notarial harakatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining so‘roviga ko‘ra taqdim etishi shart».

Top