20:20 / 22.02.2024
36032

O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtirilishi mumkin

Shu mazmundagi qonun loyihasi deputatlar tomonidan muhokama qilinmoqda. 

22 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. 

Qayd qilinishicha, bugungi kunga qadar 126 mingdan ortiq fuqaroning ruxsatnomasiz qurilgan uy-joylarga nisbatan egalikni belgilash masalasi qonuniy yechimni kutmoqda. Bundan tashqari, ko‘plab holatlarda fuqarolarning bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylarga hamda kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’yektlarining bino va inshootlariga nisbatan egalik huquqi mavjud emas. 

Shundan kelib chiqib, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorisiz o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasida qurilgan uy-joylar, boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan huquqni e’tirof etish asoslari va uning aniq tartibini belgilash zarurati mavjud. 

Qonun loyihasi bilan yer uchastkasi va unda qurilgan imoratga bo‘lgan huquqni, shuningdek yakka tartibdagi uy-joy qurilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish tartibi belgilanadi. 

Shuningdek, ortiqcha egallangan yer uchastkasiga, bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylar egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini e’tirof etish asoslari nazarda tutilmoqda. 

Bundan tashqari, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasining yer fondi toifasini o‘zgartirish, ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ijara huquqi e’tirof etilgan yer uchastkasini xususiylashtirish tartibi ham belgilanadi. 

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasi hamda unda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilgan taqdirda, yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin. 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlarining o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga nisbatan ijara huquqi hamda ularda qurilgan uy-joy boshqa bino va inshoot yoki ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan mulk huquqi rasmiylashtilishi uchun huquqiy asoslar yaratilishiga xizmat qiladi. 

Qonun loyihasining muhokamasi davom etmoqda.

Top