Sport | 10:55 / 28.02.2019
7275
2 daqiqa o‘qiladi

AIBA Butunjahon boks seriyasining O‘zbekiston bosqichini tashkil etishi mumkin

27 fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida AIBA vakili Karim Buzidi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qo‘mita bosh kotibi Jasur Matchanov va boshqa mutasaddilar ishtirokida o‘tgan uchrashuvda Butunjahon boks seriyasi (WSB)ning to‘qqizinchi mavsumidagi tizim va uning tashkiliy masalalari yuzasidan fikr almashildi, deb xabar berdi MOQ matbuot xizmati.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

AIBAdan tashrif buyurgan mas'ulning ma'lum qilishicha, WSBning ushbu mavsumi 8ta vazn toifasida tashkil etiladi. Har bir vaznda ikki nafar bokschi Olimpiya o‘yinlari litsenziyasiga ega bo‘ladi.

Uchrashuvda WSBning O‘zbekiston bosqichini tashkil etish masalasi ko‘tarilgan.

«Karim Buzidi O‘zbekiston haqiqiy boks mamlakati ekanligini aytib, bu mamlakatimizda WSBning O‘zbekiston bosqichini tashkil etish imkoniyatini yaratib berishi haqida gapirdi. Ayni paytda bunday musobaqa Kuba va Venesuelada tashkil qilinadi. Tomonlar uchrashuv chog‘ida ushbu musobaqaning O‘zbekiston bosqichini ham tashkil etish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdilar», – deyiladi xabarda.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi

Ma'lumot uchun, 2016 yildan buyon WSB`da O‘zbekistondan «Uzbek Tigers» jamoasi qatnashib kelmoqda. Jamoa ilk mavsumida yarim finalga qadar yetib borib, keyingi yili chorak finalda to‘xtagan bo‘lsa, 2018 yilda chorak final bahslari bekor qilingani bois ishtirokini guruh bosqichida yakunladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov «Uzbek Tigers»ning Butunjahon boks seriyasida g‘olib chiqishiga ishonch bildirgandi.

Mavzuga oid