Jamiyat | 22:34 / 18.04.2019
10192
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz xayriya aksiyalariga "Mahalla" xayriya jamoat fondi ham qo‘shildi

Ma'lumki Kun.uz sayti tahririyati muntazam ravishda ehtiyojmandlar uchun xayriya aksiyalari uyushtirib kelmoqda. Ana shu mas'uliyatli masalada bizga ko‘mak beruvchi hamkor, muhtojlarga ham moddiy, ham ma'naviy, ham tashkiliy masalalarda yordam berishga qodir tashkilot tashabbus ko‘rsatdi va safimizga qo‘shildi.

Jamoamiz Toshkent shahrida joylashgan Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutidagi ko‘makka muhtoj insonlar holidan xabar olib kelmoqda, xayriya aksiyalari uyushtirmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, saytimizda “Yordam so‘rash juda og‘ir, lekin bolam uchun majburman”. Ona oqqonga chalingan farzandi uchun ko‘mak so‘ramoqda” sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Maqolada saxovatli insonlar ko‘magiga muhtoj bir qator yurtdoshlarimiz – bemorlar haqida hikoya qilingandi.

Xayriyadan so‘ng ularning holidan xabar olish maqsadida bog‘langanimizda onalar “ha, juda ko‘pchilik qo‘ng‘iroq qilishdi, raqamimizga pullar tushirishdi, shaxsan kelib hol-ahvol so‘rab ketganlar ham bo‘ldi. "Mahalla"dan ham kelib har birimizga kamida bir million so‘mdan yordam berishdi” deganlarida hayron qoldik. Sababi, bemorlarning aksariyati turli viloyatlardan kelishgan, o‘zlarining hududiy mahalla fuqarolar yig‘ini bir vaqtda hammalariga yordam qilishi haqiqatga unchalik to‘g‘ri kelmasdi.

Ammo ular bilan suhbatimiz davomida muhtojlarga "Mahalla" xayriya jamoat fondi ko‘mak bergani ma'lum bo‘ldi.

2016 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan Hasanjon Muhammadaliyevning onasi Gulnoza Sobirovaning ta'kidlashicha, ko‘plab hamyurtlarimiz ko‘mak berishgani qatorida bu tashkilotning ham xabar olishidan juda xursand bo‘lishgan.

– Farzanding bemor bo‘lganida, imkoniyatlaring cheklanib qolganida har qanday yordamdan ko‘ngling ko‘tarilarkan, to‘lqinlanarkansan kishi. Shukrki yaxshi insonlar ko‘p, moddiy yordam berishdi. "Mahalla" fondidan pul bilan ko‘mak berishgani ayni vaqtida bo‘ldi. Bilasiz, bu kasallik bilan kurashish katta kuch va mablag‘ talab qiladi. Jamg‘arma tomonidan berilgan mablag‘ni o‘g‘limning davolanishi uchun sarfladik va juda minnatdormiz.

Fondning aynan shu masalalar bilan shug‘ullanuvchi vakili Nargiza Abdullayevaning ma'lum qilishicha, tashkilot xayriya aksiyalarini muntazam kuzatib boradi va maxsus ishchi guruh tomonidan o‘rganilib, muhtojlarga yordam beriladi. Hozir Navoiy viloyatidagi murakkab vaziyatga tushgan oilaga ham 10 mln so‘m ajratilmoqda.

Demak, saytimizning xayrli ishlardagi hamkorlari yana bir tashkilotga ko‘paydi va biz bundan faqat xursand bo‘lamiz.

Mavzuga oid