O‘zbekiston | 19:35 / 17.12.2019
4807
5 daqiqa o‘qiladi

MSK saylovga tayyorgarlik jarayonida kuzatilayotgan kamchiliklarga munosabat bildirdi

Sherzod Qudratxo‘jayev / Xalqaro press klub

17 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida Sherzod Qudratxo‘jayev saylovchilar ro‘yxatida kuzatilayotgan chalkashliklar, xususan, ayrim fuqarolarning ism-sharifi o‘zlari umuman bormagan, yashamagan hududlardagi saylovchilar ro‘yxatidan chiqayotganiga to‘xtalib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqda ko‘rdikki, Surxondaryoning Sho‘rchi tumanida doimiy ro‘yxatda turgan fuqaroning ismi-sharifi Uzun tumanidagi 733-saylov uchastkasi saylovchilari ro‘yxatidan chiqqan. Bu fuqaro umrida bu joyga bormagan ekan. Bu kichkina kamchilikday ko‘rinishi mumkin, lekin bu kabi chalkashliklar, xatolar jamoatchilikning muhokamalariga, haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Yurtdoshlarimiz saylovchilar ro‘yxati uyma-uy yurib shakllantirilgan bo‘lsa, qayerdan paydo bo‘ldi, deb so‘rashmoqda», deya Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzod Qudratxo‘jayevning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida e'lon qilingan saylovchilar soni 20 million 503 ming 462 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 10 147 772 nafari erkaklar, 10 355 690 nafari ayol saylovchilardir. Saylovchilarning 1 721 358 nafari yoki 8,4 foizi xorijiy davlatlarda tuzilgan 55ta saylov uchastkalariga biriktirilgan. Qolgan qismi respublikamiz hududidagi 10 260ta saylov uchastkalaridan birida ovoz berishi kutilmoqda.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim deputatlikka nomzodlarning plakatlaridagi qo‘pol xatolar haqidagi chiqishlarni, ularga nisbatan yurtdoshlarimizning bildirgan munosabatlarini ham kuzatib borayotgani va targ‘ibot plakatlarida yo‘l qo‘yilgan bunday kamchiliklarni keskin qoralashi ma'lum qilindi.

Mahmud Istamov

«Bu siyosiy partiyalar tomonidan ham, deputatlikka nomzodlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik emas, saylovchiga bo‘lgan hurmatsizlik deb baholaymiz. Joriy yil saylovlariga shuncha katta tayyorgarlik ko‘rilib, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun butun jamiyat safarbar etilgan, saylovchilarning ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy madaniyati yuksalib, talablari ortib borayotgan bir paytda bir qarashda arzimas, biroq insonni, saylovchini kayfiyatiga salbiy ta'sir etishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarga yo‘l qo‘yilishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Bu masalada biz partiyalar bilan bog‘landik. Ular kamchiliklar bartaraf etilgani to‘g‘risida ma'lumot berishdi. Shunga qaramasdan bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ancha-muncha muhokama mavzusiga aylanib bo‘lgan edi. Albatta aminmanki saylovchilar saylov kuni bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan partiya va nomzodlarga nisbatan o‘zining keskin munosabatini bildiradi», deydi MSK raisi o‘rinbosari Mahmud Istamov.

Mahmud Istamov parlament saylovlarida O‘zbekiston saylovlari tarixida eng ko‘p xalqaro kuzatuvchi qatnashishi kutilayotgani haqida ham ma'lum qildi.

«Bugungacha 8ta xalqaro tashkilotning, ya'ni YeXHT demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 274 nafar, YeXHT parlamentlararo assambleyasining 66 nafar, ShHTning 19 nafar, MDH kuzatuvchilari missiyalarining 182 nafar, Turkiy tilli davlatlar hamdo‘stlik kengashining 9 nafar hamda Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasining 5 nafar, YeTTBning va Gaaga konferensiyasining 3 nafar, shuningdek 41ta xorijiy davlatlarning 267 nafar, jami 825 nafar xalqaro kuzatuvchi qatnashishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston saylovlari tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir», deydi u.

Brifingda ma'lum qilinishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarda 70dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan, Buyuk Britaniyaning BBC, Rossiyaning «Rossiya segodnya» va TASS, AQShning «Bloomberg» axborot agentliklari, Yaponiyaning «Nikkei», Fransiyaning «Radio France International» va «L'Opinion», Germaniyaning «Neue Zeiten» nashrlarining 99 nafar jurnalisti qatnashadi. Mahmud Istamovga ko‘ra, ayni paytga kelib, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun hujjatlarni qabul qilish to‘xtatilgan.

Avvalroq MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov joylarda saylovoldi tashviqoti ko‘ngildagidek olib borilmayotgani, fuqarolar deputatlikka nomzodlarni ko‘rmayotganidan shikoyat qilayotganini aytgan, saylovga tayyorgarlik jarayonidagi kamchiliklarni ko‘rsatib berayotgan jurnalist va blogerlarga minnatdorchilik bildirgan edi.

Mavzuga oid