O‘zbekiston | 14:19 / 20.12.2019
23504
4 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Qudratxo‘jayev: «Kimda-kim o‘zbek mehnatkashini «ikkinchi darajali kishi» desa, u manqurtdir»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining «Zarafshon» zali Media hall’ida «Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» munozara klubining navbatdagi tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.

«Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar» mavzusidagi tadbirda sohadagi asosiy o‘zgarishlar, saylovoldi tashviqotini yakunlash, saylovga tayyorgarlik, parlamentarizmni rivojlantirish istiqbollari, parlament diplomatiyasi kabi masalalar yuzasidan fikr almashilmoqda.

Tadbir davomida «RBK-Novosibirsk» telekanali rahbari so‘z oldi. U Oliy Majlis Rossiyada ishlayotgan fuqarolar taqdiri haqida o‘ylayaptimi, degan savol bilan murojaat qildi. 

«Biz uchun xorijdagi vatandoshlarimiz masalasi juda muhim ahamiyatga ega. Prezidentning o‘zi Rossiyada bo‘lib turgan, u yerda yashaydigan hamyurtlarimizga katta e'tibor qaratmoqda. Biz o‘tgan yili va shu yil davomida 6ta konsullik muassasasi ochdik. Bu konsulliklarning asosiy vazifasi - fuqarolarimiz manfaatini himoya qilish. Rossiya bilan migrantlar masalasi bo‘yicha juda yaxshi bitim imzolangan. Shuning uchun hozirda migrantlar to‘la himoyalangan. Hattoki, migrantlarning pensiya masalasi hal qilinmoqda», - deya javob qaytardi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov.

Shuningdek, rossiyalik jurnalist migrantlar masalasida gapirib, «migrantlarni ikkinchi darajali kishi deb hisoblashni bas qilish» kerakligi haqida aytdi. Ilhom Ne'matov shunday javob qaytardi:

«Hech kim ularni «ikkinchi darajali» kishi sifatida ko‘rmaydi. Ular bizning fuqarolar hamda biz ularning manfaatini har qanday yo‘l bilan himoya qilamiz», - dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov.

Tadbir yakunida Kun.uz muxbiri tadbir moderatori Sherzod Qudratxo‘jayev va «Amerika ovozi» radiosi muxbiri Navbahor Imomovadan ushbu savol bo‘yicha fikrini so‘radi.

Sherzod Qudratxo‘jayev, tadbir moderatori:

- Agarda kimda-kim O‘zbekistondan borgan migrantlarni, mehnatkash odamlarni «ikkinchi sort» odamlar, deb gapiradigan bo‘lsa, ular manqurt odamlar bo‘ladi. Chunki ular ikkinchi jahon urushida o‘zbeklarning Rossiya, Belorusiya va boshqa davlatlardan kelgan odamlarga uy, ovqat berib, bolalarini o‘z bolasidek katta qilganini unutgan.

O‘zbek urush paytlarida o‘z g‘allasini o‘zi yemay frontga yubordi, bir yarim million odamini yo‘qotdi. Qaytaraman, bugun mana shu voqealarni kim unutgan bo‘lsa, ular manqurt, ular savodsizdir.

Navbahor Imomova, «Amerika ovozi» teleradiosi muxbiri:

- Avvallari siyosiy sahnalarda Rossiyadan kelgan kuzatuvchilar bunday gapirmagan. Bilasizmi, bugun migrantlar borasida Rossiyadagi achchiq haqiqatlar O‘zbekistonga kirib keldi va bu Toshkentdagi siyosiy sahnada eslatilyapti.

E'tiborlisi, bu gaplar O‘zbekistonning tashqi siyosati bilan bevosita ishlayotgan arboblar, diplomatlar va davlatning tashqi siyosatini aks ettirib yurgan kishilarga aytilyapti. Bu davlat uchun qattiq signal bo‘lishi kerak. O‘zbekiston hukumati jarayonga jiddiy qarashi kerak. Nima bo‘lishidan qat'i nazar, davlat o‘z fuqarolarining qadri va umuman, o‘zining kimligi haqida jiddiy o‘ylashi vaqti keldi.

Mavzuga oid