Jamiyat | 15:37 / 27.12.2019
9397
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda g‘araz niyatli yo‘lovchi sodda haydovchining avtomashinasini olib qochib ketdi

Foto: Tergov departamenti

2019 yil 20 dekabr kuni soat taxminan 09:30da fuqaro 55 yoshli O.B. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV huzuridagi Tergov departamenti.

U “Islom” ismli yo‘lovchini  Kattaqo‘rg‘on tumaniga olib borib, yana qaytib Toshkent shahrigacha keltirib qo‘yish evaziga jami 350.000 so‘mga kelishib, boshqaruvidagi Lacetti rusumli avtomashinasida Kattaqo‘rg‘on shahriga olib kelib charchaganligi sababli 2019 yil 20 dekabr kuni taxminan soat 05:30larda o‘zining yashash uyiga yo‘lovchi “Islom”ni ham olib kirib, yotib uxlashganligini, “Islom” uning uxlab qolganligidan foydalanib, ko‘chada turgan avtomashinani noma'lum tomonga olib qochganligini ma'lum qilgan va “Islom”ga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 20 dekabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida, shu kuni oradan 2 soat vaqt o‘tmay “Islom” ismli shaxs Lacetti rusumli avtomashinani Samarqand shahri hududida boshqarib yurganida YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilib ushlangan va u aslida Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 20 yoshli A.S. ekanligi aniqlangan.

Dastlabki tergov jarayonida A.S.ga nisbatan ushbu modda bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid