O‘zbekiston | 08:55 / 13.04.2020
16558
15 daqiqa o‘qiladi

«Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Hunarmand o‘z mahsulot va tovarlarini tayyorlash va sotishda bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan o‘n nafar shogirdni jalb etishga haqli

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hunarmandchilik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, hunarmandchilik faoliyati – xalqning tarixan qaror topgan, maxsus bilimlar, ko‘nikmalar, sir-asrorlar, uslublarga asoslanib, qo‘l mehnati, asbob-uskunalar va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalanib, an'anaviy hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda maishiy, uy-ro‘zg‘or, badiiy buyumlar ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish), tayyorlash bo‘yicha ijodiy yoki professional faoliyat.

Hunarmandchilik faoliyati sub'yektlari hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hunarmand va hunarmandning shogirdidir.

Hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxs, bu hunarmand sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan jismoniy shaxsdir.

Hunarmand, bu O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining Ustavida belgilangan tartibda hunarmand maqomiga ega bo‘lib, hunarmandchilik faoliyatini mustaqil ravishda yoki shogirdlari bilan birga amalga oshirayotgan jismoniy shaxsdir.

Shogird (hunarmandning shogirdi), hunarmanddan hunarmandchilik mahsulotlari (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish faoliyatini o‘rganayotgan jismoniy shaxsdir.

“Usta-shogird” maktabi hunarmand tomonidan shogirdga hunarmandchilik buyumlari yoki tovarlari (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlashni o‘rgatishga yo‘naltirilgan munosabatlar yig‘indisidir.

Hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxs amaldagi qonun hujjatlarida hunarmandga nisbatan o‘rnatilgan qoidalariga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tadi, qayta o‘tkaziladi va uning faoliyati tugatiladi.

Hunarmand O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasining Ustavida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tadi, qayta o‘tkaziladi va uning faoliyati Uyushmaning qaroriga asosan tugatilishi mumkin. Hunarmand Uyushmada ro‘yxatdan o‘tganligi va qayta o‘tkazilganligi to‘g‘risida Uyushma tomonidan belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi, unda mazkur shaxsning hunarmand maqomi va shug‘ullanadigan hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishi ko‘rsatiladi.

Hunarmandning faoliyati quyidagi sabablarga ko‘ra tugatilishi mumkin:

agarda hunarmandning faoliyati Badiiy kengash tomonidan ko‘rsatilgan yo‘nalishlarga mos emas deb topilsa;

agarda hunarmand Uyushmaga a'zolik badalini to‘lamasa;

hunarmand bir paytning o‘zida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ham davlat ro‘yxatidan o‘tishi mumkin.

Hunarmandchilik faoliyati hunarmand tomonidan ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladi, bu davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada aks ettiriladi.

Hunarmand o‘z mahsulot va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni tayyorlash va sotishda bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan o‘n nafar shogirdni jalb etishga haqli.

Binolarni qurish, qayta tiklash, ta'mirlash ishlarida ustunlik va imtiyozlar milliy uslubdagi bezak, tasvir, naqqoshlik usullaridan foydalanuvchi yog‘och o‘ymakori, koshinkor va ganch o‘ymakorlariga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasida hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishlariga quyidagilar kiradi:

Ganch o‘ymakorligi – qandillar, devor shamdonlari, ko‘zgu, naqshlar, stalaktitlar, muqarnas (friz), karnizlar, ustunlar elementlari, panjaralar, haykallar, yodgorliklar, panno; interer, shift, devor bezaklari va asoslari; qoliplardan, qorishtirish, quritish uskunalaridan, kesish va o‘yish asboblaridan foydalanilgan holda ganchdan yasalgan arxitektura va qurilish elementlari; interer va fasadlar hamda boshqa amaliy bezak mahsulotlari;

Gilamchilik – gilamchilik dastgohi, kesuvchi, qiruvchi, tarovchi va ip yigiruvchi asbob-uskunalar va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda ipak, paxta, jun hamda boshqa iplardan qo‘lda gilam to‘qish texnologiyasi asosida tayyorlangan mahsulotlar - gilam, palos, sholcha, xurjun, joynamoz, o‘tov uchun qurlar;

Gazlamachilik – ip yigirish moslamasi (apparati), gazlama to‘qish dastgohi (stanogi), kesuvchi, tarovchi, tekislovchi asbob-uskunalardan foydalangan holda tabiiy ipak, paxta, jun va boshqa iplardan mato to‘qish texnikasi asosida to‘qilgan atlas, adras, beqasam, olacha, janda, shoyi, baxmal va boshqa milliy matolar;

Tosh o‘ymakorligi – tosh kesuvchi va o‘yuvchi, chizuvchi barcha turdagi kichik mexanizatsiya vositalari va asbob-anjomlari yordamida toshdan tayyorlangan esdalik buyumlari, mayda plastika, quticha, yozuv anjomlari, shamdon, turli hajmdagi panno, relef va kontrrelef, barelef, geroldika va ramzlar, toshni pardozlash yo‘li bilan tayyorlangan bezak buyumlari, yodgorliklar, arxitektura va qurilish elementlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari;

Miniatyura, tasviriy san'at, naqqoshlik, xattotlik va abru bahor – lok miniatyurasi texnikasida tayyorlangan buyumlar: quticha, lagan, panno, mebel, suratlar; devor, qog‘oz, mato, teri, pape-mashe, yog‘och, qovoq, karton, suyak va emalga ishlangan naqshlar, tasviriy san'at, naqqoshlik va miniatyura asarlari; batik, bezak buyumlari, taqinchoqlar, g‘iloflar; abru bahor san'ati usulida ishlangan asarlar; xattotlik uslubida tayyorlangan qo‘lyozmalar, kitoblar, miniatyura va tasviriy san'at asarlari, risolalar va boshqa hunarmandchilik buyumlari; sahhoflik (kitobot), kitob va hujjatlarning muqovalarini tayyorlash va ta'mirlash, qog‘oz varaqlarini muqovalash va tikish, an'anaviy usulda tabiiy qog‘oz ishlab chiqarish;

Kandakorlik – kesuvchi, qiruvchi, qizdiruvchi-erituvchi, eguvchi, payvandlovchi uskunalar va o‘yish-chizish asbob-anjomlari yordamida mis, latun, alyuminiydan yasalgan buyumlar (choynak, qumg‘on, lagan, guldon), shuningdek, bezash va amaliy maqsadlar uchun mo‘ljallagan boshqa buyumlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, oshxona anjomlari, xo‘jalik mollari, arxitektura elementlarini tayyorlash;

Temirchilik – qo‘lda va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalanib turli metallardan yasalgan buyumlar: eshik, darvoza, panjara, deraza va eshik tutqichlari, ilgak, qo‘ng‘iroq, zanjir, shamdon, ketmon, tesha, bolta, xaskash, panshaxa, uy-ro‘zg‘or buyumlari, mehnat qurollari, omoch, barcha turdagi milliy qilich, xanjar va pichoqlar, ommaviy ishlab chiqarilmaydigan metall buyumlar, kalit, badiiy bezak buyumlari, pechka va kaminlar, shu jumladan ular uchun havo so‘rish qurilmalari yasash;

Tunukasozlik – qo‘lda va kichik mexanizatsiya vositalaridan guldor va jimjimador tarnov va quvurlar, oshxona anjomlari (oshpichoq, kapkir, cho‘mich, chovli, elak, mantiqasqon va boshqalar), uy-ro‘zg‘or buyumlari (kiyim va parda ilgichlar, qo‘l yuvgich, tutqich, soyabonlar) va boshqa qo‘lda yasalgan tunuka buyumlari;

Kosibchilik – qo‘l mehnati va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda charm va boshqa materiallardan milliy poyabzal, maxsi va kovushlar, etiklar, sandallar, shippaklar, tuflilar tayyorlash;

Milliy liboslar tayyorlash – qo‘lda va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda to‘n, yaktak, nimcha, bolalar, ayollar va erkaklar to‘y, marosim milliy liboslari hamda boshqa milliy kiyimlar tayyorlash;

Bosh kiyimlar tayyorlash – qo‘lda va kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda turli materiallar (teri, mo‘yna, qorako‘l, tabiiy va sun'iy matolar)dan ayollar, erkaklar, bolalar bosh kiyimlari tayyorlash va tikish, telpakdo‘zlik;

Yog‘och o‘ymakorligi – yog‘och o‘ymakorligi uslubida bajarilgan barcha amaliy san'at asarlari, interer va arxitektura bezaklari, eshik, deraza, rom, uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenirlar;

Tikuvchilik – qo‘lda va mexanizatsiya vositalaridan foydalanib turli xil matolardan tayyorlangan buyumlar: milliy ko‘rpa va ko‘rpachalar, yostiq, belbog‘, jiyak, sumka, tasma, ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, parda, dasturxon va boshqa chokli hunarmandchilik mahsulotlari, quroqdo‘zlik mahsulotlari;

Kashtado‘zlik – qo‘lda yoki mashinkada igna va bigiz bilan - kesuvchi va qirquvchi asbob-anjomlar yordamida tayyorlangan milliy kashtachilik buyumlari, liboslar, pannolar, uy-ro‘zg‘or mahsulotlari va dekorativ bezak buyumlari;

Zardo‘zlik – qo‘lda yoki mashinkada igna, kesuvchi va qirquvchi asbob-anjomlar yordamida turli xil matolarga metall iplardan foydalangan holda zardo‘zlik uslubida (uy-ro‘zg‘or, xo‘jalik buyumlari, interer bezaklari, oyoq va bosh kiyimlar va turli xil liboslar, panno, portret, parda, tumor, g‘ilof kabi) tayyorlangan barcha hunarmandchilik mahsulotlari;

Musiqa asboblari – qo‘l mehnati va kichik mexanizatsiya vositalari yordamida yaratilgan barcha turdagi (doira, dutor, tanbur, tor, rubob, nog‘ora, nay, g‘ijjak, sato, chang, karnay, surnay, ud va boshqa) milliy musiqa asboblari;

Kulollik – loydan sopol buyumlar (uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenir va esdalik buyumlar, tandirlar) tayyorlash, interer dizayni uchun chiroq, qandil va boshqa shunga o‘xshash buyumlar tayyorlash, koshinchilik, devor va shift mozaikalari, tabiiy va sun'iy materiallardan mozaika pannolari tayyorlash, landshaft dizayni va akvariumlar uchun turli bezakli sopol buyumlar, arxitektura-bezak elementlari tayyorlash; sopol buyumlarni naqsh va trafaret bilan bezash:

Chinnisozlik – chinni-fayans buyumlari (uy-ro‘zg‘or buyumlari, suvenir va esdalik buyumlari) tayyorlash, interer dizayni uchun chiroqlar, qandillar va boshqa buyumlar tayyorlash, koshinchilik, devor va shift mozaikalari, tabiiy va sun'iy materiallardan mozaika pannolari tayyorlash, landshaft dizayni va akvariumlar uchun turli bezak buyumlar, arxitektura-bezak elementlari tayyorlash; chinni-fayans buyumlarni naqsh va trafaret bilan bezash;

Qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari – qonunchilikka muvofiq tamg‘alanishi shart bo‘lgan probali oltin, kumush, platina va platina guruhidagi metallardan ijodiy, mualliflik va milliy uslubda yasalgan buyumlar;

O‘yinchoqlar – qo‘lda yoki kichik mexanizatsiya vositalaridan yog‘och, metall, gips, mato, sopol va boshqa materiallardan ishlab chiqarishdan tashqari sharoitda yasalgan o‘yinchoqlar, qo‘g‘irchoqlar;

Mayda haykaltaroshlik buyumlari – tabiiy va sun'iy materiallar (gips, shamot, mis, bronza, alyuminiy, suyak, yog‘och, tosh, sopol, chinni, fayans, va boshqalar)dan yasalgan barcha turdagi haykaltaroshlik buyumlari;

Charmsozlik – an'anaviy usulda terini oshlash, qayta ishlash; qo‘lda yoki kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda tabiiy va sun'iy charm, qorako‘l teri va boshqa tabiiy mo‘ynalardan liboslar tayyorlash, egar-jabduq va ot anjomlari, arqon, belbog‘, qayish, sumka, hamyonlar;

Mualliflik mebellari – qo‘lda yoki kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda turli mahsulotlardan tayyorlangan mebel, sandiq, stol-stul, xontaxta, so‘ri (krovat), amaliy-bezak san'ati predmetlariga kiradigan mebel to‘plamlari va alohida qismlari;

Duradgorlik – yog‘ochdan tayyorlangan xalq hunarmandchiligi mahsulotlari, qo‘lda yoki kichik mexanizatsiya vositalaridan foydalangan holda oshxona anjomlari (o‘qlov, tuzdon, non quti, juva, keli, oshtaxta, nonpar (chakich)), yog‘och, faner va laminatdan tayyorlangan turli hunarmandchilik mahsulotlari, belanchak, bolalar aravachasi, beshik va uning anjomlari, xontaxta, sandiq, javon, eshik, rom, bezakli reykalar, surat uchun romlar (baget), duradgorlik uskunasida tayyorlangan har xil shaklli hunarmandchilik mahsulotlari, yog‘ochli shaxmat taxtasi va donasi, panno, boshqa buyumlar;

Novdalardan buyumlar to‘qish, savatsozlik – kesuvchi, qirquvchi ish anjomlari yordamida qo‘lda turli xil iplar va yopishtirish anjomlari (kleylar) yordamida o‘simlik (qamish, tol, poxol, tok va boshqa har xil daraxtlar, butalar, o‘simliklar) novdalari, turli metall va yelim iplardan to‘qilgan buyumlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari hamda xo‘jalik mollari, suvenir mahsulotlari, mebel, savat, supurgilar;

Shishasozlik – shishaga badiiy ishlov berish, bezak va suvenir mahsulotlari tayyorlash, shisha puflash ishlari, badiiy puflash asosida ishlangan bra, mayda plastiklar, esdalik buyumlari, taqinchoqlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, ko‘zgu va ko‘zgu sirtlari tayyorlash, shisha, smalta va boshqa materiallardan tayyorlangan vitrajlar;

Hajmli va shaklli qoliplarda quyilgan buyumlar – tabiiy va sun'iy materiallardan quyma uslubda ishlangan buyumlar, shuningdek, mis, bronza, cho‘yan, alyuminiydan qo‘lda quyma uslubda ishlangan mahsulotlar);

Soatsozlik – devorga osiladigan eksklyuziv, polda turadigan, kamin va qo‘l soatlari tayyorlash, soat mexanizmlarini ta'mirlash;

Emallash ishlari – emal qoplamali buyumlarni tayyorlash, emal qoplamalarini ta'mirlash va tiklash;

Esdalik buyumlari – turli tabiiy va sun'iy materiallardan har xil hajmda va rangda tayyorlangan esdalik va sovg‘a buyumlari; kamar, nishon, tasbeh, guldasta, floristika, ikebana, turli materiallardan guldastalar tayyorlash; suyakdan yasalgan esdalik sovg‘abop buyumlari, mayda haykalchalar, netske, quticha, pichoq, qilich, xanjar soplari, bezak bergan holda tayyorlangan boshqa amaliy bezak mahsulotlari;

Oddiy metallardan milliy uslubda tayyorlangan taqinchoqlar – oddiy metallardan milliy uslubda tayyorlangan barcha taqinchoqlar, tumor, zirak, zebigardon, bilaguzuk, uzuk, tillaqosh, soch bezaklari, to‘g‘nog‘ichlar va boshqalar;

Matoga gul bosish – chitgarlik, turli matolarga o‘yma yog‘och qolip yordamida gul bosish, gazlamalar va kiyim-bosh predmetlarini qo‘lda bo‘yash, andoza (trafaret, shelkografiya) yordamida gul, naqsh va tasvir bosish;

Kigiz bosish – turli tabiiy junlardan an'anaviy texnologiyalar asosida qo‘l mehnati yordamida kigiz bosish, turli matolar va ipak yordamida kigiz mahsulotlariga bezak berish, liboslar, oyoq kiyimlar, bosh kiyimlar, uy-ro‘zg‘or va interer buyumlari, gilam, panno, o‘yinchoqlar tayyorlash.

Sanab o‘tilgan hunarmandchilikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha mahsulotlarni tamirlash va xizmat ko‘rsatish ishlari hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mavzuga oid