Jahon | 18:15 / 21.08.2020
10415
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston chegaralarini ochmoqda

Foto: akchabar.kg

Qirg‘iziston chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatga kirish tartibini osonlashtirdi. Bu haqda hukumat matbuot xizmati ma'lumotlariga tayanib 24.kg sayti xabar bermoqda.

Xabarda keltirilishicha, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 martda chiqargan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Qirg‘iziston Respublikasi hududiga kirishiga vaqtincha cheklov kiritish to‘g‘risidagi qaroriga o‘zgartirish kiritgan.

O‘zgartirishga muvofiq, karantin qoidalari joriy qilingan sharoitda Qirg‘izistonga quyidagi toifadagi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kirishi mumkin:

1. Qirg‘iziston oliy ta'lim muassasalarida tahsil oladigan xorijlik talabalar (o‘qish joyidan ma'lumotnoma bilan);

2. Qirg‘iziston Respublikasida doimiy yashash huquqiga ega bo‘lgan fuqaroligi yo‘q shaxslar;

3. Qirg‘izistondagi tibbiy muassasalarga davolanish uchun kelayotgan xorijliklar (hujjatlashtirilgan holda);

4. Qirg‘izistonga yaqin qarindoshlarning dafn marosimiga kelayotgan xorijliklar (yaqin qarindoshlik haqida hujjat va o‘lim faktlari hujjat bilan tasdiqlangan bo‘lishi shart).

Bundan tashqari, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi mamlakatda koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq oqibatlarni minimallashtirishga qaratilgan iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida chet el fuqarolarining mamlakatga kirib-chiqishini bosqichma-bosqich tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Shuningdek, yangi qarorda epidemiologik vaziyatning barqarorlashishiga qarab Sog‘liqni saqlash vazirligi har oyda ikki marta – birinchi va o‘n beshinchi sanalarda fuqarolarining Qirg‘izistonga kirib-chiqishiga ruxsat beriladigan mamlakatlar ro‘yxatini tasdiqlashi belgilagan. Ruxsat berilgan davlatlarning fuqarolari Qirg‘iziston qonunchiligida belgilangan tartibda mamlakat chegarasidan erkin kirib-chiqishi mumkin bo‘ladi.

Mavzuga oid