Iqtisodiyot | 17:03 / 24.05.2021
19419
3 daqiqa o‘qiladi

«Hukumat komissiyasi qarorlari hamma uchun majburiy» - Umrzoqov «obnal ishi»da DSQning xatti-harakatiga munosabat bildirdi

Kun.uz Sardor Umrzoqov boshchiligidagi hukumat komissiyasi 1 aprel kuni Buxoro viloyatidagi tadbirkorlar bilan uchrashgani va komissiya viloyatdagi 907ta tadbirkorlik sub'yektidan «obnal ishi» bo‘yicha 47 milliard so‘mlik soliq undiruvini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilganini yozgandi. Sardor Umrzoqov komissiya qaroriga nisbatan DSQning xatti-harakatiga o‘z munosabatini bildirdi.

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Toshkent 5 tashabbus» tadbirlari doirasida investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuvda Kun.uz muxbiri Umrzoqovga hukumat komissiyasi qarori yuzasidan savol bilan murojaat qildi.

Kun.uz: — 24 aprel kuni sizning boshchiligingizdagi hukumat komissiyasi Buxoro viloyatidagi tadbirkorlar bilan uchrashgandi va komissiya viloyatdagi 907ta tadbirkorlik sub'yektidan «obnal ishi» bo‘yicha 47 milliard so‘mlik soliq undiruvini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilgandi. Davlat soliq qo‘mitasi QQS bo‘yicha undiruv bekor qilinmaganini, tadbirkorlarga soliqni bo‘lib to‘lashga imkon berilganini ma'lum qildi. Biroq bu komissiya qarorining ijrosi emas. Bunga qanday munosabat bildirasiz?

S.U: — Haqiqatan bunday qaror qabul qilingan. Bu qaror ijrosini Vazirlar Mahkamasi qoshidagi alohida tuzilgan inspeksiya va Bosh prokuratura nazoratga olishi kerak. Siz aytgan gapingizdan keyin borib topshiriq beraman. Ular menga hisobot beradi. Lekin hukumat komissiyasining qarorlari hamma uchun majburiy. Prezidentimizning farmonlari bilan alohida belgilangan. Komissiya qarorlari belgilangan muddatda bajarilmagan bo‘lsa, buni bajarmagan mas'ullarga tegishli choralar ko‘riladi.

Avvalroq, Kun.uz Sardor Umrzoqov boshchiligidagi hukumat komissiyasi Buxoro viloyatida faoliyat yuritadigan 907ta tadbirkorlik sub'yektiga «obnal ishi» yuzasidan yuklatilgan 47 milliard 133 million so‘mlik QQS undiruvini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqargani haqida maqola e'lon qilgandi.

Biroq DSQ qo‘mita budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasini noqonuniy kamaytirish natijasida hosil bo‘lgan soliq qarzdorligini majburiy undiruvga qaratish choralarini ko‘rgani, undiruv bekor qilinmasligini, balki soliqni bo‘lib to‘lashga imkon berilganini ma'lum qildi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov esa DSQ hukumat komissiyasi qarorini bajarishdan bosh tortganiga e'tibor qaratgandi.

Mavzuga oid