14:18 / 07.08.2021
3426

Samarqandda yashash hovlisida 2160 tup kannabis yetishtirayotgan shaxs ushlandi

Samarqand viloyati Jomboy tumanida o‘z hovlisida 2160 tup kannabis yetishtirib kelayotgan shaxs ushlangan. Bundan tashqari, uning uyidan quritilgan kannabis va uning urug‘lari ham chiqqan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan «Jinoyatchilikka qarshi kurash» tezkor profilaktik oyligi doirasida Jomboy tumanida o‘z hovlisida ko‘p miqdorda kannabis giyohvand o‘simligini yetishtirayotgan shaxs aniqlangan.

Qayd etilishicha, olingan tezkor ma'lumotga asosan, bugun, 2021 yil 7 avgust kuni huquqni himoya qilish organlari tomonidan Jomboy tumani Olmazor mahallasida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan B.E.ning yashash uyida tintuv tergov harakati o‘tkazilgan.

Tintuv davomida ushbu shaxsning tomorqasida 2 160 tup(!) kannabis giyohvandlik vositalariga o‘xshash o‘simliklar ekilgani aniqlanib, hujjatlashtirib olingan. Bundan tashqari, ushbu shaxsning hovlisida 512 tup quruq holdagi kannabis giyohvandlik vositalari, uyidagi ovqat pishirish pechi ichida 100 gramm kannabis giyohvandlik vositasining urug‘i saqlanayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olingan.

Ta'kidlanishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top