O‘zbekiston | 13:57 / 15.09.2021
22696
9 daqiqa o‘qiladi

«Dunyo ilm-fanidan ortda qolib ketyapmiz» – talabga javob bermaydigan darsliklar haqida Nagoya universitetining o‘zbek professori bilan suhbat

Kun.uz'ning navbatdagi suhbatdoshi Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, huquq fanlari doktori o‘zbekistonlik Alisher Umirdinov. Suhbatdoshimiz maktab va oliy ta'lim sohasiga oid dolzarb masalalar yuzasidan fikrlarini bildirdi. Suhbatning asosiy qismi darsliklarga bag‘ishlandi.

«Darslik – manbaning «onasi»

«Talaba nafaqat ustozining ma'ruzasini eshitadi, balki boshqa manbalardan ham bilim oladi. O‘sha manbalarning «onasi» darslikdir. Fakt shuki, xalqaro standart bilan O‘zbekistonda yozilayotgan darsliklar o‘rtasida jarlik nihoyatda katta. Bunda mablag‘, vaqt va hafsala kabi muammolar mavjud.

Xo‘sh, mablag‘ga qo‘shimcha ravishda professor o‘qituvchilarga global standartdagi, talabalar uchun kerak bo‘lgan sifatli kitoblarni yozish uchun vaqt berilyaptimi? Ular yugur-yugur ishlardan ortib, kitob yozish uchun to‘g‘ri yo‘naltirilyaptimi, degan savollar bor. Agar professorlarda sifatli darslik yoza olish uchun yetarlicha vaqt va imkoniyat bo‘lmasa, sifatli darsliklarsiz yana bir avlodni yo‘qota boshlaymiz.

Yaponiyada universitet professor-o‘qituvchilari sifatli darslik yozishni o‘zining burchi deb biladi. Ammo bu yerga kelib ba'zi o‘qituvchilarga ma'lum kerakli kitoblarni tarjima qilaylik, deb taklif bildirsangiz, bunga pul beriladimi, qancha foyda olamiz, degan gaplarni eshitaman. Motivatsiya o‘rtasidagi farq haqida gapiryapman.

Agar O‘zbekistonda xoh gumanitar soha, xoh tabiiy fanlar bo‘lsin: bakalavr bosqichini bitirgan talabalar xorijga o‘qishga ketganidan so‘ng kamida 6 oy yoki 1 yil yuqorida sizga aytgan jarlikni yo‘qotish uchun kutubxonalardan chiqmasligi kerak. Sababi bizdagi darsliklar sayoz yoziladi, yetarli ma'lumotlarni o‘z ichiga olmaydi, nihoyatda qisqa yoziladi. Xorijda tabiiy fanlar bo‘yicha audiovizual materiallardan juda keng foydalaniladi. Lekin bizda bunday kitoblar nihoyatda kam chiqadi. Varaqlari oz, shuning uchun talabalarga yetarli bilimlar berilmaydi.

Vaziyatni o‘nglash uchun biz kitoblarda bilimlarga kengroq joy berishimiz, yangi vizual ma'lumotlar bilan boyitishimiz kerak. Bunga erishishning yagona optimal yechimi tarjimadan boshqasi emas».

«Yirtqich» jurnallar

«Pedagog-o‘qituvchilar, birinchi navbatda, o‘qitishlari, ikkinchi o‘rinda o‘z sohalari bo‘yicha yetakchi tajribalardan boxabar bo‘lishlari talab etiladi. Buning uchun esa o‘z ustida tinmay ishlashlari lozim, ya'ni ilmiy maqolalar yozishlari zarur. Ilmiy maqola professor-o‘qituvchi o‘z ustida ishlashlari uchun vosita hisoblanadi va shu orqali fan rivojlanadi.

Universitet ilmiy darajasini ushlab turish, shuningdek, professor-o‘qituvchilar o‘z oyligini saqlab qolishlari uchun Scopus tarkibiga kirib, tezda chiqib ketadigan «yirtqich» jurnallarda maqolalar berishga harakat qilishadi. O‘qituvchilar o‘zlarining salohiyati yetadigan darajadagi jurnallarga maqola berishlarini taklif qilgan bo‘lardim. OTM ilmiy kengashi ham ularga shunga yarasha talab qo‘yishlari to‘g‘ri deb o‘ylayman.

Yaponiyada professor-o‘qituvchilarga ilmiy maqola chiqarish talabi mutlaqo qo‘yilmaydi. Umumiy chaqiriqlar bo‘ladi, xolos. O‘qituvchilar o‘zlari ongli ravishda ilmga hissasini qo‘shish uchun harakat qiladi. O‘zbekistonda universitetning ilmiy salohiyatini oshiraylik, degan maqsadda professor-o‘qituvchilarga bosimlar kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu noto‘g‘ri».

«Xususiy sektorni darslik yaratishga jalb qilish kerak»

«Ba'zi maktab darsliklarini varaqlab ko‘rdim. Bizda Yaponiyadagi darsliklardan farqli ravishda, juda ko‘p umumiy savollar bor. Vaholanki, yapon darsliklarida yetarlicha ko‘p ma'lumotlar beriladi. O‘quvchi yetarlicha ma'lumotlar bilan miyasini to‘ldirsa, unga vazifalar berish to‘g‘ri bo‘ladi, chunki u shundagina fikrlashni boshlaydi. Bizdagi darsliklarda asosiy va qo‘shimcha ma'lumotlarni bermasdan turib savollar beriladi.

AQShda o‘qituvchilarga unchalik ishonishmaydi. Shuning uchun darsliklar qalin bo‘ladi. O‘qituvchi noto‘g‘ri ma'lumot berib qo‘yishi mumkin, lekin maktab darsliklari sinovdan o‘tganligi uchun o‘qituvchilar neytral bilim berishadi. Darsliklarda audiovizual materiallardan unumli foydalaniladi. Yapon darsliklarida ham shunday: ma'lum mavzu yuzasidan nazariy ma'lumotlar, audiovizual materiallar taqdim etiladi. Mavzu oxirida 1-2 ta yo‘naltiruvchi savollar berish bilan kifoyalaniladi.

O‘zbekistonda darsliklarni faqatgina Xalq ta'limi vazirligi ishlab chiqadi. Yaponiyada esa bunday emas: xususiy sektor ham darslik yaratadi. Ko‘plab noshirlik uylari darsliklar chiqarishadi. Har bir viloyat va shaharlardagi ta'lim qo‘mitalari darsliklar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, ma'qulini tanlab olishadi. Bu sohada qizg‘in raqobat mavjud. Umid qilamanki, bu sohaga ham sog‘lom raqobat kirib keladi.

Soha ichidagi bir qancha mutaxassislarga bu savolni berganimda, O‘zbekistonda hali noshirlik uylari darslik chiqarish darajasiga yetib kelmagan, degan javob berildi. Noshirlik uylariga shu gapni aytganimda, ular darsliklar bozori bizgayam ochiladigan bo‘lsa, foyda ko‘radigan bo‘lsak, bunga tayyormiz va manfaatdormiz, lekin bizga bunday imkoniyat berilmagan, deyishdi.

Yaqinda Komil Allamjonovning «Allamjonov aybdor» kitobini o‘qib chiqdim. Muallif maktab darsliklari sifatsizligi haqida gapirgan va ajoyib g‘oya bergan. Xalq ta'limi darsliklarini yaxshilash uchun men o‘zimning jamoamni tuzdim va u jamoa 1 yil davomida o‘z ishini amalga oshirdi, bundan keyingi 4 yil davomida darsliklarning yangi avlodini bozorga chiqaramiz, degan ma'noda fikrini aytgan. Bu orqali u o‘zini sohada yangi «o‘yinchi» ekanini bildirgan.

Bu bo‘yicha huquqiy asos qay darajada? Allamjonov darslik chiqargani bilan u Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ko‘rib chiqiladimi yo‘qmi, bu alohida masala. Lekin buni o‘qib juda xursand bo‘ldim, chunki bunday tashabbuslar ko‘payishi kerak. Sohaga raqobat kerak».

Tarjima haqida

UNESCO tomonidan yuritiladigan global statistik ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston haligacha tabiiy va gumanitar fanlardan tarjima ishlarida nihoyatda oqsamoqda. O‘zbekiston bo‘yicha eng oxirgi statistika 2008 yilda kiritilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, juda kam sondagi kitoblar tarjima qilinadi. O‘zbekistonda tabiiy va gumanitar fanlar bo‘yicha professorlarning hammasi ham OTM darsliklari global standartlarga nisbatan qay darajada oqsayotgani va uning o‘rnini tezroq to‘ldirish uchun tarjimaga ehtiyoj borligini bilishmaydi.

Bu yerda moliyaviy masalalar ham bor. Yaqinda o‘zim ta'lim olgan TDYuUda Kembrij nashriyotining yuridik kitobini tarjima qilishdi. Tarjima qilish uchun litsenziyani olish uchun ma'lum miqdorda mablag‘ sarflandi. Aytmoqchimanki, OTM ma'lum kitob tarjima qilinishiga mablag‘ ajratishdan qizg‘anmasligi kerak. Undan tashqari, ushbu tarjima ishlarini bajarishga yetarlicha vaqt berilishi kerak. Kunbo‘yi talabalarga dars beradigan o‘qituvchi vaqt orttirib tarjima ishlari bilan shug‘ullana olmaydi.

Shu yilning mart oyida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirokida onlayn konferensiya o‘tkazildi. Vazirga darsliklarning tarjima ishlarini tezroq amalga oshirishimiz zarurligini aytdim. Iyun oyida Yoshlar festivali o‘tkazilganida ham vazir ushbu masalani yoshlarga murojaat shaklida yetkazdi. Vazir fikrimni qo‘llab-quvvatladi, lekin haligacha xorij darsliklarini tarjima qilishga ko‘maklashuvchi mutaxassislar guruhi yoki markaz tashkil qilingani haqida eshitmadim. Umid qilamanki, bu ish tezroq hal bo‘ladi. Agar tarjima ishlarini zudlik bilan hozir amalga oshirmasak, dunyo mamlakatlaridan yanada ortda qolib boraveramiz. Hozir bizga ayni vaqtda dunyo ilm-faniga yetib olishimiz uchun tarjima suv va havodek zarur», dedi suhbatdoshimiz.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri,

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid