Italiya senati bosh vazir Mario Dragiga ishonch bildirdi
Mario Dragini 95 senator qo‘llab-quvvatladi. Biroq hukmron koalitsiyadagi uch partiya ovoz berishni boykot qildi. RAI News 24 xabariga ko‘ra, Dragi 21 iyul kuni iste’foga chiqishi mumkin.
20 iyul, chorshanba kuni kechqurun Italiya senati bosh vazir Mario Dragiga ishonch bildirdi, biroq 74 yoshli siyosatchi kerakli darajada keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmadi. Hukmron koalitsiya a’zolari bo‘lgan uchta partiya – «Liga», «5 yulduz» harakati» va «Olg‘a, Italiya» ovoz berishni boykot qildi. Hukumat rahbariga 95 senator ishonch bildirdi, 38 nafari qarshi chiqdi.
Jarayon Dragi parlamentning yuqori palatasiga o‘z kabinetiga ishonch to‘g‘risidagi rezolyutsiya uchun ovoz berish so‘rovi bilan murojaat qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Kuzatuvchilar ovoz berishda uch partiya qatnashmagani uchun 74 yoshli siyosatchining iste’foga chiqishi ehtimoli katta ekanini ta’kidlamoqda. RAI News 24 telekanaliga ko‘ra, bu 21 iyul, payshanba kuni sodir bo‘lishi mumkin.
Shu kuni bosh vazir parlament quyi palatasi – Deputatlar palatasida nutq so‘zlamoqchi. U yerda ham Senatdagi kabi jarayon amalga oshirilishi kerak.
Bir hafta oldin, Mario Dragi hukmron koalitsiyadagi inflatsiya va energiya narxining oshishi uchun fuqarolarga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha qonun loyihasi tufayli yuzaga kelgan uzoq davom etgan mojarodan so‘ng iste’foga chiqdi. Bosh vazirning aytishicha, uning hukumatini qo‘llab-quvvatlagan milliy birlik koalitsiyasi endi mavjud emas, shuning uchun faoliyatini davom ettirish uchun sharoit yo‘q. Biroq Italiya prezidenti Serjio Mattarella Dragining iltimosini rad etdi va unga ishonch votumi o‘tkazishni taklif qildi.
Mavzuga oid
13:51 / 24.12.2024
Italiyaning eng yirik banki RFdan yevroda to‘lovlar qabul qilishni to‘xtatadi
15:01 / 23.12.2024
Meloni: RF migratsiyadan YeIga putur yetkazish uchun foydalanishi mumkin
13:48 / 19.12.2024
«Gazprom» Italiyaga birinchi marta STG yetkazib berdi
13:14 / 05.12.2024