O‘zbekiston | 13:22 / 22.11.2022
38872
3 daqiqa o‘qiladi

“Tariflar oshmagani evaziga elektr energiyasi va gazga subsidiya oshirilyapti” - Ishmetov budjet xarajatlari oshirilganiga izoh berdi

2022 yilgi budjet qonuniga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. “Yilning oxirigacha budjet taqchilligini 3 foizdan 4 foizga oshiryapmiz, shu darajada saqlab qolishga harakat qilishimiz kerak. Undan ortiq defitsitga mablag‘ning o‘zi yo‘q”, – deya izoh berdi moliya vaziri Timur Ishmetov.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

“2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Kiritilayotgan qo‘shimcha xarajatlar evaziga respublika konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 3 foizdan 4 foizga oshirilmoqda. Yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash uchun qonunning 10-moddasida O‘zbekiston respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining sof miqdori 6 trln  so‘mdan 10 trln so‘mga o‘zgartirilmoqda.

Moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, prezident va hukumatning ustuvor topshiriqlarini bajarish uchun respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratilgan mablag‘larning cheklangan miqdorlari 20 trln 915 mlrd so‘m qo‘shimcha xarajatlar hisobiga oshirilmoqda.

“Tashqi xatarlar hisobiga iqtisodiyot rejalashtirishdan kamroq o‘sishi hisobiga, tariflar oshmagani evaziga elektr energiyasi va gazga subsidiya oshirilyapti”, - dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiya rejadagidan yuqori bo‘lishi hisobiga ijtimoiy sohaga mablag‘ ajratishga to‘g‘ri kelmoqda.

“Tashqi xatarlarning asosiy muammosi noaniqlik, hozirgi vaziyat qancha davom etishini aniqlash qiyin, yilning oxirigacha budjet taqchilligini 3 foizdan 4 foizga oshiryapmiz, shu darajada saqlab qolishga harakat qilishimiz kerak. Undan ortiq defitsitga mablag‘ning o‘zi yo‘q. Tashqi qarzdan mablag‘ jalb qilish bo‘yicha limitlari belgilangan, tashqi qarzni oshirmaymiz. Daromadlar rejadan ortig‘i bilan bajarilyapti: bu yerda ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha daromadlar kamroq, ammo boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘proq daromadlarga erishiladi”, - dedi vazir.

Eslatib o‘tamiz, moliya vaziri Timur Ishmetov noyabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan iqtisodiy forumda O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin bosqichda ekani, barcha xarajatlarni qisqartirish zarurligini aytgandi.

Avvalroq vazir budjetdan tashqari jamg‘armalar eng og‘riqli masala ekanini aytib, jamg‘armaga tushumlar va xarajatlar budjet orqali amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagandi.

Mavzuga oid