Qozog‘istonda O‘zbekiston bilan mahbuslarni almashtirish to‘g‘risidagi qonun imzolandi
Qozog‘iston va O‘zbekiston jinoyatchilarni bir-biriga berish haqida kelishuvga erishdi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev shu haqdagi qonunni imzoladi.
«Davlat rahbari «Qozog‘iston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarni jazoni o‘tash uchun berish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqida»gi Qozog‘iston Respublikasi qonunini imzoladi», deyiladi xabarda.
Tegishli qonun Konstitutsiyada belgilangan talablarni amalga oshirishga qaratilgani haqida avvalroq xabar berilgan edi. Konstitutsiyada, agar xalqaro shartnomalarda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, Qozog‘iston fuqarosi xorijiy davlatga ekstraditsiya qilinishi mumkin emasligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, respublika o‘z fuqarolarini o‘z chegaralaridan tashqarida himoya qilish va homiylik qilishni kafolatlaydi. Xuddi shunday qoida O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham mavjud.
Avvalroq, Qozog‘iston bosh prokurori o‘rinbosari Aset Chindaliyev ikki davlat o‘rtasida mahkumlarni topshirish yoki rad etish uchun asoslarni ko‘rsatib bergan edi.
«Mahkum quyidagi hollarda topshiriladi: agar u ikki davlatdan birining fuqarosi bo‘lsa, uning qilmishi har ikki davlatda ham jinoyat deb hisoblansa, jazoni o‘tab bo‘lishga kamida bir yil qolgan bo‘lsa va har ikki davlat bunday jarayonga rozi bo‘lsa», dedi Aset Chindaliyev.
Ayni paytda, uning so‘zlariga ko‘ra, agar harakatlar mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga putur yetkazsa, milliy qonunchilikka zid bo‘lsa, mahkumning moliyaviy majburiyatlari bo‘lsa, sud yoki tergov davom etsa, ushbu jarayon rad etiladi.
«Mahkumlar o‘z xohishi bilan boshqa davlatga qaytariladi, chunki shartnomaning asosiy shartlaridan biri mahkum o‘z mamlakatida jazoni o‘tash niyati to‘g‘risida ariza taqdim etishi shart», dedi Qozog‘iston bosh prokurori o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qozog‘istondagi ozodlikdan mahrum qilish muassasalarida O‘zbekistonning 486 nafar fuqarosi jazo o‘tamoqda – bu Qozog‘istonda shunday jazoga tortilgan xorijiy fuqarolarning yarmini tashkil etadi.
O‘zbekistonda Qozog‘istonning 20 nafar fuqarosi ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tamoqda.
Mavzuga oid
17:04 / 11.12.2024
Qozog‘istonda kuydirgi sababli chorva uchun majburiy karantin joriy etildi
16:33 / 25.11.2024
O‘zbek ayollarini haqoratlagan turkiyalik stendapchi: unga qarshi Istanbul prokuraturasiga ariza topshirilgan
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024