O‘zbekiston | 12:28 / 09.02.2023
9399
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston mahkumlarni topshirish bo‘yicha kelishib oldi

Foto: Zakon.kz

9 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti Senati deputatlari Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qildi, deb xabar berdi Zakon.kz. 

Hujjatni Qozog‘iston bosh prokurori o‘rinbosari Aset Chindaliyev taqdim etdi. Unga ko‘ra, hujjatda mahkumni topshirish va buni rad etish uchun asoslar ko‘rsatilgan. 

- Mahkumga quyidagi hollarda topshiriladi: agar u ikki davlatdan birining fuqarosi bo‘lsa, uning qilmishi har ikki davlatda ham jinoyat deb hisoblansa, jazoni o‘tashga kamida bir yil qolgan bo‘lsa va har ikki davlat bunday jarayonga rozi bo‘lsa, - dedi Aset Chindaliyev.

Ayni paytda, uning so‘zlariga ko‘ra, agar harakatlar mamlakat suvereniteti va xavfsizligiga putur yetkazsa, milliy qonunchilikka zid bo‘lsa, mahkumning moliyaviy majburiyatlari bo‘lsa, sud yoki tergov davom etsa, ushbu jarayon rad etiladi. 

- Mahkumlar o‘z xohishi bilan boshqa tarafga taqdim etiladi, chunki shartnomaning asosiy shartlaridan biri mahkum o‘z mamlakatida jazoni o‘tash niyati to‘g‘risida ariza taqdim etishi shart - dedi Qozog‘iston bosh prokurori o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qozog‘istondagi ozodlikdan mahrum qilish muassasalarida O‘zbekistonning 486 nafar fuqarosi jazo o‘tamoqda – bu Qozog‘istonda shunday jazoga tortilgan xorijiy fuqarolarning yarmini tashkil etadi. 

O‘zbekistonda Qozog‘istonning 20 nafar fuqarosi ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tamoqda.

18 yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti deputatlari Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan shaxslarni topshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishni ma’qulladi.

Mavzuga oid