10:08 / 13.04.2023
11156

«Maktab direktori hokim oldiga kirib maktab hojatxonasi holatini yaxshilab ber, deb talab qilolmaydi» - Isroil Tillaboyev

Maktab ta’limi mavzularini yorituvchi faol Isroil Tillaboyev Kun.uz'ga hokimliklar o‘z vazifasini bajarmayotganidan maktab jamoasi qiynalayotgani haqida gapirdi. Uning aytishicha, hojatxonalarning sanitar holati va uni ashyolar bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan yondashmoqda.

Foto: Kun.uz

Tillaboyevning ta’kidlashicha, maktab hojatxonalariga e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan mahalliy hokimliklar o‘ziga yuklatilgan vazifasini bajarayotgani yo‘q.

«30-50 yil oldin qurilgan maktablarimiz ham son-sanoqsiz. Bu maktablarning hojatxonasiga kim e’tibor bermoqda? Ancha oldin bu inshootlarni ta’mirlash, qayta qurish uchun katta kampaniya boshlangandi. Afsuski, bu ham maktabning o‘ziga tashlab qo‘yilgan. Vaholanki, bu vazifa mahalliy hokimliklarga yuklatilgan.

Qaysi maktab direktori hokimlarning oldiga borib, hojatxonani kerakli ashyolar bilan ta’minlab berishini so‘raydi? Aslida birinchi savolni shundan boshlash kerak. Chunki hech qaysi maktab rahbari hokimlikka kirib, buni talab qila olmaydi. Talab qila olmadimi, hojatxonani sanitar holatga keltirishning boshqa muqobil variantlarini izlab ko‘rishadi. Bunda ularda 2 ta yechim bor xolos: yo ota-onalar, yo o‘qituvchilar maktabni shu ashyolar bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi. Bu jarayonda ota-onalarga ham ayta olishmaydi. O‘z-o‘zidan maktab rahbari muassasadagi mavjud imkoniyatdan, o‘qituvchilar imkoniyatlaridan kelib chiqib, iloji boricha hojatxonaga kerakli mahsulotlarni pul yig‘ib olishga harakat qilishadi.

Bu ishni eplay olmasa-chi? Bu holatda ularni SES xodimlari kutib turgan bo‘ladi. SES xodimlari qonun talablarini ushlab olishadi, nimalar qilinishi kerakligi ko‘rib chiqiladi, lekin qaralsa, hech kim uni bajarayotgani yo‘q. Qarabsizki, jarima solib ketilaveradi. Yozilgan qonunni kim bajarishi kerak? Mana shu narsa arosatda qolgani sababli maktab jamoasi aziyat chekib kelishmoqda.

Hozirgi kunda har qanday holatda SESning jarima solishga kuchi yetadi. Chunki buning tartibi qayerdadir ishlamasligini SESning o‘zi ham yaxshi biladi. Bu tartibning qanday ishlatish kerakligiga SESning o‘zi ham takliflar bilan chiqishi kerak. Bir yilda maktablardan shuncha mlrdlab jarima olinmoqda, shu jarimani maktab hojatxonasini ashyolar bilan ta’minlashga tashabbus bilan chiqishi uchun SESga kim to‘sqinlik qiladi?» – deydi Tillaboyev.

Ma’lumot uchun, prezidentning 2018 yildagi farmoniga ko‘ra, maktablarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish, shuningdek, ularni zarur sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlash mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Kun.uz maktab hojatxonalari haqidagi surishtiruv materialini e’lon qilgandi. Maqoladan so‘ng faqat Samarqand tumanida joylashgan maktablarning biridagi o‘g‘il bolalar hojatxonasida o‘rnatilgan videokamera yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Top