O‘zbekiston | 10:28 / 12.04.2023
11783
3 daqiqa o‘qiladi

«Maktab hojatxonalarining sifati o‘quvchi davomatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq» - iqtisodchi

Iqtisodchi Valijon To‘raqulov Kun.uzʼga bergan intervyusida maktab hojatxonalari ta’limning uzviyligi, uning darajasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqligi va bu borada Koreyaning tajribasi qandayligi haqida gapirib berdi.

Valijon To‘raqulov, iqtisodchi / Foto: Kun.uz

Iqtisodchi maktab hojatxonalari hukumat e’tiboridan chetda qolayotgani, hojatxonalarning sifati to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘quvchilar davomatiga bog‘liqligini ta’kidladi. 

«Umuman hojatxonalar haqida gap ketganida, bizda hozir davlat ko‘proq turistlar uchun yo‘l bo‘yidagi hojatxonalarga e’tibor beryapti. Lekin maktablar ichidagi hojatxonalar e’tibordan chetda qolayotgandek.

Aslida maktab hojatxonalari ta’limning uzviyligi, uning darajasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liq. Masalan, ba’zi bir tadqiqotlarni ko‘rdim, shularga ko‘ra, hojatxonaning yaxshiligi va davomat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘liqlik bor ekan. Ayniqsa, qizlar masalasida. Chunki qizlarimiz voyaga yetganidan keyin ulardagi turli xil holatlarda hojatxonalar asosiy rol o‘ynaydi. Shuning uchun haftada o‘quvchilarning 5-6 kun davomati yo‘q bo‘lib ketishini oldini olish maqsadida hojatxonalar ahvolini yaxshilash zarur.

Tadqiqotlarda sanitar ahvoli yaxshi bo‘lmagan hojatxonalarga kirmaslik uchun bolalar suvni kamroq ichishga harakat qilishi aniqlangan. Bu bilan ular holati yaxshi bo‘lmagan hojatxonaga kirishga «qarshi kurasharkan». O‘quvchi, talabalar ko‘proq miya bilan ishlagani sabab ularga suv juda ham zarur. Hojatxonalar masalasi nafaqat davomatga, balki ta’limning o‘ziga ham ta’sir qiladigan tomonlari bor.

Koreyada maktab hojatxonalariga shunday yondashilganki, bu borada hukumat darajasidagi veb-saytlar ham bor. Mazkur saytda qayerda ommaviy hojatxonalar borligi aks etgan, ularning reytingi ham yuritiladi. Yuqorida qayd etib o‘tganlarim: tozalik, yaqinlik hamda xavfsizlik jihatlariga Koreyaning barcha maktab hojatxonalari javob beradi. Maktablarning har bir qavatiga hojatxonalar qurilgan. Bu xalq uchun hojatxonalarning tozaligi davlat miqyosidagi madaniyat hisoblanadi. Shuning natijasida ular nafaqat o‘quvchilar davomati kamayib ketishining oldini oladi, balki ko‘proq suv iste’mol qilib, yaxshi ta’lim olishlariga yordam beradi», – deydi iqtisodchi To‘raqulov.

Avvalroq Kun.uz maktab hojatxonalari va undagi ahvolga e’tibor qaratib, mavzu yuzasidan surishtiruv materialini e’lon qilgandi. To‘liq videoni shu yerda ko‘rishingiz mumkin.

Mavzuga oid