17:04 / 18.04.2023
19543

«U rejissyorga borganman, yo‘q degan, bu rejissyorga borganman, yo‘q degan» - Murod Rajabov «Temir xotin» filmining yaratilishi haqida

«Temir xotin» filmidagi Qo‘chqorboy obrazi Murod Rajabovning tashrif qog‘oziga aylangan rollaridan biridir. Biroq o‘zbek kinosi xazinasiga aylangan «Temir xotin»ning kinotasmalarga muhrlanishiga ham aynan Murod Rajabov sababchi bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi. Bu haqda marhum aktyor Kun.uzʼga bergan intervyusida ma’lum qilgandi.

Murod Rajabov «Temir xotin» asarini teatrga olib borgan, biroq olishmagan, shundan keyin film sifatida ekran yuzini ko‘rishini istagan. Aktyor bunga sabab sifatida asarning samimiyat, dard bilan yozilganini ta’kidlagan.

«Sharof Boshbekov juda zo‘r yozgan bu asarni. Italyanlarning shunga o‘xshash filmi bor edi. Undan so‘raganimda shu kinoni ko‘rganini aytgan. O‘sha kinoda ham bir boyning shunday temir xotini bo‘ladi. Yozuvchi shu kinodan ilhomlangan. Asar juda zo‘r yozilgan. Unda kuchli dramaturgiya, samimiyat, dard bor. Umuman, har tomonlama yetuk bo‘lgan bu asar.

Teatrga olib kelganman, lekin olishmagan. Keyin Farhod Musajonov yoniga borganman, o‘shanda «O‘zbekfilm»ning bosh muharriri edi. Shu asarni kino qilaylik, yaxshi asar-ku, nega e’tibor bermaysizlar deganman. Farhod aka o‘qib chiqqach, kino olishga ruxsat bergan», — degandi marhum aktyor.

San’atkor asarni yaxshi ko‘rib qolgani sabab, kino qilinsa unda rol ijro etishni xohlaganini ham aytadi: «Nima desam ekan, asar menga umumiy yoqqan juda. Kino qilinsa, o‘ynardim degan xohish paydo bo‘lgan. Filmni suratga olish uchun rejissyor qidirganman. U rejissyorga borganman yo‘q degan, bu rejissyorga borganman yo‘q degan. Keyin kutilmagan tasodif bilan kinorejissyor Isamat Ergashevning qo‘liga tushgan bu film».

Aktyor filmda ssenariydan tashqari epizodlar ham o‘ylab topilganini ta’kidlagandi: «Tushida hind qahramoni bo‘lib qolishini ko‘rganini o‘zimiz o‘ylab topganmiz. Bunday topilmalar ko‘p».

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston xalq artisti, taniqli aktyor, o‘zbek kino xazinasidan joy olgan qator filmlardagi rollari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan Murod Rajabov 8 aprel kuni uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 74 yoshida vafot etdi.

Kun.uz aktyorning vafotidan 3 oy muqaddam undan intervyu olgandi. Murod Rajabov suhbatda teatr va kinoda ijro etgan rollari, ijoddan ketishi sabablari, «qora ro‘yxat»ga tushishi haqida gapirib bergandi.

Top