11:39 / 01.05.2023
12229

“Halollik bilan hamma narsaga erishish mumkin” - bog‘bonlik ortidan Toshkentdan uy olgan ota hikoyasi

Asli bo‘kalik bog‘bon Ko‘chimmurod Mamatov farzandlarining havasi ortidan Toshkent shahriga kelgan. U qizining o‘qishi uchun qishloqdagi bor budini sotgan. Qiyinchiliklarga qaramay barcha farzandini o‘qitib, oliy ma’lumotli qilishni niyat qilgan. Hozirda u uchta joyda bog‘bonlik qilib, ro‘zg‘or tebratadi.

Ko‘chimmurod Mamatov daraxtlarga shakl berish, payvandlash, ko‘chat qilishni otasidan o‘rgangan. Garchi ota-onasi uning oliy ma’lumotli bo‘lishini istagan bo‘lsa-da, qahramonimiz oiladagi moliyaviy qiyinchiliklar sabab o‘qishni davom ettirmaslikka qaror qiladi.

“Otamga yordam berishim kerak edi. Onam 52 yoshida vafot etgan. Ular 20 yil qand kasali bilan og‘rigan, kasalxonaga olib borish, dori-darmon qilish mening bo‘ynimda edi. Onamni davolatish uchun shaharga kelib-ketib yurganman. Otam bu ishlarga tushunmasdi.

Yoshlik paytimizda to‘ylarda kurashlarda qatnashardim. Yugurish, kurash musobaqalarida g‘olib bo‘lib, uyimga sovrinlar olib borardim. Jismonan baquvvat bo‘lganim uchun maktabdagi do‘stlarim Bryus Li deb laqab qo‘yishgandi”, – deya yoshligini xotirlaydi u.

Uning aytishicha, hashar yo‘li bilan uy quradi, unga ko‘chib chiqqach esa manzarali daraxtlar yetishtirishga qiziqib qoladi. Ko‘chatlarni bozorda sotib ro‘zg‘or tebratadi. Hovlisida mevali daraxtlardan bog‘ yaratadi.

“Hovlimizdagi bog‘imizga odamlar kelib suratga tushishardi. Shaftoli, o‘rik, gilos kabi har xil mevali daraxtlar ekkandim, yer bo‘sh qolmasligi uchun daraxtlar orasiga sabzavotlar ekardim. Kezi kelganda bozordan faqat yog‘ bilan tuz sotib olardik. Hamma narsa tomorqamizdan chiqardi”,– deydi u.

Ammo sakkiz yilcha avval uyini sotib Toshkent shahriga ko‘chib kelgan. Uning aytishicha, bunga farzandlarining shaharda yashash havasi va yoshligida o‘ziga bergan va’dasi sabab bo‘lgan.

“O‘zim o‘qiy olmaganim uchun qizlarim, o‘g‘limni o‘qitaman deb o‘zimga so‘z berganman. Farzandlarimga o‘qish kerakligini uqtirdim. Katta qizim uch yil tayyorlanib, Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirdi. Kontraktga kirgani uchun qiynalib qoldim. Menga ko‘maklashish uchun katta qizim singlisini shaharda birga ishlaymiz deb chaqirib oldi. O‘zim shaharga kelishni istamasdim. Qizlarim meni poytaxtga olib kelish uchun keyin onasini ham chaqirdi. Bir o‘zim qolib ketdim, keyin majbur bo‘ldim kelishga. Uy olishga pulimiz yo‘q edi”, – deydi bog‘bon.

Ko‘chimmurod Mamatov uch joyda bog‘bonlik qiladi. Har kuni soat 17:00gacha Adiblar xiyobonida, undan keyin bir soat Yozuvchilar uyushmasi bog‘ida, dam olish kunlari esa o‘zi yashayotgan mahallada bog‘bonlik qiladi.

“Uy olgan joyimda ko‘p qavatli turar joy binosini qurgan odamlar bog‘bonligimni eshitib ish taklif qilishdi. Dam olish kunlari o‘sha yerda ishlaydigan bo‘ldim. Mahallamiz daraxtlarini parvarish qilaman, atrofning obodligiga mas’ulman. Bir ish joyimdan 2 mln, biridan 2,5 mln, yana biridan 1 mln oylik olaman. Uyga to‘lashga yetib turibdi, Xudoga shukr. Bolalarim topgan daromad esa boshqa narsalarga ketadi. Odamlar bu ishdan biror nimaga erishib bo‘lmaydi, deyishadi. Yo‘q, halollik bilan, mehr bilan ishlasa, erishsa bo‘ladi. Tushkunlikka tushgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Hammaning boshida bor bunday vaziyat. Lekin oilamiz bilan bir-birimizga dalda berib birgalikda yengib o‘tdik”, – deydi u. 

Ko‘chimmurod akaning aytishicha, u uch farzandini ham oliy ma’lumotli, bilimli, malakali kadrlar sifatida el-yurtiga xizmat qilayotganini ko‘rish umidida yashamoqda.

Mavzuga oid
Top