18:39 / 05.07.2023
32205

Sobiq MXX binosini buzish boshlandi

Uning o‘rnida quriladigan 22 qavatli mehmonxonaning ochilishi 2026 yilga mo‘ljallangan.

O‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan sobiq MXX binosi buzilyapti. Dastlab bino Ichki ishlar vazirligi markaziy shahar poliklinikasi bo‘lgan. Keyinroq O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi binosiga aylangan, so‘ngra Milliy xavfsizlik xizmati binosi bo‘lgan. 2018 yilda MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘zgartirilgan va yangi joyga ko‘chirilgan.

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi Foto: Kun.uz

Poytaxtning Yunusobod tumani Sayilgoh ko‘chasidagi 2,2 gektar maydonda joylashgan ushbu bino 2021 yil yoziga qadar Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatida bo‘lgan.

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi Foto: Kun.uz
Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi Foto: Kun.uz

Bino 2021 yil iyunda “Metropol Group” MChJ tomonidan 210 mlrd so‘mga sotib olingandi. Bu kompaniyaning 100 foizi ulushi o‘sha vaqtda ham, hozirda ham sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli ekani ko‘rsatilgan.

2023 yilning bahorida Radisson Hotel Group kompaniyasi Metropol Group bilan mazkur bino o‘rnida 4 ta binodan iborat, asosiy va eng balandi 22 qavat bo‘ladigan, 164 xonaga ega mehmonxona qurish bo‘yicha bitim imzolagani ma’lum bo‘ldi. Uning foydalanishga topshirilishi 2026 yilga mo‘ljal qilingan.

Mavzuga oid
Top