19:42 / 05.08.2023
18329

Navoiyda qariyb 3,3 mln dollarlik “yashil loyiha” qarovsiz qoldi

Bundan 7 yil oldin Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning 2,5 mln dollar qiymatidagi grant mablag‘lari evaziga “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi atrofi ko‘kalamzorlashtirilgandi. Hududning sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun o‘sha paytda mahalliy budjetdan 725 ming dollar sarflangan. 

Foto: KUN.UZ

Karmana tumanida joylashgan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi atrofidagi daraxtlar qarovsizlikdan qurimoqda. Hududda 2015 yilda O‘zbekiston-Janubiy Koreya do‘stlik bog‘i ham barpo etilgandi

Foto: KOICA vakolatxonasi
Foto: KOICA vakolatxonasi

2013-2016 yillarda Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning 2,5 mln dollar qiymatidagi grant mablag‘lari hisobidan “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi atrofidagi 140 gektar maydonda ko‘kalamzorlashtirish loyihasi amalga oshirilgan. O‘sha paytda ushbu maydonda sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun esa davlat budjetidan qariyb 725 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan. 

Bugungi kunga kelib mazkur bog‘ va yashil hudud mas’ullarning e’tiborsizligi tufayli qarovsiz holga kelib qolgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Do‘stlik bog‘idagi daraxtlarning ko‘pchiligi suvsizlikdan qurish arafasida. 725 ming dollarlik sug‘orish tizimi nega ishlamayotgani esa ma’lum emas.

Hududning aniq bir egasi ham yo‘qqa o‘xshaydi: 2-3 yil oldin yaxshi qarashardi, mashinalarda yo‘l ustidagi daraxtlarga suv quyib turishardi. Hozir esa e’tiborsiz qolgan: na hokimlik, na iqtisodiy zona direksiyasi daraxtlarni parvarish qilmayapti.

To‘g‘ri, hududda suv muammosi bor, yer osti suvlari ham pasayib bormoqda. Cho‘l hududi bu yerlar. Ammo buni bila turib tuman hokimligi 3 yil oldin mana shu yerda “Kelajak” bog‘i ham barpo qildi. Hozir uyam yo‘qolib qolgan”, deydi Kun.uz manbasi.

Karmana tumani hokimligi 2020 yilda haqiqatdan ham mazkur hududda “Kelajak bog‘i” tashkil qilgan. Hokimlik axborot xizmatining yozishicha, 10 gektar bo‘sh turgan cho‘l maydonida tashkil etilgan “Kelajak bog‘i”ga o‘sha payti 1500 tup daraxt ko‘chati o‘tqazilgan.

Foto: Karmana tumani hokimligi
Foto: Karmana tumani hokimligi

Bugungi kunga kelib “Kelajak bog‘i” yo‘qolib qolgan, unga sarflangan mablag‘ esa “havoga uchgan”. Katta ehtimol bilan bu yerda daraxt ko‘chatlari unib ketmagan bo‘lishi mumkin. 

Oldinroq Bosh prokuratura “Yashil makon” umummilliy loyihasiga mas’uliyatsiz yondashgan 29 nafar rahbar javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgandi. Mas’ullar tomonidan yashillashtirish siyosati va belgilangan vazifalarga sovuqqonlik bilan qarash, hisobdorlikda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yib, ko‘rsatkichlarni bo‘rttirib ko‘rsatish holatlari aniqlangan.

Ruslan Saburov, 
Kun.uz

Mavzuga oid
Top