O‘zbekiston | 23:41 / 10.11.2015
5991
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiy viloyati Karmana tumanida O‘zbekiston–Janubiy Koreya do‘stlik bog‘i ochildi

Navoiy viloyati Karmana tumanida O‘zbekiston–Janubiy Koreya do‘stlik bog‘i ochildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik barcha jabhalar qatori madaniy-gumanitar sohada ham ravnaq topayotgani, bunda ikki davlat rahbarlari uchrashuvlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan 52 qo‘shma korxonaning 9 tasi janubiy koreyalik sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan. Bugun Navoiy shahri aeroporti negizida tashkil qilingan xalqaro logistika markazi orqali turli davlatlarga parvozlar amalga oshirilmoqda.

Do‘stlik bog‘ining ochilishi ham ikki davlat o‘rtasidagi ochiqlik va do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi. Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning 2,5 million dollar qiymatidagi grant mablag‘lari hisobidan “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi atrofidagi 140 gektar maydonda ko‘kalamzorlashtirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu maydonda sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun davlatimiz byudjyetidan qariyb 725 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, loyiha doirasida bir gektar maydonda Janubiy Koreya andozasi asosida issiqxona qurilib, barcha kommunikatsiya tizimlari tayyor holga keltirildi.

– 2013-2016 yillarga mo‘ljallangan mazkur loyihaning amalga oshirilishi davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash barobarida yashillik olamini kengaytirishga xizmat qilayotganidan mamnunmiz, – deydi Koreya Respublikasi xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Im Jong Xi xonim. – Bog‘ uchun maxsus ninabargli va cho‘l iqlimiga mos daraxt turlarini ko‘paytirish uchun nihol parvarishlash hududi tashkil etilib, Janubiy Koreya va O‘zbekiston mutaxassislari buta parvarishida birgalikda ish olib bormoqda. Bunday keng maydonda tashkil etilayotgan bog‘ hudud iqlimini yaxshilash, bo‘sh yerlarni ko‘kalamzorlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.