23:29 / 09.09.2023
31563

Xitoy iqtisodiyotining zaiflashuvi. Bunga qaysi omillar ta’sir ko‘rsatmoqda?

Xitoy iqtisodiyotining o‘sishi sekinlasha boshladi. Mamlakatda ishlab chiqarish hajmi bir necha oydan beri qisqarmoqda. Bunga nima sabab? Xitoydagi hozirgi iqtisodiy tendensiya global dunyo uchun nimani anglatadi va vaziyat yanada yomonlashishi mumkinmi?

Xitoy so‘nggi 20 yil ichida shu qadar tez rivojlandiki, ko‘pchilik ekspertlar va tahliliy markazlar rasmiy Pekin tez orada dunyoning eng boy va qudratli davlati bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarga yetib olishi va uni ortda qoldirishi bo‘yicha prognozlar bera boshladi. Ammo oxirgi 3 yilda Xitoy iqtisodiyotining o‘sishi keskin sekinlashdi. Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi?

Demografik inqiroz kuchaygan, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik esa rekord darajaga yetgan

Moody’s Investors Service ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Xitoyda mehnat unumdorligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Tug‘ilishning qisqarishi va umr ko‘rish davomiyligi oshishi sababli Xitoy aholisi qarib bormoqda va demografik vaziyat yomonlashmoqda. Agar 2019 yilda mehnatga layoqatli yoshdagi fuqarolar soni 998 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich 767 milliongacha kamayishi mumkin.

Yoshlar ishsizligi darajasi rekordlarni yangilab, iyun oyida 21,3 foizni tashkil etdi, bu pandemiyadan oldingi darajadan deyarli ikki baravar ko‘p. Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich bundan ham yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Rekord qayd etilganidan bir oy o‘tgach, rasmiylar yoshlar ishsizligi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni ham to‘xtatib qo‘ydi.

Yoshlarni ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga asosiy sabab sifatida, bugungi kunda ishsizlarning taxminan uchdan ikki qismi oliy ma’lumotga egaligi, ammo Xitoy iqtisodiyotida malakali kadrlarga ommaviy talab yo‘qligi keltirilgan. Ya’ni oliy ma’lumotli yoshlar oldingi davrdagi kabi zavodlarga borishni va u yerda eng oddiy xodim bo‘lib ishlashni xohlamaydi. O‘z navbatida sanoatda bo‘sh o‘rinlar paydo bo‘lmoqda va uni to‘ldirish bilan muammolar yuzaga kelgan.

Bu holat, bir tomondan, aholining qarib borayotgani sababli vaziyatni yanada yomonlashtirsa, ikkinchi tomondan, mamlakatdagi iste’mol talabiga salbiy ta’sir qiladi.

Yuan qadrsizlanmoqda

Xitoy iqtisodiyotining zaiflashuvi fonida investorlar mahalliy kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlarini sota boshladi. Buning ortidan milliy valuta yuan o‘zini “yomon” his qilmoqda. Avgust oyi o‘rtalariga kelib valuta kursining pasayishi Xitoy Xalq bankini intervensiya qilishga majbur qildi: norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, davlat banklari valuta kursini qo‘llab-quvvatlash maqsadida dollar sotish va yuan sotib olishni boshlagan. Biroq, bu kabi choralar faqatgina qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatdi.

Xitoy yuani 2007 yildan buyon dollarga nisbatan eng past qiymatgacha tushdi. Xususan, so‘nggi 16 yil ichida ilk marta 1 AQSh dollarining kursi 7,3285 yuandan o‘tdi. 9 sentabr holatiga ko‘ra, 1 AQSh dollari 7,34 yuangacha mustahkamlangan. Xitoy valutasi qiymatining pasayishi tashqi savdo bo‘yicha hisobotlar e’lon qilinganidan so‘ng yuz berdi.

Ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat

Xitoy iqtisodiyotining asosiy dvigateli – ko‘chmas mulk bozorida inqirozli vaziyat yuzaga kelgan.

“Bu tizimli sekinlashuv. 2008-2016 yillarda o‘sishni ta’minlagan “dvigatellar” to‘xtab qoldi. Ko‘chmas mulk sektorining hissasi Xitoy iqtisodiyotining 25 foizgacha bo‘lgan qismini tashkil etadi. Bu sektordagi pasayish umumiy o‘sish sur’atlari sekinlashuvining asosiy sababidir”, – deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi(CSIS) tahlilchisi Logan Rayt.

Xitoyliklar uchun ko‘chmas mulk – kelajakka asosiy sarmoyadir. Bank depozitlari stavkalari har doim kommunistik partiya tomonidan belgilab berilgan, ijtimoiy yordam esa rivojlanmagan. Shu sababli, xitoyliklar an’anaviy ravishda ko‘chmas mulkka sarmoya kiritib, kelajak hayot uchun pul jamg‘arishgan. Shuningdek, urbanizatsiya va aholining o‘sishi shaharlarda uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlab kelgan.

Talabni qo‘llab-quvvatlovchi omillar asta-sekin zaiflashib bordi. Qurilish kompaniyalaridagi muammolar va narxlarning pasayishi ko‘chmas mulkni jamg‘arma obekti sifatidagi jozibadorlikdan mahrum qildi. Urbanizatsiya deyarli yo‘qoldi va aholining o‘sishi to‘xtadi. Jumladan, 2013 yildan beri mamlakatda nikohlar soni kamayib bormoqda.

2021 yilda mazkur tarmoq giganti Evergrande defoltga uchradi va hozirda qayta tiklanish ishlarini olib bormoqda. 2020 yilda kompaniyaning foydasi bugungi kurs bo‘yicha taxminan 1,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 va 2022 yillarda yo‘qotishlari o‘nlab milliard dollarga yetgan.

Umuman olganda, xitoyliklar daromadining avvalgiday o‘smayotgani va kvartiralar arzonlashayotgani sababli uy-joy bozorida inqirozli vaziyat kuzatilmoqda. Berilgan barcha kreditlarning qariyb chorak qismi qurilish sektoriga to‘g‘ri kelgani uchun muammoli qarzlarning ulushi ham ortib ketgan.

Agar ko‘chmas mulk sektorida sarmoyaning qisqarishi davom etadigan bo‘lsa, Xitoy hukumati uni iqtisodiy o‘sishning qolgan ikki komponenti – iste’mol va eksport hisobiga qoplashi kerak bo‘ladi. Ammo, bu juda qiyin.

Sanoat sekin rivojlanmoqda, eksport va import ko‘rsatkichlari pasaygan

Rasmiy Pekin joriy yilda YaIMni 5 foizga oshirish rejalarini e’lon qilgandi. Bu ko‘rsatkich ham ko‘pchilik tahlilchilar tomonidan ancha past natija sifatida baholangandi. Biroq yilning ikkinchi yarmiga kelib mamlakatdagi iqtisodiy o‘sish atigi 3 foizni tashkil qilgan.

Joriy yilning dastlabki yetti oyligida sanoat o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foizga o‘sgan. 2022 yilda mamlakatda pandemiya cheklovlari amalda bo‘lgani hisobga olinsa, bu ancha past ko‘rsatkich. Ko‘pchilik sanoat o‘sishi 4,4 foizdan baland bo‘lishini kutgandi.

Iyul oyida chakana savdo, avtomobil, kiyim-kechak, aloqa vositalari, qurilish materiallari bozorlaridagi natijalar ham dastlabki hisob-kitoblardan yomonroq bo‘lgan. Asosiy kapitalga, sanoat ishlab chiqarishiga, qayta ishlashga investitsiyalar o‘sishi sekinlashgan. Import va eksport iyul oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 12,4 va 14,5 foizga kamaygan. Umumiy savdo aylanmasi esa 13, 6 foizga qisqargan.

Xitoy iqtisodiyotining sekinlashuvi global iqtisodiyot uchun nimani anglatadi?

Bloomberg'ning yozishicha, Xitoy iqtisodiyoti bu yil global iqtisodiy o‘sishning uchdan bir qismini ta’minlashi kerak edi, shuning uchun so‘nggi oylarda uning keskin sekinlashuvi butun dunyoni xavotirga soldi. Avvalroq, AQSh prezidenti Jo Bayden Xitoyning iqtisodiy muammolarini “vaqt bombasi” deb atagandi.

Ko‘p mamlakatlar uchun Xitoy eng asosiy savdo sherik hisoblanadi. XVJ tahlillariga ko‘ra, Xitoyning iqtisodiy o‘sishi 1 foiz punktni tashkil etganda, boshqa mamlakatlarda o‘sish taxminan 0,3 foiz punktga oshadi. O‘z navbatida, Oxford Economics iqtisodchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy iqtisodiyotining 1 foizga qisqarishi, u bilan bog‘langan boshqa turdosh iqtisodiyotlarning 0,1-0,2 foizga pasayishiga sabab bo‘ladi.

Misol uchun, Yaponiya iyul oyida, Xitoy avtomobillar va chiplar sotib olishni qisqartirganidan so‘ng, ikki yildan ko‘proq vaqt ichida birinchi marta eksportning pasayayotgani haqida xabar berdi. Janubiy Koreya va Tailand markaziy banklari esa o‘z mamlakatlari uchun iqtisodiy o‘sish prognozlarining yomonlashishiga sabab sifatida XXR iqtisodiyotining zaif tiklanishini qayd etdi.

Bloomberg ekspertlarining qo‘shimcha qilishicha, Xitoy iqtisodiyotining sekinlashuvi fonidagi holat ba’zi ijobiy jihatlarga ham ega.

"Buning hammasi halokat va qorong‘ilik emas. Xitoy iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarining sekinlashishi jahon bozorida neft narxining arzonlashishiga olib keladi. Mamlakatdagi deflyatsiya esa butun dunyo bo‘ylab jo‘natiladigan tovarlar narxining pasayishini anglatadi”.

Hozirgi holatdan yuqori inflatsiya bilan kurashayotgan davlatlar bundan eng ko‘p foyda ko‘radi.

"So‘nggi 10 oy ichida Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxlari pasayib ketdi. Bu yuqori inflatsiya bilan kurashayotgan dunyo uchun yoqimli yangilikdir. Ammo Xitoydagi iqtisodiy tanazzulning cho‘zilishi jahon iqtisodiyotiga yordam berishdan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishi mumkin", deydi agentlik tahlilchilari.

Shuningdek, Hindiston kabi ba’zi rivojlanayotgan bozorlar ham Xitoyni tark etishi mumkin bo‘lgan xorijiy sarmoyani jalb qilish nuqtai nazaridan ma’lum imkoniyatlarni ko‘zlamoqda.

Aytish mumkinki, AQSh uchun yangi Xitoy iqtisodiy tahdiddan siyosiy va harbiy tahdidga aylanmoqda. Osiyodagi qo‘shnilar uchun esa G‘arb biznesi va kapitalini jalb qilish imkoniyati ochiladi. Rossiya uchun Xitoyning iqtisodiy pasayishi uning asosiy mahsuloti – energiya eksportidan tushadigan daromadning kamayishini anglatadi.

“Yillik 3-4 foiz o‘sishga rozi bo‘lish yoki iqtisod va siyosatni liberallashtirish kerak”

Xitoydagi ushbu pasayish qanchalik jiddiy? Ushbu holat vaqtinchalik (mavsumiy) xarakterdami yoki Xitoyning rivojlanish modeli yakuniga yetib keldimi? Xitoydagi iqtisodiy pasayishning global iqtisodiyot va boshqa davlatlarga ta’siri qanday bo‘ladi? Telegramʼdagi MacroBC kanali shu haqda yozdi.

“Avvalo shuni tushunish kerakki, rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlardagi iqtisodiy inqirozlar o‘rtasida biroz farq bor. Masalan, AQSh yoki Germaniya iqtisodiyoti retsessiyada bo‘lishi uchun YaIM o‘sishi manfiy bo‘lishi kerak. Ammo Xitoyga o‘xshagan tez o‘sayotgan davlatlarda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi ham retsessiya deb qaraladi.

Bugun Xitoy iqtisodi yil boshidagi optimistik kutilmalardan farqli ravishda mana shunday holatni boshdan kechirmoqda. I yarim yillikda Xitoy YaIM kutilganidan pastroq o‘sdi. Iyulda sanoat ishlab chiqarish, chakana savdoda o‘sishi ham rejadan pastroq bo‘ldi. Ko‘chmas mulk bozorida turbulentlik anchadan beri saqlanib turibdi. Eksport kamaymoqda. Yoshlar orasida ishsizlik eng yuqori darajaga yetgan.

Bundan tashqari iqtisodiyotda deflyatsiya – umumiy narxlarning tushishi boshlangan. Bir qarashda pozitiv holatdek tuyulsa-da, makroiqtisodiy tomondan bu yaxshi signal emas. Deflyatsiya ishlab chiqaruvchilarni investitsiya kiritishdan to‘xtatishi, iste’molchilar xarajatlarini keyingi davrlarga surishiga turtki beradi. Bu esa spiral effekti singari iqtisodiyotda deflyatsiya bosimini yanada kuchaytiradi.

Ustiga ustak iqtisodiyotda qarz yuki juda baland (YaIMga nisbatan 300 foiz) – deflyatsiya korxonalarning qarz yukini yanada oshirib, investitsiya va boshqa xarajatlarini kamaytirishi mumkin.

Stagnatsiya faqat Xitoy bilan cheklanmasligi, boshqa rivojlanayotgan davlatlarga sizib chiqish ehtimoli yuqori. Asosiy bahs ta’sirning ko‘lamida. Ayrim iqtisodchilar ushbu ta’sir Xitoyning dunyo bozoridagi asosiy roli iste’molchi emas, ishlab chiqaruvchiligi sabab global iqtisod uchun katta bo‘lmasligini, pasayishdan asosan Xitoyga xomashyo tovarlar yetkazib beruvchi davlatlar jabr chekishini prognoz qilmoqda.

Yana bir muhim jihat: Xitoyda real o‘sish va narxlarning pasayishi o‘tgan asrning 80 yillarida Yaponiya holatini esga solishi mumkin. Faqat farqli tomoni Xitoyda stagnatsiya biroz erta boshlanmoqda. Yaponiyada o‘sish sekinlashib, deflyatsiya boshlanganda yaponiyalikning o‘rtacha daromadi AQShlikning 80 foizigacha yetgan bo‘lsa, bugun Xitoylikning o‘rtacha daromadi AQShlikning 20 foiziga ham yetmaydi.

Umuman olganda, kuzatilayotgan pasayish Xitoyning so‘nggi yillardagi yuqori investitsiyalar (YaIMga nisbatan 40 foizdan baland), qarz va unumdorligi past bo‘lgan ko‘chmas mulk sektoriga asoslangan modelini o‘zgartirishga majbur qiladimi yoki yo‘qmi degan savolni ham o‘rtaga chiqarmoqda.

Nima bo‘lgan taqdirda ham iqtisodchilar fikrlaridagi konsensus shuki, Xitoy endi sekinroq – yillik 6-7 foiz emas, 3-4 foizlik o‘sishga rozi bo‘lishi kerak. Rejali iqtisodning potensiali shu. Yoki iqtisod va siyosatni liberallashtirish kerak. Bunga esa Xitoy hukumati rozi emas”, deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi.

Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlik

Xitoyning muammolari boshqa davlatlar, xususan, O‘zbekiston uchun ham oqibatlar yaratishi mumkin. O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalarida Xitoyga bog‘liqligi ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 6,9 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 19,5 foizini tashkil qiladi.

Xitoydagi iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi xomashyoga bo‘lgan talabning pasayishiga olib keladi. Bu esa O‘zbekiston eksportining o‘sishiga qisman ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘z navbatida, Xitoydagi deflyatsiya import qilinadigan mahsulotlar narxining arzonlashishi ta’sir ko‘rsatadi.

Shuningdek, 2023 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 139,1 trln so‘mni tashkil etgan. Bunda eng yuqori ulushga ega bo‘lgan investor – mamlakatlar orasida Xitoy birinchi o‘rinni egallab turibdi – 20,5 foiz.

Doston Ahrorov

Top