O‘zbekiston | 11:12 / 21.09.2023
9658
7 daqiqa o‘qiladi

“Senzura va mafkura tiqishtiraverish oqibati” - ijodkorlar o‘zbek kinosidagi saviyasizlik va uni qanday qutqarish mumkinligi haqida 

Oxirgi vaqtlarda o‘zbek kinolari mavzusi turli katta-kichik davralarda eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda ishlanayotgan o‘zbek seriallarining saviyasi, uning asosan, maishiy muammolar atrofida o‘ralashib qolgani va ba’zi hollarda faxsh targ‘ibotiga xizmat qilayotgani ko‘pchilikning noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Bir muddat avval Kun.uz muxbiri ushbu holat uni qanchalik bezovta qilayotganini so‘rab Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga mikrofon tutgan edi. Vazir o‘z o‘rnida shu kabi muhokamalardan kelib chiqib, endi seriallar uchun ham badiiy kengashlarni qaytarish kerakligini aytgandi.

Xo‘sh, chuqurroq tahlil qilinsa, badiiy kengashlar film va seriallar saviyasini oshirishda qanchalik samara beradi? O‘zi kinodagi bu saviyasizlik nimadan, qachondan boshlandi va uni bu “botqoq”dan qanday chiqarish mumkin?

Kun.uz muxbiri mavzu borasidagi o‘rganishini davom ettirib, kinoshunos – Shohida Eshonboboyeva, san’atshunos-jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva va rejissyor Sarvar Karimovni intervyu stoli atrofida to‘pladi.

— Katta bir mavzuga kiryapmiz va shuning uchun keling, avvalo bir masalaga oydinlik kiritib, aniqlashtirib olsak. Insoniyat tarixida kino paydo bo‘larkan, uning o‘rni qanday edi-yu, bugun dunyo jamiyatlari, tomoshabinlar oldidagi o‘rni, missiyasi qanday?

Kino, seriallarga shunchaki vaqt o‘tkazish vositasi deb qarash kerakmi yo uning insonlar uchun boshqa xizmatlari ham bormi? Ya’ni kino bizga nega kerak o‘zi?

Shohida Eshonboboyeva:

— 1895 yilda aka-uka Lyumerlar tomonidan dunyoga taqdim etilgan, asli poydevorini Edison qo‘ygan. Asosan mablag‘ olib keluvchi tasviriy vosita deb qaralgan, lekin yillar o‘tib kino san’at sifatida katta ta’sir doirasini kengaytirdi. 40 yillargacha kino san’atmi yo sanoat, degan tortishuvlar bo‘lgan bo‘lsa, 40 yillardan keyin uning san’at ekani e’tirof etildi.

Ammo sobiq ittifoqda va uning tarkibidagi respublikalarda kino sohasida sotsialistik realizm degan yo‘nalish paydo bo‘lgan. Kinoga davlatning aralashuvi o‘sha davrdan shakllanib qolgan. Davlat pul ham ajratadi va nazorat qilish, mafkurasini targ‘ib qilishga haqqi ham bo‘ladi. San’at darajasidagi kinolar o‘tgan asrda ko‘rilmaganiga sabab mafkura ustunltgi bo‘lgan bo‘lsa, ayni paytda esa ma’lum bir cheklovlar, rejissyorlarga to‘siqlar borligi sabab bo‘lyapti.

— Film va seriallarning qimmati, kuchini mavzu, falsafa, mazmun va tasvirga olish mahoratida, deb olsak, bugun dunyo kinolarida mazmun, falsafa va balki tasvirga olish qayoqqa qarab boryapti?

Ba’zi olimlar dunyo kinosida mavzu tanqisligi jarayoni kechyapti, deyishadi. Dunyo kino ijodkorlari bugun ana shu mavzusizlik muammosi bilan qanday kurashmoqda? Ya’ni dunyoda kinoning ahvolini tasavvur qilib olish uchun beryapman bu savolni.

Sarvar Karimov:

— G‘oyalar krizisi bo‘lyapti, degan fikr bor, bu asosan Hollivud kinolariga nisbatan ishlatiladi. Bir necha yuz million dollarlik katta premeralar oldingi kinolarning davomi bo‘lyapti, yangi kinolar kam. Marvel, DC kabilar ham komikslarga, asarlarga asoslanib chiqaryapti. Lekin bu g‘oyalar krizisini butun dunyoga nisbatan ishlatolmaymiz. Masalan, Yevropa kinosida bunday muammo yo‘q. Koreya, Yaponiya, Eron kinolari ham juda o‘sgan hozir.

O‘zi kinodagi o‘zgarishlar davlatdagi, jamiyatdagi o‘zgarishlar aksi bo‘ladi. Butun dunyoni Koreya kinosi egallayapti, chunki Koreya mahsulotlari shunday yoyildi. Kimdir kinoga pul ishlash vositasi sifatida qaraydi, kimdir san’at asari sifatida — bu muammo hali ham bor. Hozirgi paytda kino uchun juda qulay payt, chunki tomoshabinga yetib borish oson. Internet orqali xohlagan davrning, xohlagan janrdagi kinoni topish mumkin.

Iqbol Qo‘shshayeva:

 — Jarayon ketyapti hamma joyda. O‘zining ijtimoiy holati, tizimdan kelib chiqib kinolar ishlanyapti. «Openheimer», «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» kabi kinolar dunyo hamjamiyati savollariga nisbatan olindi. Ijodkorda ziyraklik bo‘lsa, dunyodagi muammolarni ko‘ra oladi, bir necha yil oldinni ham. Deylik, «Openheimer» ham atom bombasi mojarolari fonida olindi. Hindistonda Britaniya mustamlakasiga oid kinolar ishlanyapti. Xitoyda esa Qadimgi Xitoy davlatchiligi bilan bog‘liq filmlar olinyapti. Turkiyada tarixiy filmlar kuchayib ketdi. Qozog‘iston To‘maris, Amir Temurga murojaat qildi, Bobur haqida ham kino olishadi, degan gaplar bor, bu bilan Markaziy Osiyoda liderligini ko‘rsatmoqchi. Barchasining tagida mafkura yotadi. Dunyo kinosida g‘oya tanqis emas, jarayon davom etyapti.

Shohida Eshonboboyeva:

— O‘tgan asrning 90-yillaridan hozirga qadar butun dunyo kinosida yangi qahramonlar yaralyapti. Lekin asosiy formula folklor bo‘lib qolyapti. Tomoshabinga lider qahramon kerak baribir. Kinoijodkorlar dunyo folkloridan qahramon topyapti va zamonaviy qahramon yaratilyapti. Turkiya, Koreya, Yaponiya, Eron kabi davlatlardagi kinoijodkorlar mana shu narsani to‘g‘ri anglab, kino folklorini yaratishyapti. Va bu narsa kelajakka ham xizmat qilishini isbotlashdi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov,
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid