Jamiyat | 15:38 / 02.10.2023
20948
5 daqiqa o‘qiladi

“Davlat kino sohasida bugungi shovqin-suronni emas, ertangi shon-sharafini o‘ylab ish qilsin» – kinoshunos 

Kinoshunos Shohida Eshonboboyeva, san’atshunos-jurnalist Iqbol Qo‘shshayeva va rejissyor Sarvar Karimov Kun.uz’ga bergan intervyusida bugungi o‘zbek kinosi, undagi saviyasizlik va bu saviyasizlikdan chiqish yo‘llari haqida fikrlarini bildirdi.

Sarvar Karimov o‘zbek kinolari, ular joylanadigan va muhokama qilinadigan yagona platforma yo‘qligi haqida

— Biz kinochilarga bir platforma kerak. Dunyoda imdb.com sayti bor. O‘sha yerda har qanday kino haqida ma’lumot topish mumkin, rejissyordan tortib eng kichik ijodkorgacha. U yerda olingan filmlarga haqqoniy reytinglar beriladi. Rossiyada ham kinopoisk.ru sayti bor. Biz chiqib olib «kino-kino» deymiz-ku, lekin bitta saytimiz ham yo‘q shunday. Men deylik, «Osiyo ustida bo‘ron» degan kinoni ko‘rmoqchiman, xo‘sh, uni qayerdan ko‘raman? Qachongacha YouTube'da kino ko‘ramiz, sharmandalik emasmi bu? 5 yildan beri milliy Neftlix ochamiz deyishadi, lekin qani u? Biz 21-asrda yashayapmiz. Hu o‘zbek kinosi boshlanganda olingan kinolardan tortib hozirgacha bo‘lgan kinolar bitta platformada yig‘ilishi kerak. Unga pul to‘lamasligimiz ham kerak, chunki u kinolarga biz yoki ota-bobolarimiz pul to‘lab qo‘yishgan, davlat budjetidan sarflangan pul.

O‘sha «Osiyo ustida bo‘ron» filmining rassomi kim bo‘lgan, deb izlasak, qayerdan topamiz? Ma’lumot yo‘q. Qiyinmi shu eski tasmadagi kinolarni bir platformaga olib, ma’lumot kiritib qo‘yish. Deylik, «Shamollarda qolgan hislarim» kinosi haqida ma’lumot izlasam, hammasini topaman. Bo‘lar-bo‘lmas kinoga milliardlab pul sarflamay, shu bor kinolarimizni saqlab qolish, platformaga kiritishni o‘ylashsa bo‘lmasmidi? Butun boshli 36 mln xalqi bor davlatda kino san’atiga bag‘ishlangan jurnal yo‘q — sharmandalik. Yuzta, mingta chiqsa ham, jurnal bo‘lishi kerak, axir hujjat u, arxivga qoladi, hech bo‘lmasa.

Chet elda bir kinoni har xil yosh va har xil sohadagi odamlarga ko‘rsatib, ulardan yozma ravishda taassurotlarini olishadi. Shunga ko‘ra o‘zgartirishlar kiritishadi. Ya’ni tomoshabinlar bilan ham hisoblashishadi. Bozorga chiqishidan oldin o‘zini oqlashini bilib olishadi.

Shohida Eshonboboyeva olinayotgan filmlarga majburan tiqishtiriladigan davlat mafkurasi haqida 

— Tarixiy bo‘lsin yo boshqa janrdagi kino bo‘lsin, tayyor bo‘lgach, g‘oyadan tashqari bo‘lgan, kimgadir yoqish uchun qo‘shimcha, bo‘rtib turadigan sahnalar, qo‘shimchalar kiritishmasin. Yaqinda premerasi bo‘lgan Abdulla Oripov haqidagi filmda ham shunday bo‘lgan. Tomoshabinlar juda yaxshi biladi bunday bo‘rtiq kadrlarni. Kechagi o‘tmishda shunday edi, shu narsadan qochish kerak endi. Bu narsa allaqachon o‘zining noto‘g‘ri ekanini isbotladi.

Iqbol Qo‘shshayeva kino, davlat mafkurasi va kelajak haqida

— Kino bu — mafkura, degan gap bor. Bu bilan hamma kino mafkura bo‘lsin, demoqchimasman. Adabiyot atomdan kuchli, uning kuchini o‘tin yorishga sarflamaslik kerak, degan Qahhor. Davlat ham o‘z mafkurasi uchun pul tikyaptimi, o‘sha mafkura tushunchasiga qadriyat sifatida qarasin va o‘tin yorishga sarflamasin uning kuchini. Ko‘proq o‘zimizning mifologiyaga tayanaylik, ilm-fanga tayanaylik. Kino degan katta mafkurani o‘zga davlatlarga topshirib qo‘ymaylik. Ko‘p qahramonlarni topshirib bo‘ldik.

Keyin, biz bugun kino sohasida qanaqadir mayda tadbirlar, o‘tkinchi mushakbozlik bilan ovoramiz. Unday bo‘lmasligi kerak, yuz yillar keyinimizni o‘ylab ish qilaylik. Kinoni bugungi shovqin-suron uchun ishlatmaslik kerak davlat, ertangi sharafi uchun ishlatsin kinoni.

·       To‘liq intervyuni ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid